Jamiyat | 16:31 / 24.04.2018
61500
12 daqiqa o‘qiladi

Bekobodda 126 fermerning yeri olib qo‘yildi: bunga sabab nima?

Toshkent viloyatida iqtisodiy-ijtimoiy hayotida Bekobod tumanining o‘z o‘rni bor. Qolaversa, tumanda 900dan ortiq fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyat yuritib, imkonqadar mamlakat rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda. Ammo, so‘nggi vaqtlarda tumandagi fermerlardan KUN.UZ saytiga murojaatlar ko‘paydi. Ularning aksariyati o‘zlariga berilgan yer maydonlarining asossiz olib qo‘yilishidan nolishmoqda. Biz shunday murojaatlardan bir nechtasini o‘rganish maqsadida Bekobod tumaniga bordik va dastavval fermerlar bilan uchrashdik. 

“Zahiriddin Muhammad” f/x ish boshqaruvchisi Shavkat Qulmurodovning so‘zlariga ko‘ra, u 2015 yil noyabr oyidan boshlab mazkur fermer xo‘jaligini boshqarib keladi. 
Uning aytishicha, 2016 yilgi reja 80 foizga bajarilgan bo‘lsa, 2017 yilga kelib davlat tashkilotlaridan qarzdorligi yo‘q. Shunga qaramay, hokim fermer xo‘jaligi muhrini olganidan so‘ng, yerni qaytarish bo‘yicha arizaga muhr bosilib, yer tuman zahirasiga qaytarib olingan. Shavkat akaning ta'kidlashicha, yerning bir qismini tuman zaxirasiga o‘z xohishi bilan topshirgan. Biroq tuman hokimligi yerni butunlay zaxiraga olib, boshqa hududdan kelgan da'vogarga topshirgan. Bundan tashqari, tender ham adolatsiz o‘tkazilgan, deb da'vo qildi sobiq fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi.

Biz “Xayrulla bog‘i” fermer xo‘jaligi boshqaruvchisi Abdunazar bobo Abdunabiyevni nima tashvishga solayotganiga qiziqamiz. 

“Tumanning avvalgi hokimi meni chaqirib, fermerlik qanday qilinishini bir ko‘rsatib bering, dedi. Men “xo‘p”deb o‘sha yili 30 sentner reja topshirdim. 480 telejka ajriq chiqardim. O‘shanda odamlar kuldi: sen nima qilyapsan, deb. Mehnatimga ichim achiydi. 80 yoshga kirganda, endi yolg‘on so‘zlaymanmi? Bu yerni nega yashirincha tenderga beradi? Chaqirmaydimi? Bizga hujjatlarimizning birortasini ko‘rsatmaydi. 

Hozir ham 5 gektar bug‘doyimiz bor. Dori bermaydi, borsak, hujjatingni olib kel, deydi. Hisobimda pulim bor-ku. Jami 70 gektar yerim bor edi. Yarmini olib qo‘ydi, o‘zlari qo‘shib bergan yerni ajriqdan tozalaganimda. “Bog‘ingni ham olib qo‘yaman kerak bo‘lsa, xohlagan joyingga bor”, - deydi. Mana hokimning o‘rinbosari ham biladi. Butun xalqning o‘rtasiga olib kir, “bu muttaham ishlamagan”, desa, shunday qo‘limni ko‘tarib, chiqib ketaman dedim. Axir ishlamagan bo‘lsak, bu yerga kelib yurmasdim. Odamga insof ham kerak. Umuman, reja topshirmaganlarga yerni olib berishdi. Ular umuman ishlamaydi-ku”, - deydi 80 yoshni qarshilagan Abdunazar bobo. 

Shundan so‘ng, biz navbatdagi murojaatchi, “Obid Fayz Agro” f/x ish boshqaruvchisi Umid Fayziyevga yuzlandik. 

“Ukam 2017 yil aprel oyida umumiy maydoni 40,65 ga, suvli maydoni 29 ga bo‘lgan hududni oldi. 1 iyunda paxta shartnoma qildik. Hammaning xabari bor, Bekobod tumanida hokim almashaverib, qaror vaqtida chiqmadi. 6 oydan keyin chiqdi. Shunga qaramay, chigitni ekib, boricha paxtani topshirdik. Ammo bizga qarshiliklar bo‘lyapti. Masalan, kuz mavsumida bug‘doy ekish uchun urug‘likni berishni paysalga solishdi”, - deydi Umid Fayziyev. 

Shundan so‘ng, 2017 yil fevralida tashkil etilgan “Abdumajid Xoliqulov” f/x ish boshqaruvchisi Faxriddin Latipovni suhbatga tortamiz.

“Men jiyanimning nomiga ochilgan fermer xo‘jaligining ish boshqaruvchisiman. Jami yer maydoni 41 gektar bo‘lsa, shundan 39 gektari ekin maydoni. Shundan yana 2,5 gektarni hozirgi vaqtda hudud rahbari bo‘lgan Tohir Mirzayev o‘zboshimchalik bilan egallab, o‘rab olgan. Lekin hujjat bo‘yicha u yer meni fermerligim balansida edi. 3 yildan buyon shunday. Bu yer uchun ham men soliq to‘layman. 

Men bir necha marta mening konturimdan chiqarib tashlanglar deb, hokimlikka ariza yozdim. Ammo hech qanday chora ko‘rishmadi. Mojaro shundan boshlandi. Tohir Mirzayev hudud rahbari bo‘lganidan so‘ng, menga bosim o‘tkazishni boshladi, ishlamayapsan, deb. Men o‘zimga qarashli yerda 45 telejka ajriq chiqarib tashlagandim. Yaqinda kimdir o‘sha uyumlarni yoqib yuboribdi. Endi mehnatimning samarasini ko‘ra boshlayman, deb turganimda fermer xo‘jaligimni noqonuniy qaytarib olishdi.

Chunki “Bahoriston-Yoshlik 2”ning Nurbek degan uchastka noziri kechki soat 7 larda kelib, sizni hokim chaqiryapti, dedi. Hokimiyatga kelgandan keyin, arizani yoz deyishdi. Men rahbar emasman, u hozir Toshkentda, talaba, desam ham yoz, deyishdi. Arizani yozdim, lekin muhr bosmadim. Shundan so‘ng, tuman IIBga oborishdi. Boshliq menga muhr bosishni, aks holda pasportim yonimda bo‘lmagani uchun “daydi” sifatida sud qilishlarini aytdi. Shundan so‘ng, huquqim yo‘q bo‘lsa ham, muhr bosdim. 

Mana 2018 yil 3 martda mening fermer xo‘jaligimga tegishli yer hozirgi hudud rahbarimiz Tohir Mirzayevning xotini O‘tasheva Zamiraga berish to‘g‘risida hokim qarori chiqibdi”, - deydi Faxriddin Latipov.

Biz murojaatchilar bilan suhbatlashgach, fermerlarning olib qo‘yilgan yerlarini borib ko‘rishga qaror qildik. Shundan so‘ng, tuman hokimi Otabek Isroilov bilan suhbatlashdik. Uning bildirishicha, bugungi kunda 126 fermerning yeri agrotexnik talablarni bajarmagani, muttasil ravishda paxta va g‘alla topshirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani tufayli olib qo‘yilgan va yangi fermerlarga topshirish ustida ish olib borilmoqda. Hokimning aytishicha, “shu vaqtgacha ishlab, natija ko‘rsatmagan fermer haq bo‘lishi noto‘g‘ri. OAVda yoritilishda xolislik zarur”. 

Biz hokim bilan uchrashgach, yeri olib qo‘yilgan fermerlarning o‘z oldilariga qo‘yilgan majburiyatlarini qanchalik bajargani bo‘yicha hujjatlar bilan tanishish maqsadida Bekobod tuman hokimining birinchi o‘rinbosari va tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Ulug‘bek Xudoyberdiyev bilan uchrashib, ulardan fermerlarning shikoyatlari bo‘yicha izoh so‘radik. 

Ular bizga murojaatchi fermerlarning 3 yil davomida g‘alla va paxta rejalari qanchalik bajarilganiga doir hujjatlarni taqdim etishdi. Xolislik uchun aytish kerak, “Xayrulla bog‘i” fermer xo‘jaligidan boshqa hech biri rejani bajarmagan. 

To‘g‘ri, ular orasida bir necha oygina fermer bo‘lganlari ham bor. Hokimning birinchi o‘rinbosariga ko‘ra, ayni vaqtda yangi fermer bo‘lganlar o‘tga qarshi kimyoviy dorilarni sepmoqda, murojaatchilar esa, o‘tgan yili shu kabi agrotexnik ishlarni ham amalga oshirmagan, vazifalariga e'tiborsizlik bilan yondashgan. Yerni olib qo‘yish qaroriga ilova qilingan va bizga taqdim qilingan xulosalarda g‘alla siyrak o‘sgani, sug‘orilmagani, mineral o‘g‘it solinmagan, g‘alla agrotexnik qoidalarga rioya etilmasdan ekilgani, ariq va zovurlar tozalanmagani, handaqlar qazilmagani kabi kamchiliklar sanab o‘tilgan. 

Xullas, fermerlar hokimlikni yerlarni nohaq olib qo‘yganlikda ayblayotgan bo‘lsa, hokimlik barchasi qonun doirasida amalga oshirilgani, bundan keyin ham o‘z majburiyatlariga mas'uliyatsizlik bilan yondashuvchi har qanday fermerdan ekin dalalari olib qo‘yilishi va ishlayman, degan da'vogarlarga berilishini ta'kidlamoqda. 

Bizningcha, dehqonlarimiz va fermerlarimiz eskicha ishlash usulidan voz kechib, chin ma'noda daromad ko‘rish, zamon talablari asosida dehqonchilik madaniyatini rivojlantirishga urinishlari zarur. Bundan tashqari, davlat rahbariyati tomonidan o‘z mehnati samarasini ko‘rish uchun keng imkoniyat berilayotgan bir vaqtda, bundan foydalanib qolish kerak.

Ekin dalalarini fermerlarga taqdim etish bo‘yicha tender komissiyalari esa, o‘z harakatlarini qonun doirasida olib borishlari, shaffoflik va oshkoralikni ta'minlash maqsadida OAV yordamidan kengroq foydalanishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Aks holda, shaxsiy vajlar sababli yer olib qo‘yildi, deganga o‘xshash so‘zlar ko‘payadi. Shu bilan birga, qayd etishim kerak, fermerlar masalasida Bekobod tumanidan murojaatlar juda ko‘plab tushmoqda.

Xususan, ushbu maqola yozilishi jarayonida ayni tuman fuqarosi Munojot Burxonova qo‘ng‘iroq qildi. Uning aytishicha, u biz bilan shu yilning 6 aprelida Bekobod tuman hokimligiga borganimizda uchrashgan. Munojotning aytishicha, o‘sha kuni u biz bilan suhbatlashmoqchi bo‘lganida, hokimlikning Nasiba Hakimova degan xodimasi, uchrashmaslikni, muammoni ertasi kuni hal qilib berishlariga va'da bergan.

Haqiqatdan ham Munojot ukasi Qobiljon G‘ayumov nomiga tumanning 86-konturidan tuman zaxirasidagi yerdan 0,35 ga yer maydoni ajratilgan tuman hokimi Otabek Isroilov imzosi qo‘yilgan qarorni 7 aprel kuni olgan. 1991 yilda tug‘ilgan va 2 farzandning onasi Munojotning qayd etishicha, yer issiqxona uchun olingan, ayni vaqtda unga ro‘zg‘orbop ekinlar ekilgan. Shu yilning kuzidan issiqxona qurish bo‘yicha ishlarni boshlaydi. “Biroq hokim qarori chiqqanidan so‘ng, mashmashalar boshlanmoqda”, deydi Munojot telefon orqali suhbatda.  

Gap shundaki, hokim qarorini 17 aprelda tuman kadastr bo‘limiga olib borgan va Dilmurod ismli xodimiga qoldirib kelgan. Dilmurod Bekobod shahar hokimligida ham ishlovchi Umid ismli mulozim kelsa, hujjatlarni o‘rganib chiqishini bildirgan. 23 aprelda Umid bilan telefonlashib, tuman kadastr bo‘limiga borsa, Toshkentdan kelib yerni o‘lchab berishlarini, ungacha hokim qarorini ro‘yxatdan o‘tkaza olmasligini, yerning unga berilganini qayd eta olmasligini ta'kidlagan.

Munojotning uqtirishicha, shu yerni ajratish uchun tegishli tashkilotlar xulosasini olishga 2 oy vaqt yo‘qotgan bo‘lsa, hokim qarori chiqishi uchun yana 3 oy talab qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman mutasaddilari hokim oldida boshqacha gapirishadi, biroq amalga kelganda barchasini paysalga solishadi.

To‘g‘risini aytganda, bizga murojaat qiluvchilarning aksari bu kabi holatlardan nolishadi. Viloyat hokimi qarori yoki ko‘rsatmasini bajarishda tuman hokimliklarida paysalga solishlar yoxud shunchaki uni bajarmaslik choralari ko‘riladi. Tuman hokimliklari qarori ijrosi borasida tuman hokimligi mutasaddilari o‘z bilganlaridan qolishmaydi. Aytish kerak, bu kabi salbiy holatlar faqat Bekobod tumaniga tegishli emas. Shu munosabat bilan KUN.UZ sayti Munojot Burhonovaning issiqxonasi uchun yer ajratish masalasi borasida izoh kutib qoladi.

Mavzuga oid