«Qayg‘u cheksa, yigit kishi chol bo‘lar». Maxtumqulining g‘amgin taqdiri
Bizda Alisher Navoiy, qozoqlarda Abay, tojiklarda Abdurahmon Jomiy qanchalik ulug‘lansa, turkmanlarda Maxtumqulining shunchalik hurmati baland. Aslida adabiyot millat tanlamaydi, bu buyuk ijodkorlarning bari bugun umuminsoniyatning faxriga aylangan. Ularning she'rlarini dunyo hamjamiyati o‘zinikiday qabul qiladi. Jumladan, biz ham. Ayniqsa, Maxtumqulining «Namasan?», «Ayrildim», «Oshiq bo‘lmisham», «Ustodingdan ayrilma», «Ko‘ring» singari she'rlari Komiljon Otaniyozov, Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov kabi ardoqli san'atkorlarimiz tomonidan maromiga yetkazib ijro etilgani tufayli xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.
Har yigitning aslin bilay desangiz,
Marakada o‘tur-turishin ko‘ring.
Birov bilan oshno bo‘lay desangiz,
Avval iqrorinda turishin ko‘ring.
Maxtumquli hayoti haqida ikki og‘iz ma'lumot.
Mutafakkir shoir 1733 yilda Turkmanistonga qarashli Hoji-govshan qishlog‘ida dunyoga kelgan. U oilada uchinchi o‘g‘il bo‘lib, bo‘sh vaqtlarida poda boqib, otasiga ko‘maklashgan Maxtumkuli 9 yoshidan she'r yozishni mashq qila boshlaydi. Keyinchalik u Buxoroning Ko‘kaldosh, Xivaning Sherg‘oziy madrasalarida tahsil olgan.
Turkman xalqi tarixining eng notinch va og‘ir davrida yashab o‘tgan Maxtumquli oilaviy hayotda halovat topmagan. O‘sha davrda Chovdurxon boshchiligida Afg‘onistonga vakil qilib jo‘natilgan akalari Abdulla va Muhammadsafo shafqatsizlarcha o‘ldiriladi. Katta xonadonning ro‘zg‘or yuki Maxtumquli yelkasiga tushadi. U mudarrislik qilish, ota-bobosidan meros yonachilik kasbini davom ettirish bilan birga, temirchilik va zargarlik hunarlarini ham egallaydi. «Go‘zal Sherg‘ozi» she'ridan ma'lum bulishicha, u Xivada tahsil olayotgan davrida birin-ketin otasi va onasidan judo bo‘lgan.
Uning muhabbat qissasi ham ertaknamo tugamagan. Maxtumquli Mengli ismli qiz bilan bolalikdan birga o‘sib, ikki yosh bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan. Adabiyotshunos olim A. Hamdamovning yozishicha, shoirning otasi va ikki akasining bevaqt o‘limi oilani moddiy jihatdan og‘ir ahvolga solib qo‘ygan. Maxtumqulining qalin pulini to‘lashga qurbi yetmasligini bilgan Menglining akalari singillarining roziligini ham so‘ramay, uni boshqaga uzatib yuborishgan ekan. Qiz nochor qon yig‘lab, boshqa oilaga kelin bo‘lib tushadi. Buning ustiga, qadimiy urf-odatga ko‘ra, Maxtumqulini katta akasining beva qolgan xotini Oqqizga nikohlab qo‘yadilar. U Oqqizdan ikki o‘g‘il ko‘radi. Ammo bir o‘g‘li 7 yoshida, ikkinchisi 12 yoshida vafot etadi. Avval akalari, ota-onasidan, sevgilisidan, keyin nuridiydalaridan judo bo‘lgan shoir chuqur qayg‘uda qolib, butun umrini badiiy ijodga bag‘ishlaydi. Ba'zi tadqiqotchilarning ta'kidlashlaricha, shoirning o‘ziga Firog‘iy taxallusini tanlashi ayni shu judoliklar bilan bog‘liqdir.
Endi shoir she'riyatiga qaytsak. Uning she'rlarida pand-nasihat ruhi bilan birga, xalq naqllari, maqollaridan foydalanish holatlari ham uchraydi. Qolaversa, hayot haqiqatlari yumor tilida bayon etilgan o‘rinlar ham mavjud. Misol uchun, mana bu satrlarga e'tibor bering:
Yuz nomard joyini bosmas bir mardning,
Chekar tashvishini mard elu yurtning.
Qilgan qilig‘ini ko‘ring nomardning
Jangmi deya qochar tuman uchrasa...
Mard kutar mehmonni ochiq yuz bilan,
Nomard qochib qolar mehmon uchrasa...
Shoir ijodida mard va nomard obrazi yetakchilik qiladi. Uning fikricha, mard odam barcha yaxshi fazilatlar egasi, nomard esa ikkiyuzlamachi, yolg‘onchi, makkor...
Yana bir gap. Maxtumquli ulug‘ bashoratchi timsolida ham namoyon bo‘ladi. U bir she'rida shunday yozgan:
Parvardigor O‘zi – faqirga panoh!
Ul kimdir, bo‘lmagay tilida sano?!
Qaysi yurtda agar ko‘paysa zino,
Yerlari qimirlab, larzona kelgay.
Maxtumquli, tursam so‘zim sochmoqqa,
Anglamaslar shaylanadi qochmoqqa,
Qaysi xalq ko‘niksa sharob ichmoqqa,
Yurtda o‘lat tarqab, vayrona kelgay!.
Xulosa shuki, Maxtumquli nafaqat turkman shoiri, balki umuminsoniyatni ezgu yo‘lga chorlovchi ulug‘ mutafakkirdir. Ba'zan u o‘z kitobxonlariga pand-nasihat qilsa, ba'zan beziyon erkalab qo‘yadi. Mana bu satrlarida shu ruhni sezish mumkin:
Kel, ey do‘stim, chekma qayg‘u-g‘amni sen,
Oqtirmagil ko‘zlaringdan namni sen,
Bu dunyoda g‘animat bil damni sen,
Qayg‘u cheksa, yigit kishi chol bo‘lar.
Zuhal RO‘ZIYeVA
Mavzuga oid
07:21 / 26.04.2024
Maxtumquli ko‘chasida Lacetti va Spark ishtirokida YTH yuz berdi
21:49 / 19.02.2024
Turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli tavalludining 300 yilligi keng nishonlanadi
07:18 / 10.10.2022
Maxtumquli ko‘chasida sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki kishi vafot etdi
13:13 / 21.09.2022