Jamiyat | 19:17 / 28.04.2018
9509
6 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion rivojlanish vaziri “Ilg‘or texnologiyalar markazi” xodimlari bilan nimani muhokama qildi? 

O‘zbekiston Respublikasining prezidentining 2018 yil 19 apreldagi farmoniga asosan “Yuqori texnologiyalar o‘quv-tajriba markazi” davlat korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi va “Ilg‘or texnologiyalar markazi”ga aylantirildi (Center of Advanced Technilogies - C.A.T.).  

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov qayta tashkil etilgan markaz xodimlari bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvning maqsadi tashkilotning yangi roli, shuningdek, markazning tuzilishi va faoliyatini isloh qilish, uning yangi joylashuvini aniqlash, O‘zbekistonda ilm-fan va texnologiyalarni innovatsion rivojlantirishda markaz ishtirokini aniq belgilashga qaratilgan prezident farmonida belgilangan ijobiy o‘zgarishlarni muhokama qilish edi.  

Davlat byudjyetidan moliyalashtirishga o‘tilishi ham muhim o‘zgarishlardan biriga aylandi, bu tom ma'noda markazni jonlantirish yo‘lida xizmat qilishi shubhasiz. 

Muqaddam qabul qilingan qarorlar doirasida ham ilmiy jihatdan, ham infratuzilma nuqtai nazaridan noyob hisoblangan markazni moliyalashtirish yildan-yilga 25% kamayib borayotgan edi, bu esa o‘z navbatida kadrlar salohiyatining yo‘qolishi, binoni va noyob asbob-uskunalarni parvarishlashdagi qiyinchiliklar singari qator muammolarning kelib chiqishga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari markazning salohiyatidan tor doirada foydalanilar, faqat markazga oid bo‘lgan loyihalargina amalga oshirilar edi. 

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

Muassasaning Yuqori texnologiyalar markazi tariqasida faoliyat yuritishi taraqqiyot sari qo‘yilgan ilk qadam ekani ta'kidlandi, ushbu tayyorgarlik bosqichini o‘tab bo‘lingan deb hisoblash mumkin va, endi oldinga – yuqori texnologiyalardan ilg‘or texnologiyalar sari harakatlanish fursati yetdi. Shu bois Markazni ilg‘or texnologiya markaziga aylantirib, Innovatsion rivojlanish vazirligiga topshirish g‘oyasi tug‘ildi. Barcha olib borilayotgan sa'y-harakatlar markazni qo‘llab-quvvatlash va uni mamlakatdagi jarayonlarga integratsiya qilish masalalari bo‘yicha keng istiqbollarni ochib beradi.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

Vazirlikka Ilg‘or texnologiyalar markazining ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali shakllantirilishini ta'minlash, ularning zamonaviy ilm-fan talablari va jahon yutuqlari darajasida bo‘lishiga erishish yuklatildi. Shu bilan birga, amaliy yo‘nalish va mahsuldorlikka asosiy e'tibor berilishi lozim. Markaz ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish va innovatsion ishlanmalarda ilg‘or standartlarni qo‘llashda ilm-fanimiz lokomotivi vazifasini o‘tashi lozim. 

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

«Mamlakatimiz rahbari bizning oldimizga katta vazifalarni qo‘ydi, – dedi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova, – iqtisodiyot sohasida istiqbolli g‘oyalar va innovatsion ishlanmalarni shakllantirishga ko‘mak ko‘rsatish hamda uskunalar va infratuzilmadan birgalikda foydalanish asosida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan. Markazga innovatsion fikrlovchi yoshlarni tarbiyalash jarayonida yangi formatda faol ishtirok etish, yangi avlod vakillarining tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, talabalarga o‘z g‘oya va loyihalarini eng yaxshi laboratoriya sharoitlarida amalga oshirish va ilg‘or ilmiy mahsulotlar yaratishga jalb etish mas'uliyati yuklatilgan. Markazimiz eshiklari ular uchun har doim ochiq ekani, yangi g‘oyalarni amalga oshirishlari, o‘z bilimlarini ko‘paytirishlari uchun ko‘mak ko‘rsatishga har doim tayyor ekanimizni yoshlarga yetkazishimiz juda muhim».

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

«A'lo darajadagi texnik bazaga ega bo‘lgan Markaz Qaror tufayli yanada tez va serunum rivojlanishiga aminman, – ta'kidladi Ilg‘or texnologiyalar markazining kichik ilmiy xodimi Vladimir Tsoy. – Endi sevimli ishimiz - fan bilan shug‘ullanar ekanmiz yutuqlarimizga monand ravishda loyiq haq olishimiz meni va xususan, hamkasblarimni juda quvontirmoqda. Bizni davlat hujjatiga muvofiq o‘z qaramog‘iga olgan Innovatsion rivojlanish vazirligi markaz xodimlarining lavozim maoshlariga ustama haq belgilash huquqiga ega. Asosiysi – tadqiqot natijalarini ko‘rsatish. Bularning bari Markaz xodimlari va bu yerga jalb etiladigan olimlar uchun qo‘shimcha rag‘bat rolini o‘tashi shubhasiz».

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

Innovatsion rivojlanish vaziri Markazning yosh olimlari xorijdagi eng yaxshi oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirish, taklif etilgan chet ellik mutaxassislarning tavsiyalarini olish, tadbirkorlik malakalarini rivojlantirish va hatto o‘zlarining yangi ishlarini ochish imkoniga ega bo‘lishlarini ta'kidladi. Uchrashuvda aytilganidek, barcha bunday masalalarda Innovatsion rivojlanish vazirligi va Ilg‘or texnologiyalar markazi ilm-fan sohasining iqtidorli vakillariga yordam berishga tayyor.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

 
Prezident qarorida belgilangan tuzilmaviy va kontseptual o‘zgarishlar mamlakatimizning ilmiy va ta'lim muassasalariga, «o‘zi yetishgan olimlar»ga Markazning moddiy va nazariy bazasida o‘z g‘oya va texnologiyalarini ishlab chiqish imkonini beradi, kelajakda ular iqtisodiyot va ishlab chiqarishning real sektorlariga joriy etiladi. Bu esa xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik uchun yangi eshiklarni ochish va grant hamda investitsiyalarni jalb etish uchun zamin hozirlaydi.

 

Mavzuga oid