O‘zbekiston | 21:57 / 30.04.2018
8254
4 daqiqa o‘qiladi

Mehmonxonalar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda Turkiya tajribasidan foydalaniladi

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan  biri - mehmonxonalar yetishmovchiligi muammosini bartaraf etishda Turkiya tajribasi qo‘llaniladi. KUN.UZ muxbiri 30 aprel kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va PR-markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda berilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxonalar bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda Turkiya tajribasini qo‘llash uchun qonunchilikka ayrim o‘zgartirishlar kiritish kerak bo‘ladi. Tadbirda turizmni rivojlantirishda Turkiya tajribasini o‘rganish uchun turkiyalik ekspert Sodiq Badak bilan shartnoma tuzilgani, ayni damda u bilan birga Turizmni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqilayotgani, yaqin oylarda u taqdim etilishi aytildi.

Turkiya bosh ombudsmeni Sheref Malkoch bu borada shunday deydi:

Turkiya 40 yildan beri turizmni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonda mehmonxonalarga ehtiyoj borligini ko‘ryapmiz. Mana bugungi kunga kelib O‘zbekistonga chet ellik sarmoyachilar va ishbilarmonlarga bu yo‘nalishda qator imtiyozlar yaratilayotgan ekan, ba'zi huquqiy va tashkiliy jarayonlar hal qilinganidan keyin turkiyalik ishbilarmonlar bu yerda mehmonxonalar qurilishi, turizm infratuzilmasini yaxshilashga bel bog‘laydi, ular bunga shay.

Bundan avval Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Facebook sahifasi orqali uzatilgan intervyusida O‘zbekistonda turistik infratuzilma borasida ma'lum bir kamchiliklarga duch kelinayotgani, yaqin 1,5-3 yilda hal qilish kerak bo‘lgan masala - joylashuv vositalarini keskin ko‘paytirish ekanini ta'kidlagan edi.

Biz turistlar oqimi oshib borayotganini ko‘rib, bu biznesga kirishga harakat qilayotgan xo‘jalik sub'yektlarini ko‘ryapmiz. Ular mehmonxonalar, xostellar, mehmonxona uylarini qurishmoqchi. Bu yo‘nalishda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan qator rag‘batlantiruvchi choralar ishlab chiqilgan. Chet ellik sarmoyachilar bizdan birinchi bo‘lib ular qo‘lga kiritayotgan yer uchastkalari ularga xususiy mulk sifatida rasmiylashtirilishiga doir imtiyozni so‘rashadi. Ayni damda biz hukumatga shu jumladan mehmonxona qurilishi uchun beriladigan yer xususiy bo‘lishini ko‘zda tutuvchi hujjatlar paketini taqdim qilyapmiz. Yana bir imtiyoz esa import jihozlarni (mebellar, qurilish materiallarini) hech qanday cheklovlarsiz olib kirishni ko‘zda tutadi. Xuddi shu hujjat bilan franshizalarni jalb qilayotgan ishbilarmonlarga ham  imtiyozlar yaratmoqchimiz. Shu munosabat bilan franshizalarni jalb qiluvchi xo‘jalik sub'yektlari xarajatlarining bir qismi qandaydir tarzda kompensatsiya qilinishi rejalashtirilgan.

Turkiyada 1980-1990-yillarda mehmonxonalar sonini keskin oshirish yo‘lida amalga oshirilgan choralardan biri - mehmonxona qurilishi va ishga tushgandan keyin xarajatlarning bir qismi kompensatsiya qilinishi. Biz ham shunday sxema - O‘zbekistonda yangi mehmonxonalar qurilishini rag‘batlantirish ustida bosh qotiryapmiz.

Huquqiy maydon haqida gapiradigan bo‘lsak, bugungi kunda bizda Turizm to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi tayyorlangan. Bu qonunda turizm mamlakat iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi uchun  ishbilarmonlar faoliyatiga yanada ko‘proq erkinlik va qo‘shimcha rag‘bat beruvchi yangi normalar, yangi qoidalar ishlab chiqiladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid