Sport | 18:41 / 30.04.2018
8577
6 daqiqa o‘qiladi

«Neftchi» maxsus bayonot berib, Superligadagi muvaffaqiyatsizlikda o‘z muxlislarini aybladi

Foto: Neftchi FK

Farg‘onaning «Neftchi» klubi matbuot xizmati mavsumdagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki sabablarini ko‘rsatib, katta bayonotni e'lon qildi.

Ma'lumki, jamoa 9ta turdan so‘ng, atigi 4 ochko jamg‘argan, biror marta g‘alaba qozonmagan va so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

Muvaffaqiyatsiz ishtirok sabablari sifatida klub yangi mavsum boshlanishiga 31 kun qolganda Superligaga qo‘shilgani, seleksiya ishlarini olib borishga ulgurmagani, chempionat boshlangach, jarohatlar girdobida qolib ketgani ko‘rsatilgan.

Yana bir sabab sifatida Rossiyadan kelgan legionerning mug‘ombirlik qilgani keltirilgan.

Jumladan, bayonotda shunday deyiladi: «Neftchi» qisqa fursatli seleksiyada 5 nafar legionerni ko‘rikdan o‘tkazdi va ulardan ikki nafari Vyacheslav Sushkin va Vitaliy Mirniy murabbiylar shtabiga ma'qul keldi. Hujjatlari bilan bog‘liq muammo tufayli, ukrainalik darvozabon ilk turni o‘tkazib yubordi. Hujumchi Sushkin bilan esa kutilmagan voqealar sodir bo‘lib ketdi. Ya'ni, yig‘inlar va o‘rtoqlik o‘yinlari chog‘ida o‘zini ijobiy taraflama ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan rossiyalik o‘yinchi mavsum boshlanishiga keskin o‘zgardi. 1-turda «Nasaf»ga qarshi uchrashuvda 45 daqiqagina harakatlangan futbolchi, yo‘q joydan jarohatlanganlar qatorini to‘ldirdi. Emishki, o‘yinchi yig‘in chog‘ida jarohat olgan hamda to‘liq sog‘ayib ketishiga vaqt kerak bo‘ladi. Yurtimizdagi tibbiyot xodimlarining tekshiruv natijasiga ko‘ra, Sushkin O‘zbekistonga eski, ya'ni, qaytalanib turadigan jarohati bilan kelgan. Hozircha, rossiyalik o‘yinchi jiddiy davolanish bilan band. Afsuski, uning to‘liq o‘ynab ketishiga ishongan vakillarimiz yig‘indagi boshqa hujumchilarning xizmatlaridan voz kechishdi va ularga javob berib yuborishgandi».

Bayonotning katta qismi «Neftchi» muxlislariga odob-ahloq normalaridan dars berishga bag‘ishlangan.

Unda shunday jumlalar bor:

«Istiqlol» sektorlarida jamoani qo‘llab-quvvatlash o‘rniga futbolchilarni keskin haqorat qilish yo‘liga o‘tishgan. Maydon tekis, to‘p yumaloq. Unda xar qanday o‘yinchi xato qilishi mumkin. So‘nggi paytlarda, «Neftchi»ning uy uchrashuvlarida shunday holatlar kuzatilyaptiki, muxlislar maydon egalarini hattoki 90 daqiqa davomida o‘z so‘z boyligidagi jamiki iboralar dan foydalanib, o‘yinchilarga bosim qilishmoqda. Hozir futbolchilar maydonda nafaqat raqib bilan balki muxlislarning bosimiga qarshi ham kurashishlariga to‘g‘ri kelmoqda».

Keyin esa jamoa o‘z muxlislarini «qo‘shtirnoq ichidagi muxlislar» deb atagan va qattiq tanbeh berish yo‘lini tutgan.

«Shu o‘rinda «Neftchi»ining ba'zi bir qo‘shtirnoq ichidagi muxlislariga murojaat qilmoqchimiz! Siz jamoani shunday og‘ir kunlarida qanday qo‘llab-quvvatlayapsiz? (agar qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsangiz), Jamoaga shunday pallada dalda bo‘lish uchun nimalar qila oldingiz? Omadsizlikning sababi nimada ekanligini hech o‘ylab ko‘rdingizmi?

Lekin raqib futbolchilarini emas, o‘z jamoasi futbolchilarini, murabbiylari va rahbarlarini uchrashuv davomida buralatib so‘kib, barcha yomon so‘zlarni o‘z jamoadoshlariga qarata, butun O‘zbekiston eshitadigan qilib hayqiradigan muxlislarni nima deb atash mumkin?!».

«Neftchi» o‘z muxlislarni izza qilish va ularda aybdorlik hissini uyg‘otishga harakat qilgan yoki osongina qilib, aybni ularga to‘nkashga uringan.

«Axir Siz emasmi o‘sha yanvar oyida 15-o‘rin bilan tarixda birinchi marta Oliy ligani tark etib, Birinchi ligaga ravona bo‘lgan  jamoangizni achinish bilan kuzatishdan boshqa narsa qo‘lidan kelmay turgan? Siz emasmi Birinchi liga tugul, butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin bo‘lgan va tarqatilib yuborilayotgan «Neftchi» jamoasini Pro-ligada bo‘lsa ham ishtirok etishiga rozi bo‘lib turgan? Nahotki, o‘sha kunlarni esingizdan chiqarib yuborgan bo‘lsangiz? Nahotki, jamoangizni shunday omadsiz kunlarida dalda bo‘la olmasangiz?! Shundoq ham bosim ostida qolayotgan o‘z jamoangizga tanqid fikrlar bilan battar bosim qilsangiz?!»

Bayonot balandparvoz ruhdagi va'dalar bilan tugatilgan.

«Balkim bu gaplar kimgadir erish tuyular, lekin bir narsani unutmang!  Jamoaga kelgan yangi rahbarlar o‘z oldiga «Neftchi»ning oldingi mavqeini qaytarishni maqsad qilib kelganlar va bunga erishadilar ham inshoolloh. Lekin buning uchun eng avvalo ishonch, ishtiyoq va vaqt kerak. Oldimizda esa xali vaqt bor. Futbolchilarimizda esa ishtiyoq katta! Buni o‘tgan bir necha uchrashuvlarda ko‘rdik, lekin o‘ziga bo‘lgan ishonch bir oz yetishmayotganligi ham ko‘rinib turibdi. Kamchiliklar ustida ish olib borilmoqda».

«Neftchi» bunday bayonot bilan nimani ko‘zlaganini tushunmadik. Ammo, bir narsa aniq - futbol har doim muxlislar uchun o‘ynaladi. Hech bir klub bu iborani unutishga haqqi yo‘q, hatto «Neftchi» ham.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid