O‘zbekiston turistik brendi targ‘iboti, elektron va tranzit vizalar, sayyohlar sonini oshirish va boshqalar haqida - Aziz Abduhakimov (intervyu)
Turizm rivoji yo‘lidagi to‘siqlar qanday bartaraf etilmoqda, sayyohlar sonini oshirish yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilmoqda, viza rejimini soddalashtirishga doir ishlarning soha rivojiga ta'siri, turistik eksport xizmatlari hajmini oshirish, aviaxabarlashuv infratuzilmasi va boshqalar haqida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Facebook'dagi sahifasi orqali taqdim etilgan intervyuda so‘z yuritdi.
O‘zbekistonda yaqin yillargacha turizmga yetarlicha e'tibor qaratilmagan? Bugungi kunda turizmni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni yengib o‘tish uchun nimalar qilinmoqda?
Uzoq yillar davomida O‘zbekistonda turizmga yetarlicha e'tibor qaratilmagan, bunga turli to‘siqlar va cheklovlardan iborat obektiv sabablar bo‘lgan. 2016 yildan boshlab O‘zbekiston prezidenti tomonidan turizmni mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirishga qaratilgan aniq strategiya ishlab chiqildi va bu boradagi ishlar bir necha bosqichga ajratildi.
Birinchi bosqich keraksiz to‘siqlar va cheklovlarni olib tashlashga qaratilgan. Shu munosabat bilan mavjud to‘siqlarni olib tashlash uchun Prezident qarorlari chiqarildi. Masalan, xorijiy sayyohlarga mamlakatimizdagi tarixiy obektlarni suratga olish taqiqlangandi yoki sayyohlarning SIM-karta olishi bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Yana bir misol - ijaraga avtomobil olish. Xorijlik fuqaro O‘zbekistonda mashina ijaraga olishi uchun dastlab yozma ravishda shartnoma imzolashi, keyin notariusga borib uni tasdiqlatishi va bularning barini DAIda ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak bo‘lgan. Wi-Fi zonalarni kengaytirish - yana bir muammo bo‘lgan.
Bugunga kelib to‘siq va cheklovlarni olib tashlashga doir ishlarning taxminan 90 foizi amalga oshirildi. Oldimizda qolgan ikki asosiy vazifa turibdi: elektron vizaning joriy qilinishi va viza rejimini soddalashtirishda davom etish, shuningdek xorij fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini muvofiqlashtirish. Bu yo‘nalishda yaqin orada hal qilishimiz zarur bo‘lgan katta muammolarimiz bor.
O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar sonini oshirishga doir qanday mexanizmlar joriy qilinmoqda?
Bugunga kelib viza rejimini bekor qilish va soddalashtirish, xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib qilishga doir qabul qilingan qarorlar o‘z samarasini bermoqda va biz mamlakatimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar sonining oshayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu yerda, albatta, ikki omilni qayd etish joiz:
1. Ichki sayyohlar soni keskin oshmoqda;
2. Xorijlik sayyohlar soni oshmoqda.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni o‘tgan yilga nisbatan ikki baravarga oshgan. Endi esa bizning oldimizda infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal qilish vazifasi turibdi - mehmonxonalar, restoranlar, mavzuiy parklar va turizm sanoati bilan bog‘liq barcha obektlar, shuningdek transport logistikasi. Ba'zi ishlarni amalga oshirish respublika qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi. Chet el investitsiyalarini jalb qilish bilan bog‘liq tomonlar bor. Bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda viza rejimini yengillashtirishga doir qanday aniq choralar ko‘rilmoqda?
Bugun biz birinchidan, tranzit vizalarni ishga tushirish ustida ishlayapmiz, ya'ni tranzit yo‘lovchilarga vizasiz uch kun (72 soat) davomida O‘zbekistonda mehmon bo‘lish va tarixiy obidalar hamda milliy oshxonamizdan baxramand bo‘lish imkoni yaratiladi. Ular O‘zbekistonda muayyan vaqtini o‘tkazib, keyin asosiy yo‘nalishida davom etadi. Ayni damda kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib, bu mexanizmni ishga tushiramiz.
Bundan tashqari, elektron vizalarni joriy qilishga doir vazifa turibdi. Uni amalga oshirish muddati - birinchi yarim yillik. 1 iyuldan biz mazkur tizimni ishga tushirishimiz kerak. Bu yo‘nalishdagi ishlarni o‘z muddatida bajarish uchun biz Tashqi ishlar vazirligi va Davlat personalizatsiya markazi bilan birgalikda ishlayapmiz.
Ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini soddalashtirish - yana bir muhim vazifa. Xorijiy sayyohga qulay bo‘lishi yo‘lida tegishli huquq-tartibot organlari bilan ish olib boryapmiz. Prezidentimiz aynan shu haqda gapirgan edilar - sayyoh mehmonga kelib, ro‘yxatdan o‘tish uchun idoralararo yugurib yurishi kerak emas. Bu jarayonni ikki bosqichga ajratishga to‘g‘ri keladi: birinchi bosqichda E-mehmon elektron ro‘yxatdan o‘tish tizimi joriy qilinadi. Agar sayyohlar mehmonxona yoki boshqa joylashuv vositalarida to‘xtashsa, bu vazifani aynan shu mehmonxona xodimlari yoki sayyohlar to‘xtagan xonadon egalari o‘z zimmasiga oladi.
Qator mamlakatlar uchun O‘zbekistonda qolish muddati 30 kungacha uzaytirildi, 39 mamlakat fuqarolari uchun muayyan preferensiyalar belgilandi. Bu sayyohlar oqimini ko‘paytirish, soha rivojiga qanday ta'sir ko‘rsatdi?
Eng avvalo, xorijiy sayyohlarni hisoblash tizimiga aniqlik kiritib o‘tmoqchiman. Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yillarda O‘zbekistonga 2-2,5 million sayyoh tashrif buyurgan, deya hisoblanadi. Xalqaro turizm tashkiloti metodologiyasiga muvofiq, u yoki bu mamlakatga tashrif buyurgan har qanday chet el fuqarosi sayyoh hisoblanadi. Boshqa mamlakatlar, jumladan Qozog‘iston, Gruziya, Rossiya, Qirg‘izistonda ham millionlab turistlar deklaratsiya qilinadi.
Shunga qaramay, bu vaziyatga yanada real qaraydigan bo‘lsak, bu oqimning 70 foizidan ortiqrog‘i - qo‘shni mamlakatlardan kelgan mehmonlar. Tabiiyki, ular mehmonxonada to‘xtashmaydi, bunday tashriflar aksariyat holatlarda 1-2 kunlik bo‘ladi. Bizning tasavvurimizdagi - sayohat qilib, suvenirlar xarid qiladigan turistlar esa - ancha kam. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, o‘tgan yili ularning soni taxminan 200 ming kishini tashkil qilgan. Shu bois biz bu statistikani qayta ko‘rib chiqdik va hozir oldimizga real raqamlar, real vazifalarni qo‘ymoqdamiz.
Joriy yilda O‘zbekistonga uzoq xorijdan keluvchi fuqarolar va sayyoh sifatida kelayotgan rossiyaliklar sonini taxminan 350 mingga yetkazishni maqsad qilganmiz. 2020 yilga borib bu raqamlarni 500 ming nafarga yetkazmoqchimiz. Bu yerda hech qanday nomutanosibliklar yo‘q, barcha mamlakatlar u yerga tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha hisoblaydi. Biroq O‘zbekistonga kelayotgan real sayyohlar sonini hisoblash uchun men mamlakatimizga tashrif buyuruvchilar va sayyohlar sonini hisoblashni taklif qilgan bo‘lardim. Ehtimol, bu Xalqaro turizm tashkiloti metodologiyasiga u qadar to‘g‘ri kelmas, biroq turizmdan tushadigan real daromadlarni hisoblashimiz uchun bizga shunisi qulay. Shunda biz investitsiyalar, infratuzilma rivoji va boshqa masalalar bo‘yicha prognozlar qila olardik.
Bugun aytishimiz mumkinki, turizmni rivojlantirishga doir ko‘rsatkichlarimiz juda yaxshi. Vizalarni bekor qilish natijasida sayyohlarning umumiy soni ikki baravarga oshdi. Uzoq xorijdan tashrif buyuruvchi sayyohlar soni 80 foizga oshdi. Shu o‘rinda esa, biz bugun jamoatchilik transportlari borasida muammolarga duch kelyapmiz, Afrosiyob poyezdlariga chipta topib bo‘lmayapti, tarixiy shaharlarimizda mehmonxonalarda joy band qilishning iloji bo‘lmayapti va O‘zbekistonga xorijdan parvoz qilayotgan samolyotlarda bo‘sh o‘rinlar qolmayapti.
Biz turistik infratuzilmadagi kamchiliklarga duch kelyapmiz. Yaqin 1,5-3 yilda hal qilishimiz kerak bo‘lgan masala - joylashuv vositalarini keskin ko‘paytirish. Biz turistlar oqimi oshib borayotganini ko‘rib, bu biznesga kirishga harakat qilayotgan xo‘jalik sub'yektlarini ko‘ryapmiz. Ular mehmonxonalar, xostellar, mehmonxona uylarini qurishmoqchi. Bu yo‘nalishda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan qator rag‘batlantiruvchi choralar ishlab chiqilgan. Chet ellik sarmoyachilar bizdan birinchi bo‘lib ular qo‘lga kiritayotgan yer uchastkalari ularga xususiy mulk sifatida rasmiylashtirilishiga doir imtiyozni so‘rashadi. Ayni damda biz hukumatga shu jumladan mehmonxona qurilishi uchun beriladigan yer xususiy bo‘lishini ko‘zda tutvchi hujjatlar paketini taqdim qilyapmiz.
Yana bir imtiyoz esa import jihozlarni (mebellar, qurilish materiallarini) hech qanday cheklovlarsiz olib kirishni ko‘zda tutadi. Xuddi shu hujjat bilan franshizalarni jalb qilayotgan ishbilarmonlarga ham imtiyozlar yaratmoqchimiz. Shu munosabat bilan franshizalarni jalb qiluvchi xo‘jalik sub'yektlari xarajatlarining bir qismi qandaydir tarzda kompensatsiya qilinishi rejalashtirilgan.
Turkiyada 1980-1990-yillarda mehmonxonalar sonini keskin oshirish yo‘lida amalga oshirilgan choralardan biri - mehmonxona qurilishi va ishga tushgandan keyin xarajatlarning bir qismi kompensatsiya qilinishi. Biz ham shunday sxema - O‘zbekistonda yangi mehmonxonalar qurilishini rag‘batlantirish ustida bosh qotiryapmiz.
Huquqiy maydon haqida gapiradigan bo‘lsak, bugungi kunda bizda Turizm to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi tayyorlangan. Bu qonunda turizm mamlakat iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi uchun ishbilarmonlar faoliyatiga yanada ko‘proq erkinlik va qo‘shimcha rag‘bat beruvchi yangi normalar, yangi qoidalar ishlab chiqiladi.
Turizm sohasi oldiga yaqin 5 yilda turistik eksport xizmatlari hajmini ikki baravarga oshirish vazifasi qo‘yildi. Buni nimaning evaziga amalga oshirmoqchisizlar?
O‘zimiz uchun aniq tasavvur hosil qilishimiz kerakki, biznes va turbiznes bu nafaqat turoperator va mehmonxonalar, balki butun bir turistik infratuzilma hamdir. Shu munosabat bilan biz sayyohlar odatda nimalarga xarajat qilishini tahlil qilib chiqdik. Sayyohlar O‘zbekistonda pul qoldirishi mumkin bo‘lgan barcha bosqichlar o‘rganib chiqildi.
Biz ijobiy ma'noda turizm monetizatsiyasini amalga oshirishimiz kerak, ya'ni xizmatlar diversifikatsiya qilinishi, hamyonbop bo‘lishi kerak, biroq shu bilan birga daromadlarni yo‘qotishimiz ham kerak emas.
Afsuski, bizda suvenirlar, gidlar xizmatlari, restoran-kafelardagi narxlar yoki kommunikatsiya va IT xizmatlari narxlari juda past. Bu bir tomondan bizning raqobatdagi ustunligimizni ta'minlasa, boshqa tomondan turizm sohasiga keluvchi daromadlar ham ishbilarmonlar, ham hukumatga manfaat keltirishi kerak.
Ayni damda yangi dastur ishlab chiqmoqdamiz, unga ko‘ra, har yili suvenir mahsulotlari tanlovi o‘tkaziladi. Bu Koreya Respublikasi tajribasidan olingan juda yaxshi misol.
Har bir mamlakat sayyohlari o‘ziga xos qiziqishlarga ega. Bunda biz turk hamkasblarimizning har bir mamlakat sayyohiga o‘ziga xos yondashuvni ko‘zda tutuvchi tajribasiga tayanamiz.
Turizm rivoji ko‘p holatlarda aviaxabarlashuv infratuzilmasiga ham bog‘liq. Bu borada qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?
Ha, aksariyat sayyohlar O‘zbekistonga samolyotda keladi. Turizm rivoji O‘zbekiston o‘zining kuchli milliy aviatashuvchisiga ega bo‘lishiga bevosita bog‘liq. Bizda mintaqaviy xabga aylanish va milliy aviakompaniyamiz mintaqadagi eng kuchli aviakompaniyaga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Birinchi navbatda, bizning aeroportlarimiz geografik jihatdan juda qulay joylashgan. Shunday bo‘lsa-da, qator muammolarni hal qilish kerak. Masalan, aviatashuvlarni boshqaruv tizimini qayta yo‘lga qo‘yish talab etiladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Qarshi aeroportida loukosterlarni jalb qilish, ochiq osmon rejimini tatbiq qilishga doir sinov loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bugunga kelib qator aviakompaniyalar ("Uralskiye avialinii", Pegasus, Atlas va b.) ushbu aeroportga parvozlarga qiziqish bildirmoqda. Aviakompaniyamiz bu borada juda intensiv ishlar olib bormoqda. Biz aviakompaniya tuzilmasini optimallashtirish haqida o‘ylaydigan vaqt kelganini yaxshi tushunib turibmiz. Bu islohotlar natijasida O‘zbekiston kuchli mintaqaviy xabga aylanishi kerak, bizning aviakompaniyamiz mintaqadagi eng kuchli aviakompaniya bo‘lishi kerak. Aviatashuvlar xizmatlari narxlari hamyonbop bo‘lishi uchun aeroportlarda raqobatbardoshlik muhiti bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonning xorijdagi turistik brendini rivojlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
So‘nggi yarim yilda O‘zbekistonning turistik yo‘nalish sifatida targ‘ib qilishga doir ishlar hajmi keskin oshirildi. O‘ylashimcha, ijtimoiy tarmoqlar va umuman shu soha rivojini kuzatib boruvchi kishilar O‘zbekistonga kelayotgan chet el ommaviy axborot vositalari sonining bir necha baravarga oshganini sezgan bo‘lishlari kerak.
Avvallari bir chorakda mashhur xorij OAVdan 3-4 tasi kelgan bo‘lsa, hozir oyiga 10-15 matbuot vakillari tashrif buyurishmoqda va O‘zbekiston hamda turizm haqida yozishmoqda.
Ma'lumki, reklama byudjyeti cheklangan. Afsuski, bizda boshqa mamlakatlar kabi bunga millionlab dollar sarflashning imkoni yo‘q, zero biz hozir turizmni rivojlantirishning dastlabki bosqichlarida turibmiz.
Shunga qaramay, biz O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib qilishning nostandart, lekin samarali usullaridan foydalanishga harakat qilamiz. Bu borada misol keltirib o‘taman - yaqinda bizning Mayami (AQSh)dagi vatandoshimiz samolyotda UzbekistanTurismo yozuvi va bayrog‘ini reklama qilganiga doir xabar ijtimoiy tarmoqlarda berildi. Bu ham o‘ziga xos nostandart yondashuvdir. Yoki mashhur repper Doni Buxoroda o‘z qo‘shig‘iga klip oldi va bu klipini ilk o‘n kunning o‘zidayoq YouTube'ning 1,5 milliondan ziyod foydalanuvchisi tomosha qilgan. Shuningdek turli Travel-ko‘rsatuvlarni misol qilish mumkin - bugun sayyohlarni jalb qilish nuqtai nazaridan bizga qiziq bo‘lgan mamlakatlarning reytingli Travel-ko‘rsatuvlari bilan ishlayapmiz.
Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov intervyu davomida ziyorat turizmini rivojlantirish va bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, malakali gidlarni tayyorlash maktablari haqida ham so‘z yuritdi.
Mavzuga oid
13:24 / 21.11.2024
COP29 ishtirokchilari iqlimga mos turizmni rivojlantirishga kelishib oldi
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
13:48 / 13.11.2024
Jahon banki vakili O‘zbekistonning COP29’dagi pavilyoni bilan tanishdi
21:49 / 04.11.2024