O‘zbekiston | 11:28 / 02.05.2018
13782
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya harbiy mashqlar o‘tkazishga kelishib oldi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston va Turkiya mudofaa idoralari o‘quv dasturlari va mashg‘ulotlarida harbiy xizmatchilarining o‘zaro ishtirok etishini nazarda tutuvchi yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida kelishib olindi.

«Tomonlar ikki mamlakatning mudofaa idoralari va qurolli kuchlari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, harbiy ta'lim sohasida tajriba almashish hamda boshqa tomon tashkil qilgan o‘quv dasturlari va mashg‘ulotlarida harbiy xizmatchilarining o‘zaro ishtirok etishlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar», - deyiladi prezidentlarning qo‘shma bayonotida.

Prezidentlar mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka hissa qo‘shadigan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish va tajriba almashish orqali mudofaa, mudofaa sanoati sohalarida, shuningdek, harbiy-texnikaviy masalalarda aloqalar va hamkorlikning faollashganligini mamnuniyat bilan qayd etdilar. 

Davlat tashrifi vaqtida prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, sanoat, energetika, ilm-fan, ta'lim, turizm va boshqa sohalarga doir 24ta hujjat imzolandi.

Mavzuga oid