Fan-texnika | 09:13 / 03.05.2018
9849
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Xitoy smartfonlari savdosi taqiqlanishi mumkin

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati AQShda Xitoyda ishlab chiqarilgan mobil qurilmalar savdosining taqiqlanishini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Wall Street Journal nashri ma'lum qildi.  

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Oq uy “milliy xavfsizlik manfaati yo‘lida” Xitoyning telekommunikatsion qurilmalari importini cheklovchi farmonni tayyorlamoqda. Taqiqlov Huawei va ZTE kompaniyalarini ham qamrab olishi mumkin.  

Bu kompaniyalar mahsulotlari AQShning butun dunyo bo‘ylab harbiy bazalarida allaqachon sotilishi taqiqlangan. AQSh bu qarorini Xitoy maxsus xizmatlari bu qurilmalarda saqlanuvchi ma'lumotlarni qo‘lga kirita olishi bilan asoslamoqda.

Huawei va ZTE kompaniyalari bunga javoban hech qachon o‘z foydalanuvchilari haqidagi ma'lumotlarni razvedkaga topshirishmaganini aytishgan. 

Xitoy smartfonlarining AQShda sotilishining taqiqlanishi Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo urushining yanada avjlashishiga olib kelishi mumkin. AQShda 3-4 may kunlari Xitoy delegatsiyasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tadi va unda tomonlar savdo sohasidagi ochiqcha ixtilofdan qochishga harakat qilib ko‘rishadi.

Mavzuga oid