Light | 15:42 / 06.05.2018
30418
4 daqiqa o‘qiladi

"Bepushtlik epidemiyasi"ga doir tadqiqot o‘tkazildi

Foto: Syda Productions/Shutterstock

Fastfud va shu kabi boshqa yog‘li taomlarni sevib iste'mol qiluvchi ayollar qolgan nozik jins vakillariga nisbatan taxminan ikki baravar ko‘proq bepushtlikka yo‘liqishi ma'lum bo‘ldi. Human Reproduction jurnali olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"Bizning avvalgi tadqiqotlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, fastfud tarkibidagi moddalar tuxumdonlar ichiga kirib borib, ularning faoliyatini o‘zgartirishi mumkinligi bilan bepushtlikni rivojlantiradi. Boz ustiga, yog‘lar, qand moddasi va tuz metabolizmni o‘zgartirishi hamda jinsiy organlarning normal faoliyatiga to‘sqinlik qilishi mumkin", - dedi Adelaida Universiteti olimi Kler Roberts. 

So‘nggi tahlillarga ko‘ra, G‘arb mamlakatlaridagi oilaviy juftliklarning taxminan 10-15 foizi er yoki xotinning bepushtligi sabab naslni davom ettirishga qodir emas. Umumiy tasavvurlarga qarshi o‘laroq, bepusht erkaklar va ayollar soni taxminan tengdir, ularning aksariyati 40-55 yoshida fertillik xususiyatini yo‘qotadi. 

Bepushtlikning biologik sabablari genetik mexanizmlarning yetarlicha o‘rganilmagani va murakaabligi tufayli aksariyat holatlarda noma'lumligicha qolmoqda.

Shunisi diqqatga sazovorki, so‘nggi yillarda bepushtlik iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda ko‘proq uchramoqda. Olimlar buni ko‘plab ijtimoiy va tabiiy omillar, jumladan ekologiyaning sezilarli darajada yomonlashuvi va turmush tarzidagi o‘zgarishlar bilan bog‘lashmoqda.

Roberts va uning hamkasblari "bepushtlik epidemiyasi" boshqa fenomen - fastfud madaniyati bilan ham bog‘lashmoqda. Ular taxminan 6 ming nafar homilador ayolning sog‘lig‘ini kuzatib, shunday xulosaga kelishdi. 

Mazkur loyiha doirasida olimlar homilador bo‘lishni rejalashtirayotgan ayollardan muntazam ravishda turli tahlillar olishdi, ularning salomatligini baholab borishdi hamda ayollarning oziqlanishi va odatlarini o‘rganishdi. Ularning aksariyati homilador bo‘lganidan keyin Robertsning jamoasi bu tadqiqotlar natijalarini taqqosladi va bepushtlik rivojiga aynan qanday omillar ko‘poq ta'sir qilganini tushunishga harakat qildi. 

Ma'lum bo‘lishicha, homilador bo‘lishga ikki parhez omili sezilarli ta'sir ko‘rsatar ekan - mevalar va fastfud. Masalan, har kuni meva iste'mol qilgan ayollar atigi 4 foiz holatlardagina bepusht bo‘lib chiqishgan, meva yemaganlar esa - 12 foiz holatlarda. Bunday ayollar tabiiy va sun'iy yo‘l bilan homilador bo‘lishlari uchun bir yildan ortiq vaqt sarflashlariga to‘g‘ri kelgan. 

Fastfud ta'siri salbiy natija ko‘rsatgan — uning iste'moli bepushtlik rivoji xavfini deyarli ikki baravarga oshirgan, bunday taomdan butunlay voz kechish esa yosh onalarga gamburgersevarlarga qaraganda ertaroq homilador bo‘lish imkonini bergan. Shunisi qiziqki, na sabzavotlar va ko‘katlar kabi sog‘lom parhez va na zararli odatlar mevalar va yog‘li taomlar kabi ta'sir ko‘rsatmagan. 

Nima uchun bunday ekanini bilish uchun esa bu yo‘nalishdagi tajriba va kuzatuvlarni davom ettirishga to‘g‘ri keladi. Roberts va uning hamkasblari keyingi tadqiqotlar natijalaridan bu savollarga javob olishga umid qilishmoqda.

Mavzuga oid