Light | 14:59 / 06.05.2018
37490
6 daqiqa o‘qiladi

Injiq uy bekasi: “Xurmodagi barcha foydali moddalarni o‘zlashtirish uchun ularni yeyishdan oldin albatta...”

Qadimdan xurmodan yuqori qiymatga ega oziq-ovqat sifatida foydalanilgan. Sharqda uning foydali jihatlarini bilishgan va ularni iste'mol qilish salomatlikni mustahkamlash hamda uzoq umrni ta'minlashga yordam beradi, deya hisoblashgan. Xurmo shirinlikdan ko‘ra ko‘proq narsa sanalgan. Arab mamlakatlarida u «sahro noni» deya atalgan, axir aynan u harbiylarga uzoq yurtlarga yurishlarda quvvat va kuchni tiklashda yordam bergan.

Foto: Depositphotos

Xurmo hozir ham qadrlanadi, uning foydasi barchaga ma'lum. Siz ham ushbu mevani iste'mol qilishni yoqtirsangiz kerak. Ular yaxshi saqlanadi, uzoq masofali yo‘l davomida o‘zgarmaydi. Savol mana bunday: u yeyishdan avval yuviladimi va shunday qilish zarurmi? Bugun xurmoning foydali jihatlari, dasturxonga qo‘yishdan oldin uni nima qilish kerakligi to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

Quritilgan xurmo

Xurmoda foydali moddalar ko‘p. Bu meva tarkibida A, Ye va V vitaminlari bor. Xurmoning qadri shundaki, unda inson organizmi uchun muhim bo‘lgan va boshqa mevalarda uchramaydigan aminokislotalar bor. Bundan tashqari, xurmo kalsiy va fosfor, kaliy va magniy, temir va sink, marganets va selenga boy.

Bu meva yurak qon-tomir tizimini mustahkamlaydi, jigar va buyrak faoliyatini faollashtiradi. Xurmo immuniteti past odamlar uchun ham foydali. Uni yuqumli infeksiya va yo‘talda ratsionga qo‘shish kerak. Kamqonlikka uchragan bemorlar uchun bebaho meva. Shuningdek, u charchoqni olishda a'lo vositadir. Uning tarkibidagi modda va vitaminlar organizmga faollik beradi.

Foto: Depositphotos

Yuqorida aytilganlardan tashqari, xurmo organizmdagi kislota balansini normallashtirishda qo‘l keladi. Ichakka tushgach, foydali mikroflorani rivojlantiradi. Shifokorlar qandli diabetda xurmo iste'mol qilishni tavsiya etishadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, xurmoni doimiy ravishda yeyish onkologik kasalliklar profilaktikasi sanaladi.

Ko‘rib turibsizki, xurmo iste'mol qilishning foydasi katta. Ana endi xurmoni yeyishdan oldin uni yuvish masalasiga diqqat qaratamiz. Dasturxonga kelishidan avval xurmo uzoq yo‘l bosib o‘tishini tushunish muhim. Quritilmagan holda uzoq saqlanmaganligi tufayli u quritiladi. Ko‘pincha bu tabiiy yo‘l bilan amalga oshiriladi, shirinlik eng mazali va foydali yegulikka aylanadi.

Ba'zi ishlab chiqaruvchilar shakar qiyomiga botirib, maxsus pechlarda quritish uslublaridan foydalanishadi. Bu unchalik foydali emas. Bunday qayta ishlashdan keyin xurmo yaltiroq va silliq bo‘ladi. Ba'zida xurmo chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lishi va uzoq saqlanishi uchun unga oziq yelimi hamda boshqa konservantlar bilan ham ishlov beriladi.

Foto: Depositphotos

Har qanday ishlov berish usuli, o‘rash va yetkazib berishda xurmo tozalanmaydi. Shuning uchun ularni yuvish mumkinmikan, degan savol noo‘rin. Yuvish  - zarur. Ayniqsa, qayta ishlanganidan keyin. Axir iste'mol qilishdan avval konservantlar yuvib tashlansa, uning foydasi ko‘proq bo‘ladi. Endi esa xurmo o‘z ta'mi va foydali jihatini yo‘qotmasligi uchun qanday qilib to‘g‘ri yuvishni o‘rganish muhim.

Xurmoni to‘g‘ri yuvish

1. Asosiy murakkablik shundaki, shirin meva suvni o‘ziga singdirib olishi, o‘z ta'mi va tashqi ko‘rinishini yo‘qotish xavfi bor. Eng muhimi  - xurmoni qaynoq suvda yuvib bo‘lmaydi. Qaynoq suv sabab mevaning tarang qobig‘i darz ketadi va u qaynatilgan ko‘rinishga keladi. Bunday meva iste'mol uchun yaroqli emas.

2. Xurmoni yaxlit va butun holda saqlash uchun ularni to‘g‘ri yuvish kerak. Dastlab xurmoni yaxshilab saralab olish zarur, axir sanoat o‘ramida ham buzilgan mevalar bo‘lishi mumkin. Quyidagi videoda yaxshi xurmoni tanlab  olishni o‘rganishingiz mumkin.

3. Keyin esa sovuq suv solingan idish va elak oling. Mevalarni kam-kamdan, maksimal darajada tez yuving. Yaltiroq mevalarni ayniqsa yaxshilab yuvish kerak, shunday qilinsa, u oziq yelimidan tozalanadi.

4. Yuvib bo‘lgach, xurmolarni suvo‘tkazgich elakka solib, muzdek suv bilan chaying.

5. Endi mevalarni oddiy qog‘oz sochiqlarga terib, ustini yana  qog‘oz sochiq bilan yopamiz. Mana shu holatda ular hech bo‘lmaganda bir sutka qurishi kerak. Quritib olingach, xurmolarning danagini ajratib, saqlash uchun germetik idishga soling.

Mana bu video esa sizni xurmo tanlash bo‘yicha haqiqiy professionalga aylantiradi. Endi sifatsiz mahsulot tanlamaysiz, faqat eng yaxshilarini xarid qilasiz!

Mana shunday oddiy yo‘riqnoma sizga quritilgan xurmolarning foydali jihatlarini saqlab qolish va ularning ta'mini o‘zgarmasligiga yordam beradi. Xurmo – mazali ekzotik mahsulot, foydali elementlar xazinasi. Ushbu mo‘'jizaviy mevalarga ishlov berish va saqlashning barcha qoidalariga rioya qiling. Ana o‘shanda dasturxoningizda haqiqatan ham foydali shirinlik mavjud bo‘ladi.

Bu maqola siz uchun foydali bo‘ldimi? Do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!

Mavzuga oid