Ko‘zi ojiz sayyoh yetti kunda O‘zbekistonning yetti shahriga sayohat qildi (video)
Rossiyalik ko‘zi ojiz sayyoh Vladimir Vaskevich asosan avtostop bo‘yicha harakatlanib, 20 dan ortiq mamlakatga sayohat qilgan. Troll.uz'ning Facebook'dagi sahifasida mavzuga doir video taqdim etildi.
"Assalomu alaykum, O‘zbekiston! Men Rossiyaning Yekaterinburg shahridan Vladimirman. Men - ko‘zi ojiz inson 20 ta mamlakatda bo‘ldim. Bugun men O‘zbekistonning Buxoro shahridaman. Bu mening birinchi yil sayohat qilishim emas, lekin O‘zbekiston men sayohat qilgan shaharlarning orasida eng chiroyli va eng mehmondo‘st o‘lkalardan biridir. Men Andijon, Farg‘ona, Toshkent shaharlarida bo‘ldim, bugun Buxorodaman, ertaga Samarqandga boraman. Meni har kuni juda yaxshi insonlar qarshi olmoqda. O‘zbek palovining 3-4 xilini tatib ko‘rishga ulgurdim, sizning meva va shirinliklaringiz ham juda mazali ekan. Eng asosiysi, xalqingiz - juda yaxshi", - deydi sayyoh.
Vladimir Vaskevichning so‘zlariga ko‘ra, u har bir shaharda nogironligi bo‘lgan, ko‘zi yaxshi ko‘rmaydigan yoki umuman ojiz kishilar uchun tadbirlar o‘tkazadi. Zero nogironligi bo‘lishiga qaramay, mustaqil sayohat qiluvchi kishilarning borligini bilishi ular uchun muhim.
"Men doim o‘zim sayohat qilaman, asosan avtostop bo‘yicha harakat qilaman. Yevropa, Karib orollari, MDH va boshqa ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganman. Har bir mamlakatda bizni yaxshi qabul qilishmoqda. Ba'zan bizni xafa qilishlaridan qo‘rqamiz, lekin hozircha barcha joylarda bizni bajonidil mehmon qilishmoqda. O‘zbekiston ham shular jumlasidandir. Bu yerda hamma narsa juda zo‘r, shu paytgacha hech ham o‘zim yolg‘iz qolganim yo‘q. O‘zbekistonning odamlari ajoyib, tabiati ajoyib. Dovonda, tog‘larda bo‘ldim. Kelgusida albatta yana bu yerga kelaman, chunki bu yerda bor-yo‘g‘i yetti kunga kelganman, yetti kunda yetti shaharni aylanaman. Biroq O‘zbekistonga kamida bir oyga kelish kerak ekan, chunki bu yerda har bir uyda to‘xtaging, barcha bilan muloqot qilging, shoshmay palov yeging keladi odam. Shuning uchun albatta yana bir bor O‘zbekistonga kelaman. Sizlar ham Rossiyaga boring, sizlarni u yerda qabul qilishga tayyormiz. Sayyohlaringiz sonini ko‘paytiravering, chunki buning uchun barcha sharoitlar bor. Mana ayni damda men Buxorodaman. Bu yerning shart-sharoitlari juda yaxshi, ajoyib tarixiy shahar, uning qadimiy qismi juda qiziq va eng asosiysi, bu yerda birovning yordamsiz harakatlanish oson ekan. Yo‘llar tekislangan, ravon. Faqat ariqlarni chetlab o‘tishni kechroq o‘rgandim, Andijonda bir necha marta yiqilib ham tushdim. Biroq hozir hammasi yaxshi. Toshkentning ko‘chalari juda keng va qulay ekan. Adashib qolsangiz, odamlar bajonidil yordam beradi. Umuman olganda, hammasi zo‘r! Men baxtliman!", - deydi rossiyalik sayyoh.
Video ostida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari turli mazmundagi sharhlarni yozib qoldirishgan. Ko‘pchilik ko‘zi ojiz insonning hayotdan shunday zavqlanib yashashiga tasannolar aytib, hatto ko‘zi ochiqlar ham undan o‘rnak olsa arzishini ta'kidlagan. Yana ba'zilar ko‘zi ojiz sayyohning yiqilgan holatiga izoh berib, sayyohlik maskanlarida bunday insonlar uchun ko‘priklar qurishga undashgan. "Ha, ko‘priklar qurish "biznikilar" uchun qimmatga tushadi. Endi ayting-chi, aslida kimning ko‘zi ojiz... Darvoqe, agar bu yerga velosipedda kelinsa, YTH kafolatlangan, zero bizda hozircha veloyo‘laklar yo‘q", - deya izoh qoldirgan foydalanuvchilardan biri.
Mavzuga oid
16:33 / 25.11.2024
O‘zbek ayollarini haqoratlagan turkiyalik stendapchi: unga qarshi Istanbul prokuraturasiga ariza topshirilgan
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024