Jahon | 10:55 / 08.05.2018
35996
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya prezidentlarining 1991 yildan 2018 yilgacha o‘tgan inauguratsiyasi evolyutsiyasi

Putinning to‘rtinchi bor prezidentlikka kirishish jarayoni rekord o‘rnatgani va mamlakatning birinchi xonimisiz o‘tgani haqida TJournal tahliliy maqola e'lon qildi.

2018 yilning 7 mayida Vladimir Putin Rossiya prezidentligi lavozimiga to‘rtinchi bor kirishdi. Inauguratsiya marosimi Kremlda, an'anaviy ssenariy asosida, ammo biroz o‘zgarishlar bilan bo‘lib o‘tdi.

  • Bo‘ydoq Putin marosimga sobiq rafiqasini taklif etmadi;
  • Yangi kortej Moskva ko‘chalari bo‘ylab yurmadi;
  • Prezident nutqi inauguratsiyalar tarixida eng uzuni bo‘ldi;
  • Mehmonlar soni oshganiga qaramasdan, Boris Yeltsinning rekordini ura olmadi.

Inauguratsiyalar tarixiga 1991 yilda tamal toshi qo‘yilgan. Prezident hokimiyatining zamonaviy ramzlari 1996 yilda paydo bo‘lgan. Marosim tashqi jihatdan 2000 yilda biroz o‘zgarishlarga duchor bo‘lgan. 27 yil ichida marosim nimalarga duch kelgani haqida quyida o‘qing.

1991 yil

Rossiya (RSFSR)ning birinchi prezidenti Boris Yeltsinning lavozimga kirishish jarayoni Kremldagi s'yezdlar saroyida RSFSR xalq deputatlari majlisi chog‘ida bo‘lib o‘tgan. 6 mingga yaqin tomoshabin huzurida Mixail Glinkaning «Slavsya» qo‘shig‘ini kuylash an'anasiga asos solindi. Rossiyaning rasmiy madhiyasi — Glinkaning «Vatanparvarlik qo‘shig‘i» ham ijro etildi. Marosim oldidan aktyor Oleg Basilashvili vatan tarixiga oid o‘z talqinini qisqacha so‘zlab berdi.

Yeltsindan tashqari marosimda Butun Rus patriarxi Aleksiy II va SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov ham so‘zga chiqdi. Gorbachyovning nutqi 10 daqiqa vaqtni oldi — bu Yeltsinnikidan bir daqiqaga ko‘p edi. Bu esa inauguratsiya jarayonida ikki siyosiy merosxo‘r emas, raqiblarning chiqishi bo‘lib turibdi. Yeltsinning lavozimga kirishishi bilan Kreml rasman qarorgohga aylandi va uning qubbasi uzra respublika bayrog‘i hilpiray boshladi.

Foto: 1996 yildan qasamyod chog‘ida qo‘llarni yurakka emas, konstitutsiya ustiga qo‘yishadigan bo‘lishdi

1996 yil

Oradan 5 yil o‘tib, inauguratsiya prezidentlik ramzlariga ega alohida marosimga aylantirildi. Qasamyod oldidan zalga prezidentlik shtandarti, Konstitutsiyaning maxsus nusxasi va «Vatan oldidagi xizmatlari uchun» I darajali ordenining nusxasi ko‘rinishidagi zanjirli Prezidentlik belgisi kiritildi. Shu yildan e'tiboran, marosimda Konstitutsion sud raisi, MSK raisi va parlament rahbarlari ishtirok etadigan bo‘ldi.

Prezident bo‘yniga birinchi va oxirgi marta Prezidentlik belgisi ilindi. 1991 yilda Yeltsin qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib qasamyod keltirgandi, 1996 yilda u qo‘lini konstitutsiyaga qo‘ygan. «Slavsya» ijro etilayotgan chog‘da Kreml devorlari ostida to‘pdan o‘q uzishdi — bu oliy bosh qo‘mondonga hurmat bajo keltirish tariqasida izohlanadi.

Foto: 2000 yilda Konstitutsion sud raisi mantiya kiydi

2000 yil

Yangi prezident Vladimir Putin Kremlning Katta saroyida qasamyod keltirdi — bu saroy marosimga bir yil qolganda ta'mirlanib bo‘lingan edi. Ilk marta teletranslyatsiya chog‘ida prezident kortejining kirib kelishi va uning Kreml komendanti bilan uchrashuvi olib ko‘rsatildi. Konstitutsion sud raisi oddiy kostyumda emas, mantiya kiyib keldi. Sahnada emas, Andreyev zalida jam bo‘lgan xor Glinka muallifligidagi madhiyani ijro etdi. Konstitutsiya nusxasi qoldi, lekin u rasmiy statusdan mahrum bo‘ldi.

Boris Yeltsin muddatidan avval iste'foga ketgan esada, inauguratsiya marosimida chiqish qildi. Prezidentlik saylovlari ko‘chirilgani bois u yozda emas, mayda bo‘lib o‘tdi. Qasamyod qabul qilingan Kreml Sobor maydonida prezident polkini paradi bo‘lib o‘tdi. Unda sobiq va saylangan prezidentlar o‘z rafiqalarini qarshi olishdi. Ilgari rafiqalarga e'tibor berilmas edi.

Foto: Saylangan prezidentning korteji Moskva ko‘chalari bo‘ylab 2000 yildan 2012 yilgacha sayr qilgan.

2004 yil

Putinning ikkinchi inauguratsiyasi birinchidan kam farq qildi, lekin uchta an'anaga asos soldi: paradda kavalerchilar ishtirok etdi, prezident qo‘riqlash xizmati rahbari fuqarolik kostyumi o‘rniga ofitserlik libosini kiydi, teletranslyatsiyani esa Yekaterina Andreyeva va Sergey Brilyov sharhlay boshladi. Ilk marta Sergeya Mixalkov so‘zi va Aleksandr Aleksandrov musiqasi bilan Rossiya madhiyasi yangray boshladi. Bu Rossiya konstitutsion sudi raisi Valeriy Zorkinning ham ilk inauguratsiyasi edi va u hozirgacha o‘z lavozimida.

Foto: 2008 yilda teletranslyatsiya yanada orginal ko‘rinish oldi.

2008 yil

Dmitriy Medvedevning lavozimga kirishish marosimi teleuzatishdagi yangiliklar bilan esda qoldi. Kurantlarning zang urishi Spassk minorasi ichidan olib ko‘rsatildi — ekranlarda soat mexanizmlari yirik planlarda namoyish etildi. Bundan tashqari, kameralar Kremlning Katta saroyidan o‘tishni birinchi shaxs, prezident ko‘zi bilan namoyish etib berdi. Saroydagi marosimlardan avval sobiq prezident Putin tomonidan prezidentlik polkidan raport qabul qilishining ko‘rsatilishi ham yangiliklardan biri bo‘ldi.

Foto: Rossiyaning Glinka madhiyasi inauguratsiyalarda uch marta ijro etilgan. Aleksadrov madhiyasi to‘rt marta ijro etildi.

2012 yil

Putinning Kremlga qaytishi o‘rnatilgan an'anaga ko‘ra ro‘y berdi. Faqat salyutlar otilishi sonida o‘zgarish ro‘y berdi: 30 o‘rniga 31. Televizionchilar bu daf'a Putinning Hukumat uyidan chiqib ketishini ham ko‘rsatishdi. Moskvaning bo‘sh ko‘chalaridan kortejning yurib kelishini ko‘rsatishga sakkiz daqiqa sarflandi. Putinning yana qaytishida marosim mehmonlari ilk marta prezidentning qo‘lini siqib ko‘risha boshlashdi.

Foto: Putin har inauguratsiyasida chaqirilgan mehmonlarga yanada yaqin bo‘la boshladi

2018 yil

Saylangan prezidentning Kreml saroyiga kelishini ko‘rsatishda o‘zgarish ro‘y berdi. Putin Kremldagi kabinetidan koridorlar bo‘ylab chiqib keldi va «Kortej» loyihasidagi avtomobilga o‘tirdi. Ilgari Putin korteji Kreml emas, Moskva ko‘chalari bo‘ylab yurardi.

Ekranlarda Lyudmila Putina ko‘rinish bermadi — u endi prezidentning rafiqasi emas va marosimga kelmadi. Yeltsinning bevasi va sobiq prezident Medvedevning rafiqasi oldingi qatorlarda edi.

Putin uchun bu shaxsiy qo‘riqlash xizmati rahbari Viktor Zolotovsiz ilk inauguratsiya bo‘ldi. Hozirda Rosgvardiya rahbari hisoblanadigan Zolotov ilgari translyatsiyalarda prezident avtomobili eshigini ochib beruvchi odam sifatida tasvirga tushardi. 2000 yilda u qasamyod qabul qilinganidan keyin saroy zallari bo‘ylab Putinning ortidan ham yurgan.

Foto: Viktor Zolotovsiz Putin Moskva ko‘chalarini Kreml koridorlariga almashtirdi

Oldingi marosimlarga qaraganda mehmonlar soni yanada oshirildi — ularning soni 5 mingga yaqin bo‘ldi. Prezidentga yaqin bo‘lmagan insonlar ham an'anaviy parad o‘tuvchi Sobor maydoniga qo‘yildi. Teletranslyatsiyada Putin tarafdori bo‘lgan yoshlar uni sotsial liftlarning rivojlantirilishi uchun olqishlab «Tabriklaymiz!» deb qarshi olib, birgalikda suratlarga tushishgani ham olib ko‘rsatildi. Ilgari inauguratsiyalarda bunaqasi bo‘lmagan edi, lekin bunday erkinlik ssenariyga ko‘ra oldindan tayyorlangani aniq.

Mavzuga oid