Sport | 12:52 / 08.05.2018
33897
2 daqiqa o‘qiladi

TIV Rossiyaga bormoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga eslatma bilan chiqdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqdan

Rossiya Federatsiyasi prezidentining «FIFA 2018 – Rossiyada futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish davrida xavfsizlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» farmoniga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi sub'yektlarining 2018 yil futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish bilan bog‘liq hududlarida hamda ular atrofida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari qo‘llaniladi va ushbu hududlar uchun chet el fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalariga o‘zgarishlar kiritiladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV axborot xizmati xabar berdi.

Farmonga muvofiq, 2018 yilning 25 mayidan 25 iyuligacha Moskva, Sankt-Peterburg, Volgograd, Yekaterinburg, Qozon, Kaliningrad, Nijniy Novgorod, Rostov-Don, Samara, Saransk va Sochi shaharlarida chet el fuqarolarini ro‘yxatga qo‘yish muddati Rossiyaga kirib kelgan kundan e'tiboran 1 kun qilib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ushbu o‘zgarishlarga alohida e'tibor berishlari zarur, aks holda ya'ni ro‘yxatdan o‘tish yuqorida ko‘rsatilgan muddat ichida amalga oshirilmasa, bu holat ma'muriy qonun buzilishi deb baholanadi va keyinchalik Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishni taqiqlashga olib kelishi mumkin.

 

Mavzuga oid