«O‘g‘limning jasorati nafaqat nevaralarim, balki barcha yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘ldi»
9 may — Xotira va Qadrlash kuni Vatanimiz mustaqilligi, tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan, shu yurtning aziz farzandlari xotirasi ham yodga olinmoqda. Vatanning ana shunday mard o‘g‘lonlaridan yana biri — serjant Murod Tojiyev (1983–2011) edi.
Murod Tojiyev 1983 yilda Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. 2000 yilda Jomboy tumanidagi 17-umumta'lim maktabini tugallab, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. 2002 yildan Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari safida shartnoma asosida xizmatni davom ettira boshlagan.
2011 yil 13 noyabr kuni mamlakatimiz chegaralarini buzib o‘tishga harakat qilgan jinoyatchilarga qarshi kurashda olingan og‘ir tan jarohati oqibatida halok bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan serjant M.Tojiyev davlatimiz chegaralari daxlsizligini ta'minlashga qo‘shgan munosib hissasi va jangovar xizmat faoliyatida erishgan yuksak natijalari uchun vafotidan so‘ng «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.
Chegarachi bo‘laman, doim postda turaman...
O‘zini g‘oz tutib shu she'rni o‘qiganda, Murod bog‘cha tarbiyalanuvchisi emas, go‘yo Vatan himoyasiga shaylangan chinakam er yigitdek taassurot uyg‘otardi kishida.
— Ukamning bolalik chog‘ida aytgan shu she'ri har doim quloqlarim ostida jaranglab turadi, — deydi opasi Farida Axatqulova. — U toshoyna oldida turib, qo‘llarini harbiychasiga to‘g‘irlab, har bir so‘zni viqor bilan aytardi. DXX chegara qo‘shinlari safida xizmatni boshlagach, menga telefon qilib, «Opa, orzuim ushaldi, chegarachi bo‘ldim!» deya bolalarcha quvongandi. U juda ajoyib, og‘ir, vazmin yigit edi.
Murod Tojiyevning ham murg‘ak qalbida uyg‘ongan orzu kun kelib ijobat bo‘ldi. Chegarachilar safida mamlakatimiz sarhadlari daxlsizligini ta'minlash uchun fidokorona xizmat qildi. U hayotining so‘nggi daqiqasigacha Harbiy qasamyodiga sodiq bo‘lib qoldi. Milliy manfaatlarimizni himoya qilish, yurtimiz tinchligi, osoyishtaligini mustahkamlash yo‘lida ko‘ksini qalqon qildi. O‘shanda u endigina 28 yoshga to‘lgandi...
Murod bolaligidan bilimga chanqoqligi, qiziquvchanligi, tirishqoqligi bilan ustozlari mehrini qozondi. Kamtarligi, keng fe'lligi, ota-onasiga mehribonligi uchun mahalla-kuy, atrofdagilar uni izzatlashardi.
Harbiy xizmat davrida uning bu xislatlari yanada mustahkamlandi. U yo‘llagan nomalarni o‘qir ekanmiz, bunga to‘liq amin bo‘lamiz:
«Assalomu alaykum, otajon, onajon! Ukam Shavkatjon va boshqa barcha yaqinlarimga mendan otashin salom. Qalay, sog‘-salomat yuribsizlarmi, ishlar bilan charchamasdan, qishni o‘tkazib oldilaringizmi?
Mana, bahorning issiq kunlari ham boshlandi. Biz ham yozgi libosda xizmatni davom ettirmoqdamiz. Mendan so‘rasangiz, ahvolim yaxshi, sog‘lig‘im joyida. Xizmatim har doimgidek besh! Bundan keyin ham besh bo‘ladi, degan umiddaman. Bundan yigirma kun oldin rasm bilan birgalikda xat yozib jo‘natgandim. Mana, yana dil so‘zlarimni yo‘llayapman. Ayajon, haliyam ishlayapsizmi, oyog‘ingiz bezovta qilmayaptimi? Otajon, siz qalaysiz, sog‘liqlaringiz yaxshimi? Sizga hamisha tirgak bo‘lsam, deyman.
Sizlarni sog‘inib qolguvchi, o‘g‘lingiz Murod».
Murod Tojiyev harbiy bilim va malakani puxta o‘zlashtirishga astoydil bel bog‘ladi. Muddatli harbiy xizmatdan so‘ng shartnoma asosida xizmatni davom ettirdi. Keyinchalik serjantlar tayyorlash maktabida bilim, ko‘nikma va mahoratini oshirib, xizmat vazifasini yanada mas'uliyat, fidoyilik bilan ado eta boshladi.
2011 yil 13 noyabr. Serjant M.Tojiyev naryad tarkibida chegara naryadi kattasi bo‘lib xizmat olib borayotganda yurtimiz chegarasini buzib o‘tishga uringan jinoyatchilarga qarshi kurashdi. G‘alamislar bilan bo‘lgan to‘qnashuvda Murod jarohat olib, qahramonlarcha halok bo‘ldi.
— O‘g‘lim Murodjonning orzulari ko‘p edi, — deb eslaydi Bo‘ston Tojiyeva. — Bolam o‘zi xizmatda bo‘lsa ham bizning tashvishimizni o‘ylardi. Farzandlarini munosib tarbiyalab, elu yurtga qo‘shishni istardi. Uning jasorati nafaqat nevaralarim, balki barcha yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘ldi. Murodjon tinchligimiz yo‘lida ko‘ksini qalqon qildi, jonini fido etdi. Men o‘g‘limdan roziman.
Bugungi kunda Murod Tojiyevning oilasi davlatimiz e'tibori, g‘amxo‘rligi og‘ushida. Turmush o‘rtog‘i, farzandlari uy-joy bilan ta'minlangan. Bayramlarda hamkasblari, hokimiyat vakillari ular holidan xabar olib, har tomonlama ko‘mak berib turishibdi.
— U kishining yo‘qligiga haliyam ishongim kelmaydi, — deydi Ra'noxon. — Juda mehribon edilar. Biror marta nojo‘ya, qattiq gapirganlarini eslolmayman. Tez-tez qo‘ng‘iroq qilib turardilar. Shu mudhish voqeadan ikki soat oldin telefon orqali gaplashdik. U oilamizga kvartira berilganidan juda xursand edi. Uch kundan so‘ng bizni yangi uyiga olib ketishini aytgandi...
Gap orasida katta farzandimiz Shuhratjonni, o‘zingni ehtiyot qil, deb tayinladilar. Men ikkinchi bolamga homilador edim. Farzandlarimiz ko‘p bo‘lishini juda-juda istardilar. O‘g‘limiz ham, singlisi Yodgoroy ham atrofimda parvona. Shuhratjonimdan katta bo‘lsang kim bo‘lasan deb so‘rasam, «Dadamdek chegarachi bo‘laman!» deydi.
— Do‘stim jonivorlarni parvarishlash, mevali ko‘chatlar ekib, bog‘ yaratishga ishqiboz edi, — deb xotirlaydi Murodning partadosh do‘sti Vohid Musoqulov. — Bugun u o‘tkazgan ko‘chatlardan katta bog‘ hosil bo‘lgan. Har safar xonadoniga borsam, u ekkan daraxtlarga boqib ko‘nglim ko‘tariladi, go‘yoki do‘stimning nafasi shu bog‘larda kezib yurgandek.
Ona yurt, Vatan uchun sidqidildan xizmat qilgan fidoyi insonlar hech qachon unutilmaydi. Ularning ezgu amallari, so‘nmas jasorati yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qolaveradi.
Mavzuga oid
14:35 / 09.05.2019
Shavkat Mirziyoyev Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida ishtirok etdi
23:06 / 09.05.2018
Toshkentda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 73 yilligiga atab mushakbozlik bo‘lib o‘tdi
22:16 / 09.05.2018
Samarqandda Xotira va Qadrlash kuni qanday nishonlandi – fotogalereya
16:28 / 09.05.2018