Jahon | 09:51 / 11.05.2018
36210
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi norozilik namoyishlarini kim tashkillashtirgani aytildi

Foto: Muxtor Ablyazov

Ayni damda xorijda yashayotgan qozog‘istonlik sobiq bankir va rasmiy Ostonaning tanqidchisi Muxtor Ablyazov Qozog‘istonning bir necha shaharlarida 10 may kuni o‘tkazilgan norozilik namoyishlarining tashkilotchisi o‘zi ekanini ma'lum qildi.

M.Ablyazov bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlariga aloqasi bor yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob qaytarib, messenjer orqali shunday yozgan: «Siz g‘alati savollar beryapsiz. Men mamlakatdagi barcha mitinglarning tashkilotchisiman».

10 may kuni Ostona, Olmaota, Uralsk, Aqtobe, Atirau va Chimkent kabi shaharlarda hukumat bilan muvofiqlashtirilmagan norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari «siyosiy mahbuslarni ozod qilish» va «qiynoqlarni to‘xtatish»ni talab qilishgan hamda mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan tashvishda ekanliklarini bildirishgan. Namoyishlar paytida o‘nlab odamlar qo‘lga olindi.

Kuzatuvchilar va ishtirokchilarning baholashicha, Olmaota va Ostonada politsiyachilarining soni aksiyalardagi qatnashchilar soni bilan teng bo‘lgan. Olmaota shahrida taxminan 80 kishi qo‘lga olingan. Ostona shahrida to‘plangan qariyb yuz kishining ko‘pchiligi politsiya tomonidan ushlangan va avtobusda militsiya bo‘limiga olib ketilgan. Hududlarda esa aksiyalar nisbatan kichik ko‘rinish oldi va u yerda ham ommaviy qo‘lga olishlar bilan yakunlandi.

M.Ablyazov Qozog‘istonda «BTA Bank»dan ko‘p milliardlik o‘g‘irliklar, uyushgan jinoiy guruhni tashkil etish va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda. M.Ablyazovning o‘zi bu ayblovlarni rad etmoqda hamda ular siyosiy sabablarga ega ekanini bildirmoqda. 2016 yil oxirida Fransiya rasmiylari Rossiya va Ukrainaga M.Ablyazovni ekstraditsiya qilish bo‘yicha rad javobi berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ostona va Olmaotada norozilik namoyishlari o‘tkazilgani, o‘nlab kishilar qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Mavzuga oid