O‘zbekiston | 21:19 / 12.05.2018
29165
2 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Ortiqxo‘jayev: «Toshkent shahri xalqiga astoydil xizmat qilaman»

Toshkent shahrining Sergeli tumani hokimi Baxtiyor Sultonovich Rahmonov Olmazor tumani hokimi etib tayinlangani xabar berilgandi. Tuman hokimligida shu munosabat bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar berdi.

“Chet eldan kelgan mehmon Toshkentning markazini qidirib topa olmasligi kerak. Ya'ni, u qayerga borsa, o‘sha yerni markazga aylantirish kerak. Agarda chet eldan kelgan mehmon o‘zini qulay his qilsa, mahalliy aholi o‘zini ikki barobar qulay his etadi. To‘g‘risi, yoshligimdan tadbirkorlik bilan shug‘ullanganim bilan, xalqqa ham foydamiz tegishi kerak. Qo‘limizdan kelgancha harakat qilib keldik. Men aytmoqchi bo‘lgan narsa –  men shu sohaga qiziqyapman va Toshkent shahri xalqiga astoydil xizmat qilaman. Olmazor tumanining yangi hokimiga ham muvaffaqiyatlar tilayman”, - deya aytib o‘tgan Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining birdaniga uch tumaniga yangi hokimlar tayinlangani xabar berilgan. 

Dastlab, Toshkent shahrining Olmazor tumaniga Baxtiyor Rahmonov yangi hokim tayinlangani xabar berildi.

Oradan biroz o‘tib, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Nozim Husanov Sergeli tumaniga hokimi lavozimini egallagani ma'lum bo‘ldi.
 
“O‘zbekiston pochtasi” AJ bosh direktori Shuhrat Atamuxamedov esa Toshkent shahrining Uchtepa tumaniga hokim etib tayinlandi.

Mavzuga oid