O‘zbekiston | 18:25 / 12.05.2018
44637
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi joylashgan bino haqida nimalarni bilasiz?

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olgan birinchi davlatlardan biri. Diplomatik aloqalar 1992 yil 19 fevralda o‘rnatilgan va O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi birinchi elchixonasi 1993 yil fevral oyida ochilgan. Elchixona 1746 Massachusets Avenyu NW, Vashington (DC) 20036 manzilida joylashgan

Elchixona binosining tarixi

1906 yilda qurilib va 1909 yilda bitkazilgan ushbu imorat fransuz me'mori Jyul Anri de Sibur (1872-1938) tomonidan Lui XV uslubida ishlab chiqilgan bo‘lib, u bu ko‘chada joylashgan eng katta va eng qimmatbaho binolardan hisoblangan. Uyning interer qismi 16, 17 va 18-asrlar fransuz va ingliz bezak elementlarini o‘z ichiga olgan. Bezaklar 20-30 yil saqlangan qizil daraxt bilan ishlangan. 6 qavatlik bu binoda 80 tadan ko‘p xonalar, 38 ta kamin o‘choqlari, 18-asrning noyob kumush qandillari mavjud.

Ichki xonalarning sodda va mantiqiy davom etishi hamda ularning uslubiy o‘zgarishlar ketma-ketligi, bir vaqtning o‘zida ham dizayn, ham hunarmandchilikning yuqori sifatini namoyish etadi. Alohida e'tibor ayniqsa, nozik yog‘och o‘ymakorligiga, gips va temir ishlariga, shuningdek metalldan ishlangan ajoyib buyumlar va yoritish moslamalariga qaratiladi.

Binodan 1927 yilgacha xususiy turar joy sifatida foydalanilgan bo‘lib, so‘ng u Kanada hukumati tomonidan sotib olingan va vakolatxona, kantselyariya va elchixona sifatida ishlatilgan. O‘zbekiston Respublikasi hukumati mazkur binoni 1996 yilning yozida sotib olgan.

Imoratning asl egasi Vashingtonning eng yirik bank va brokerlik firmalaridan biri hisoblangan «W.B. Hibbs and Company» sherigi, ot zavodining egasi Klarens Mur bo‘lgan.

K.Murning o‘limidan uch yil o‘tgach uning rafiqasi Mabel Mur Daniyalik bankir va taksi kompaniyasi egasi Aksel Vichfeldga turmushga chiqadi. 1916 yilda A.Vichfeld Daniya Legioning attashesi lavozimiga tayinlanadi.

Vichfeldlarning to‘rtta turar-joyidan biri hisoblangan Vashington shahridagi uyi 1927 yilda chop etilgan Sunday Star gazetasiga ko‘ra u «diplomatik va ijtimoiy doiralarning ko‘plab zamonaviy uchrashuvlari sahnasi» deya e'tirof etilgan. O‘sha yilning aprel oyida Vichfeldlar o‘z uyini Kanadaliklarga sotgan.

1996 yilda bino O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xarid qilingan. Sotib olingandan so‘ng mazkur binoning ichki qismiga ba'zi o‘zgartirishlar qilingan. Binoda milliylikni mujassam ettirish va elchixonaga tashrif buyuruvchilarga yog‘och o‘ymakorligi, ipak yigirish, shisha bo‘yash va rassomlik kabi Markaziy Osiyo san'atining boy an'analarini namoyish etish maqsadida o‘zbek dekor elementlari ishlatilgan. Jumladan, xonalar intererida ikat, milliy liboslar, chinni va sopol idishlar kabi milliy san'at namunalari madaniyatlar uyg‘unlashuvini o‘zida aks ettiradi.

Elchixona bu yerga ko‘chib kelgandan boshlab bu joy ko‘p tarixiy uchrashuvlar uchun makon bo‘lgan. Aytib o‘tish joiz, Massachusets ko‘chasida O‘zbekiston bilan bir qatorda boshqa ko‘p mamlakatlarning elchixonalari ham joylashgan va mazkur ko‘cha shaharning eng nufuzli joylaridan hisoblanadi.

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Amerika Qo‘shma Shtatlariga Davlat tashrifiga juda qizg‘in tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Elchixona xodimlari, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari va jurnalistlar shu yerda ish olib bormoqda.

Mavzuga oid