Chempion hikoyalari: David De Xea
«Ser Aleks dastlab meni endigina qadam bosayatgan go‘dakka o‘xshatgan, keyinroq esa, bolakay yurishni boshladi, dedi»
Ispaniya terma jamoasi bazasidagi kompyuter ekranida Davidning «MYu» tarkibidagi debyut uchrashuvidagi lavhalar ketmoqda. O‘shanda «Manchester» «Hotorns»da 2:1 hisobida g‘alaba qozongan, 20 yoshli darvozabon uchun esa o‘ziga, xos yangi hissiyotlar boshlanayotgandi.
«Vest Bromvich» hujumchisi Sheyn Longning unchalik ham xavfli bo‘lmagan zarbasi uning qo‘llari orasidan darvozaga kirib ketgandi. Premer-Ligada endigina yarim soat o‘ynagan darvozabonga raqib muxlislari «teshik devor» deb laqab qo‘yishdi, «Sporttsmeyl» kolumnisti Jyeymi Rednapp esa, David hali «o‘z formasiga yarasha o‘sib ulgurmagan» deb yozdi. Juda aniq baho.
Albatta, undan ham battar sarlavhalar ham bo‘lgan, David o‘sha kunlarni juda og‘ir bo‘lganini tan oladi. «Vest Bromvich» futbolchilari nozikkina ispan yigiti darvozada u qadar ishonchli emasligini tezgina payqadilar va yuqorilatib jarima maydoniga to‘p uzata boshladilar. «Men o‘sha to‘plarga teginish uchun ham hatto, jismoniy tomondan kuchim yetmadi. Baquvvat raqib futbolchilariga yaqinlasha olmasdim, ular osonlik bilan meni chetga surib tashlardilar. Men o‘zgarishim kerakligini bildim, ammo buning uchun vaqt va tajriba lozim bo‘lardi» - deb eslaydi De Xea.
«Bu oson emasdi. Yangi mamlakat, yangi jamoa, begona til. Men juda yosh edim. Bu yoshda ko‘p tengqurlarim endigina universitetga qabul qilinishardi, men esa, shunday odamlar ichiga tushib qolgandimki, ular nafaqat mavsumda yoki biror o‘yinda g‘alaba qozonish, balki mashg‘ulotlardagi har bir kurashda g‘alaba qozonishni o‘ylardilar.
Rio Ferdinand, Vidich, Evra - bizda juda tajribali va mashhur himoyachilar bor edi. Esimda, Rio va Paddi menga «sen hali juda yoshsan, to‘g‘ri, lekin bu yer «Manchester Yunayted» va bu yerga eng yaxshilarni qabul qilamiz» degandilar.
Ser Aleks Fergyuson timsolida De Xea haqiqiy suyanchga ega bo‘ldi. 2011 yilda jamoani tark etayotgan Van Der Sarga o‘rinbosar sifatida ko‘rilgan yosh darvozabonni kuzatish uchun u avvaliga darvozabonlar murabbiyi Erik Stilni jo‘natdi. Stil darvozabonning 20dan ortiq o‘yinini kuzatgach, Fergyusonning o‘zi shaxsan Ispaniyaga bordi.
Aytishlaricha, o‘sha kungacha Fergyuson faqat ikki marta «Manchester Yunayted»ning o‘yinini o‘tkazib yuborgan ekan. Birinchisi, 2000 yilda o‘g‘lining to‘yi tufayli Manchester derbisida qatnashmagan, undan oldingisi esa, 1998 yilda oiladagi yo‘qotish tufayli «Midlsbro»ga qarshi safar o‘yiniga bormagan. U uchinchi marta, 2010 yilda «MYu» ning Liga kubogidagi «Skantrop»ga qarshi o‘yinini tashlab, «Valensiya» - «Atletiko» bahsini stadiondan kuzatdi.
«Meni sotib olayotganda, Fergyuson katta risk qilgandi» - deydi David De Xea, - «ammo u menga birinchi raqamli libosni topshirayotganda o‘ziga ishonayotgandi. U hammasini ochiq aytgan, men yetarlicha adaptatsiyaga muhtoj ekanim, bu yo‘l juda uzoq va qiyin bo‘lishi haqida ogohlantirgandi. Esimda, bu haqida ilk bor gazetada o‘qiganimda, ishonmagandim. Ular 40 yoshli, tajribali Van Der Sarga o‘rinbosar qidirishar va asosiy nomzod men edim. Ular bu oson bo‘lmasligini oldindan tushunib turishgandi».
Haqiqatan ham qiyin bo‘ldi. Transferdan keyin ilk rasmiy o‘yinda, «Manchester Siti»ga qarshi kechgan Superkubok o‘yinida yetarlicha xatolar bo‘ldi. Keyin esa, De Xea nomi juda kulgili, bir tomondan sharmandali voqeada tilga olindi. Sun gazetasi qo‘yidagi xabarni sarlavhaga chiqardi: «Manchester Yunayted» darvozaboni do‘konchada 1.19 funt turadigan teshikkulchani o‘g‘irlamoqchi bo‘ldi».
Hali sentabr boshlanmasdan, hatto Massimo Taibi, Manchesterda o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘ynab, tarkibdan chetda qolgan darvozabon, De Xeaning o‘ziga o‘xshatib intervyular berdi.
Shunday bo‘lsa-da, hozirda ispaniyalik darvozabon so‘nggi besh yilning to‘rttasida mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb (bu rekord) e'tirof etildi, Angliyadagi olti yilda besh marta APLning ramziy terma jamoasidan joy oldi, ushbu mavsumda yilning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasida nomzodlar qatoridan qayd etildi. De Xea ushbu mavsumning 18 o‘yinida darvozasini quruq saqlab, «Oltin qo‘lqop» sovriniga ega chiqdi. Shu hafta esa, u Angliya kubogi finalida navbatdagi sovrin uchun maydonga chiqadi.
Jamoadoshlari uni deyarli osmonlarga ko‘tarishadi. «Davidda o‘ziga xos nimadir bor. U iqtidor bilan tug‘ilgan. Mashg‘ulotlarda to‘pni darvozaga tepib, yuz foizlik ishonch bilan ichimda «gol, gol, gol» deb xayoldan o‘tkazaman, lekin qayerdandir mushuk kabi Davidning panjalari paydo bo‘ladi va to‘p endi boshqa tomonga uchib kechadi. Uni olqishlashdan boshqa iloj qolmaydi» - deb kuladi Ander Errera.
«Ba'zida o‘yinlarda u shunaqa seyvlar qiladiki, ta'riflashga til ojiz. Ba'zi seyvlarini televizorda o‘n martalab takroran ko‘rsatishadi, tvitter jinni bo‘ladi, tribunadagi muxlislar ham. U esa hech narsa bo‘lmagandek o‘rnidan turib, o‘z ishini qilishda davom etadi. Ko‘pincha, o‘yin oldidan meni hayajon bosadi, asabiylashib qaltiray boshlayman. U esa oldimga kelib, qo‘lini yelkamga qo‘yadi - «Ander, o‘zingni bos, xavotir olma, hammasi yaxshi bo‘ladi. Ular har qancha darvozamizga tepishlari mumkin, lekin gol bo‘lmaydi, axir men turibmanku?». Hammasi shunaqa oddiy».
2016 yilda Angliya kubogi yarim finalida u Romelu Lukakuning penaltisini qaytardi. O‘yindan keyin esa, uning kayfiyati juda sokin edi: «Ha, qaytardim, qo‘y endi, ertaga qayerga boramiz?».
Xuddiki, oddiy talaba navbatdagi imtihonni topshirib, keyingisini boshlayotgandek. Uning katta darvozabon ekani ham shundan bilinadi"
Xo‘sh, David dunyoning eng zo‘r darvozabonimi?
«Men yaxshi o‘yin o‘tkazyapman, ammo bu kam. Bunday maqomga erishish uchun bir necha yil shu darajani ushlab qolishim va sovrinlar yutishim kerak. Ana o‘shanda futbolchi o‘zini jahon miqyosida qiyoslashi mumkin», - deydi Ispaniya terma jamoasi darvozaboni.
De Xea Madrid yonidagi kichik shaharchada voyaga yetgan. Faoliyati ham mahalliy jamoaning hujumchisi sifatida boshlandi. Uning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Manued Infante baland bo‘yli, mallasoch o‘quvchisi haqida xotirlaydi:
«Men bolalarga kelajakdagi rejalari haqida yozishlarini so‘raganimda, David «Men Peter Shmayxel kabi bo‘lishni istayman» deb yozib bergandi».
Bu ikki darvozabonning o‘yin uslubi biroz farq qiladi. Yirik gavdali Shmayxel uzun va oyoqlari bilan harakatlanishni yaxshi ko‘radigan De Xeaning yonida ko‘proq darvozabonga «o‘xshaydi». Ammo Erik Stilning aytishicha, De Xeaning qo‘lqop razmeri (10-11) Shmayxelnikidan (9) kattaroq ekan. Ishonish qiyin-a?
Oyoqda to‘pni qaytarish haqida gap borganda, De Xeaning yuzida tabassum yuguradi.
«Agar to‘p trayektoriyasi menga oyoq bilan qaytarishga qulay bo‘lsa, shunday qilaman. Ba'zi murabbiylar hatto menga oyoq bilan o‘ynashni taqiqlamoqchi ham bo‘lishgan, lekin uddasidan chiqa olishmadi. Bu mening fishkam va voz kechmayman».
«Old Trafford» yoqimtoyiga aylanish De Xea uchun oson bo‘lmagan. Birinchi mavsumda jamoa juda ko‘p gol o‘tkazib yubordi va hatto ko‘pgina mutaxassislar Fergyusondan boshqa darvozabonni sinab ko‘rishni so‘ray boshladi. O‘sha mudhish Manchester derbisida (1:6) darvozani De Xea qo‘riqlagan va bunday tempga tayyor emasligi ko‘rinib turardi.
De Xeaning ko‘zida muammolar bor va u maydonda kontakt linzalari taqishga majbur. Ilk yillarda ba'zi mashg‘ulotlarda u linza taqishni unutib qo‘yar va ko‘p xato qilardi. Fergyuson ba'zi yosh futbolchilarga farqli yondashishi va ko‘pgina xatolarga ko‘z yumishi holatlari bor. U Ueyn Runi yoki Krishtianu Ronalduning iste'dodiga qattiq ishongan va ularga boshqalardan o‘zgacha qaragan. Fergyuson uchun David xuddi shunday shogirdmi, murabbiy sabr ko‘rsata oladimi, buni oldindan bilish qiyin edi.
De Xea Angliyadagi ikki muhim voqeani faoliyatidagi burilish nuqta sifatida eslaydi. «Chelsi»ga safar oldidan ko‘pchilik xatolari ko‘payib ketgan De Xeaning muhim o‘yinda tushmasligini va murabbiy bu o‘yinda yosh Ben Amosga ishonishini taxmin qilgandi. Lekin De Xea yana asosiy tarkibda maydonga tushdi. O‘sha o‘yinda hisob 3:3 hisobida yakunlangan bo‘lsa-da, so‘nggi daqiqalardagi bir seyv De Xeaning obro‘sini oshirib yuborgandi.
Xuan Mataning jarima nuqtasidan ijro etgan o‘ta qiyin zarbasi darvozaning yuqori burchagiga borayotganda De Xea to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuboradi.
«O‘sha seyvdan keyin o‘zimga bo‘lgan ishonch orta boshladi va keyingi o‘yinlarda faqat ijobiy tomonga o‘zgara boshladim. Xuan ham o‘sha zarbani hozirgacha eslab yuradi».
Ikkinchi voqea keyingi mavsumda ro‘y beradi. «Tottenhem»ga qarshi o‘yindan so‘ng bosim ostida qoldim. Gari Nevill televizorda tanqid qildi va o‘yinda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganimni aytdi. Rostdan ham, juda ko‘p yaxshi seyvlar qilgan bo‘lsamda, o‘sha vaziyatda xato qilgandim. Qor yog‘ib turganda, yuqorilatib oshirilgan to‘pga chiqa olmagandim».
Shundan bir necha hafta o‘tib «Real»ga qarshi Madridda maydonga tushishimiz kerak edi. Fergyuson meni o‘zi bilan «Bernabeu»dagi matbuot anjumaniga olib bordi. U o‘sha yerda o‘tirgan jurnalistlarga ham inglizchada, ham ispan tilida menda o‘ziga xos katta iste'dod borligini aytdi».
Uning so‘zlari ham esimda. U meni ilk qadamlarini bosayotgan go‘dakka qiyosladi. U ba'zida yiqilib tushadi, keyin yana o‘rnidan turadi, shu tariqa yurishni o‘rganadi. Shu gaplarni aytib turib, oxirida «endi bola ishonch bilan qadam tashlayapti» dedi va bu bilan menga to‘liq ishonishini namoyish qildi. Yoniga meni, 21 yoshli darvozabonni o‘tkazib olib, dunyoning eng yaxshi murabbiyi, Chempionlar Ligasi o‘yini oldidan menga ishonishini butun dunyoga e'lon qilgandi.
O‘zimga bo‘lgan ishonchim ortdi. U menga nisbatan juda sabrli bo‘lganini bilaman. U hech qachon baqirmadi, qo‘pollik qilmadi. Menga nima kerakligini u his qilgan va ishongandi».
Yaxshi hikoya. Fergyusonning ishonchini qozongan David ertasiga faoliyatidagi eng yorqin o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. U oyoqlari bilan aql bovar qilmas seyvni amalga oshirdi va jamoasi «Real» maydonidan 1:1 hisobidagi durang bilan qaytishiga zamin yaratdi.
Fergyuson ketgach, jamoadagi ahvol beqarorlashib ketdi. Ayniqsa, 2015 yilning yozida ehtiroslar junbishga keldi, De Xea esa, bir oyog‘i bilan Madridda edi. Yoz bo‘yi davom etgan transfer sagasi avgustning so‘nggi kunida kutilmagan natija bilan yakunlandi.
Lui van Gaal De Xea Manchesterda endi o‘ynashni istamayapti, deb xulosa qildi dastlabki o‘yinlarda zaxirada qoldirdi. Uni hatto ikkinchi tarkib bilan shug‘ullanishga majbur qilishdi. O‘sha paytlarda u maydonga tushishni istamagani haqidagi turli farazlarni De Xea inkor qiladi. Avgustning oxiridagi o‘sha fakt voqeasidan so‘ng, darvozabon Manchesterda qolgach, yana asosiy tarkibga qaytarildi.
«O‘sha voqealardan keyin mening ilk o‘yinim «Old Trafford»da «Liverpul»ga qarshi bo‘lgandi. Lui van Gaal bu o‘yinda o‘ynashim kerakligini aytdi, lekin men o‘zimga ishonmayotgandim. Stadion meni qanday qarshi olishini bilmasdim.
O‘sha o‘yin oldidan juda qiynaldim, asabiylashdim. Muxlislar doim meni qo‘llab-quvvatlab kelishgan, ammo o‘sha kuni ishonch yo‘q edi. Axir men Madridga ketmoqchi bo‘lgan, ba'zilarning o‘ylashicha, ilk turlarda «MYu» libosida tushishdan bosh tortgandim. Ammo o‘sha kuni ko‘p savollarga javob oldim. Ular ajoyib edilar. Butun stadion mening ismimni qo‘shiq qilib aytayotgandi. Men uchun bu juda muhim edi».
De Xea van Gaalni «pesado» deb ta'riflaydi. Bu ispancha so‘zning turli ma'nolari bor, bu yerga ko‘proq «zerikarli» degan ma'no tushadi.
Ko‘rinishidan, Joze Mourinoning tashrifidan so‘ng, De Xea ko‘proq xursanddek tuyuladi. Portugaliyalik murabbiyning «MYu» boshqaruviga tayinlangandan keyingi ilk ishi Yevro-2016 paytida De Xea bilan uchrashish bo‘lgandi. Aynan De Xeaning tavsiyasi bilan Mourino klubga darvozabonni «Atletiko»dagi davrida shug‘ullantirgan Emilio Alavesni olib keldi. Ushbu mutaxassis De Xeaning o‘yinini kuchaytirish uchun qo‘llagan uslublari orasida yaqin masofadan ko‘zi bog‘liq holda to‘plarni qaytarish ham bo‘lgan ekan.
Mourinoning bu e'tiboriga yarasha De Xea ayniqsa shu yili o‘zining eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda. U juda ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha, APLda yetakchilik qildi, statistikaga ko‘ra, u «MYu»ni 14 bor muqarrar goldan saqlab qoldi - bu ham ligada tengsiz ko‘rsatkich. De Xeaning bu seyvlarisiz «MYu» bugungi 2-o‘rindan ancha uzoq bo‘lishini hamma bilib turibdi.
Davidning otasi Xose, «Xetafe»ning sobiq darvozaboni, De Xeaning asosiy tanqidchilaridan biridir.
«Yoshligimda u juda qattiqqo‘l edi. Hozir biroz yumshoqroq, balki rostan ham yaxshi o‘ynayotganimgadir, lekin baribir ko‘p tanqid eshitaman. U har bir mayda detalgacha e'tibor qaratadi va aytadi. U meni ilk qadamlarimdan buyon shug‘ullantirgan, uning munosabati men uchun muhim», - deydi De Xea.
Davidning Madridga qaytishi haqidagi xabarlar har transfer oynasida yangilanadi va hech qachon tinmaydigandek. Lekin «Manchester Yunayted» darvozabonini saqlab qolishga umid qilmoqda. «Nol foiz» - Joze Mourino Davidning jamoani tark etishi mumkinligi haqidagi savolga mana shunday javob qaytaradi.
«Van Gaal davrida biroz g‘alati edi. To‘rtinchi o‘rin - biz uchun yetarli emas. Men g‘alaba qozonishni istayman. «Yunayted»ga chempionlik mentalitetidagi murabbiy kerak. Avval Fergyuson bor edi, endi Mourino. U har bir o‘yinda g‘alabani o‘ylaydi».
Yevropa chempionati paytida u bilan gaplashganimda, mening qolishimni va birgalikda sovrinlar yutishimizdan umid qilishini aytdi. Fergidan keyin tahlil qilish ham qiyin bo‘lgan juda qiyin davrlarni boshdan kechirdik. Ammo endi biz katta narsalarni xohlaymiz. Sovrinlar yutmoqchimiz. «Yunayted»ni yana eng yaxshi qilish, Chempionlar Ligasiga qaytarish, Angliya turnir jadvalida peshqadamga aylantirish...»
Bular bugungi De Xeaning orzulari.
Daily Mail materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
15:52 / 21.11.2024
Ruben Amorim - Ronaldu unga qo‘ygan laqab, yangi uslub va «MYu»da nimalarni o‘zgartirmoqchiligi haqida
16:05 / 08.11.2024
«Old Trafford»da «Amorim-bol»: Yangi murabbiy qo‘l ostidagi «MYu» qanday taktik yechimlar taqdim etadi?
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
16:20 / 02.11.2024