Jahon | 00:20 / 14.05.2018
7375
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyadagi 3 ta cherkov bir oila a'zolari tomonidan portlatilgani ma'lum bo‘ldi

Foto:Reuters /Darren Whiteside

Indoneziyadagi cherkovlarda portlash sodir etganlar bir oila a'zolari bo‘lganlar. Bu haqda Indoneziya milliy politsiyasi boshlig‘i Tito Karnavianga iqtibos keltirgan holda ABC telekanali ma'lum qildi.  

Avvalroq Indoneziyaning yirikligi bo‘yicha 2-raqamli shahri Surabayadagi katolik cherkovlarda portlashlar yuz bergani ma'lum qilingandi. Portlashlar oqibatida 11 kishi halok bo‘lib, 40 dan ko‘prog‘i jarohatlar olgan.

Ma'lum qilinishicha, oila boshlig‘i avtomobil yordamida birinchi portlashni sodir etgan. Ikkinchi portlash uning 18 va 16 yoshli o‘g‘illari tomonidan mototsikldan foydalangan holda amalga oshirilgan. Ona esa 12 va 9 yoshli farzandlari bilan uchinchi portlashni sodir etgan.

Aniqlanishicha, ushbu oila a'zolari birmuncha vaqt avval Suriyada bo‘lishgan. 

Politsiya voqea joyini ko‘zdan kechirish vaqtida ikkita cherkovda yana 3 ta portlamay qolgan bombani aniqlagan. Hujumlardan keyin Surubayadagi barcha cherkovlar ma'lum muddatga yopib qo‘yilgan va taomlar festivali bekor qilingan.

Portlashlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan. Politsiyada taxmin qilinishicha, xudkushlar IShID bilan aloqador mahalliy “Jamoa ansharut daula” guruhiga kirishgan. Ushbu guruh a'zolari oxirgi yil davomida Indoneziyada bir nechta hujumlarni amalga oshirgan.  

Indoneziyada nasroniylarga qarshi sodir etilgan ushbu hujum 2000 yilda Rojdestvo arafasida cherkovlarga sodir etilgan hujumlardan keyingi eng yirigi bo‘ldi. O‘sha hujumlar vaqtida 15 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ko‘proq odam jarohat olgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid