Jamiyat | 12:20 / 14.05.2018
24158
6 daqiqa o‘qiladi

Nogironlarga davlatning ortiqcha puli yo‘qmi? Ko‘zi ojizlar jamiyati vakillariga maosh berilmayapti

Odatda sog‘lom odamlar o‘zlaridagi bebaho ne'matlarga noshukrlik qilishadi. Yo‘qsa, jismonan imkoniyati cheklanganlarga boshqacha nigoh bilan qaragan bo‘lishardi. Gap «Kun.uz» saytida bir yil muqaddam tilga olingan «unutilayotgan odamlar» haqida. Tahririyatimizga kelgan bir murojaat e'tiborimizni tortdi. Qo‘ng‘iroqlashdik. O‘sha samimiy va chorasiz ovoz. Shundan so‘ng vodiyga safarimiz chog‘ida Farg‘ona shahrida bo‘ldik. «Ko‘zi ojizlar jamiyati» Farg‘ona viloyati bo‘limi manzili sari yo‘l oldik. Bizni jamiyat raisi Bahodirjon kutib oldi. Birrov Farg‘ona oqshomida sayr qildik. Ular bilan samimiy suhbatda bo‘ldik.

Bahodir Boltaboyev: Ko‘zi ojizlar jamiyati Respublika miqyosida tashkil etilgan ko‘zi ojizlarni ko‘llab-quvvatlaydigan yagona jamoat birlashmasi hisoblanadi. Tarixi haqida fikr yuritsak, mana 86 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelyapti.

Jurnalist: Xo‘sh,bu jamiyat asosan nima vazifa bilan shug‘ullanadi?

Bahodir Boltaboyev: Jamiyatning asosiy maqsadi - ko‘zi ojiz nogironlarni jamiyatda yagona manfaat yo‘lida birlashtirish. Ularning orasida uyda qolib ketgan jamiyat a'zolari, o‘qishga kira olmaganlari va ishga joylasha olmaganlari bor. Shularni turli xil ko‘rik-tanlovlar tashkil etish orqali ruhiy qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Jurnalist: Jamiyatning qancha a'zosi bor?

Bahodir Boltaboyev: Bizning viloyatimizda 7054 nafar ko‘zi ojiz nogironlar bor. Jamiyat shu a'zolar uchun seminar-treninglar tashkil etadi. Homiylar topib, ijtimoiy reabilitatsiya vositalari va «Brayl» (ko‘zi ojizlar uchun maxsus alifbo)  daftarlari tarqatiladi.

Jurnalist: Jamiyat qaysi  mablag‘lar orqali ushbu tadbirlarni o‘tkazadi? Hozirgi kunda bu bo‘yicha muammolar bormi?

Bahodir Boltaboyev: Barchasi homiylar orqali tashkil etiladi. Muammolar asosan ish haqi to‘xtab qolgani sababli bo‘lmoqda. Byudjyet hisobidan 9ta shtatga ish haqi 26 yil davomida uzluksiz berib kelinar edi. Xayriyani ish haqi qilib ishlatish noqulaylik tug‘diradi, qolaversa, bu pullar maoshlarning yarmini ham qoplay olmaydi. Maosh to‘lash 2018 yilning yanvar oyidan beri to‘xtab qoldi. 2017 yil ham to‘xtab qolgan edi. «Kun.uz» saytining avvalgi yili e'lon qilgan «Unutilayotgan odamlar» nomli maqolasidan so‘ng vaziyat o‘nglangan edi...

Jurnalist: Nega hokimlik mutasaddilariga murojaat qilmayapsiz?

Bahodir Boltaboyev: Biz dekabr oyida murojaat qilgandik. Har yili viloyat hokimiga yillik ish haqi bo‘yicha murojaat qilamiz. Ular shu asosda Moliya boshqarmasining tavsiyasi bilan oylik ish haqiga farmoyish chiqarib berishardi. Bu yil esa vaziyat o‘zgardi. Moliya boshqarmasi bu gal salbiy tavsiya bergan. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tekshiruvga kelganda, biz bu mablag‘ni jamiyatga yo‘naltirganimizni tushuntirib bera olmaymiz deya javob berishdi. Jamiyatga davlat byudjyetidan mablag‘ berilishi ko‘rsatilmagan, deb ta'kidlashdi. Shundan so‘ng, Hisob palatasiga bordik. U yerdagi mutaxassislarga vaziyatni tushuntirdik. Palata viloyatga shu masalada qo‘ng‘iroq qilgan. Lekin bu urinishlarning amaliy yechimi bo‘lgani yo‘q.

Foto: Kun.uz

Jurnalist: Bu masala bo‘yicha viloyat hokimligi va mutasaddilariga tushuntirishning imkoni bo‘ldimi?

Bahodir Boltaboyev: 2018 yil yanvar oyidan beri ko‘risha olganimiz yo‘q. Ularning yumushlari ko‘paygani sababli, ko‘p vaqtlari tumanlarda o‘tmoqda deb javob berishmoqda. 9 fevral kuni hokimning o‘zi bilan uchrashdik. Bu yig‘ilishda hokim bizga yuzlanib, «Yigirma olti yildan beri ish haqi olar ekansizlar, o‘zi shu vaqt mobaynida nima ish qildinglar?» dedi. Yetmish yoshli jamiyat faxriysi bu savolga javob berishga chog‘langanida esa, hokim moliya boshqarmasiga yuzlanib: «Bular nima ish qildi o‘zi?» deya gapirishga yo‘l qo‘ymadi ham. Bir yil ham faoliyat olib bormagan moliya rahbari hech narsa qilmagan deb tasdiqladi. Shu yerda «Davlatning ortiqcha puli bormi, hech narsa qilmabsizlarku» deb bizni tashqariga chiqarib yubordilar. Vaziyat murakkablashib ketmasligi uchun qayta biror fikr aytmadik va murojaat qilmadik.

Suhbatimiz uzoq davom etdi. Biz Bahodirjonga yaxshi tilaklarimizni izhor etdik. Shundan so‘ng biz Farg‘ona viloyati hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha muovini Sadriddin Qo‘chqorov bilan bog‘landik. Mazkur masala yuzasidan uning izohini oldik. Ular «Ko‘zi ojizlar» jamiyati byudjyet tashkiloti emasligi sababli mablag‘ ajratilmaganini ma'lum qildi. Biroq jamiyatga boshqa manba hisobidan (96 mln so‘m) bir yillik oylik ish haqi mablag‘ini o‘tkazib berishlarini, bu muammo 2 kun ichida ijobiy yechim topishini ta'kidladi.  Ammo unday «2 kunlar»dan ko‘pi o‘tib ketdi. Muammo esa yechilgani yo‘q. 

Shuni unutmaylikki, «unutilayotgan odamlar» aslida bizning kimligimizni yodga solib turuvchi ulug‘vor insonlardir!

Mavzuga oid