Iqtisodiyot | 13:10 / 14.05.2018
18457
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish uchun jiddiy ishga kirishdi

Foto: Flickr

O‘zbekistonda Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib kirish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri respublika Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarovga asoslangan holda xabar bermoqda. 

«Tashqi savdo vazirligi rahbarligida Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lib kirish bo‘yicha  idoralararo komissiya tuzildi. Muzokaralar guruhlariga rahbarlar tayinlash bo‘yicha ish olib borilmoqda. Jyenevada O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotidagi doimiy vakili lavozimi tiklanadi», – degan Saifnazarov Toshkentda Jahon savdo tashkiloti va Jahon banki ekspertlari ishtirokidagi xalqaro seminardagi chiqishi vaqtida. 

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, JSTga a'zolikning muayyan yo‘nalishlar va iqtisodiy sektorlarga ta'sirini baholash bilan shug‘ullanuvchi 8ta kichik guruh tuzilgan. 

Saifnazarovning ishonch bildirishicha, O‘zbekiston savdo sohasini liberallashtirishni o‘z oldiga maqsad qilgan, JSTga a'zo bo‘lish esa – mamlakatni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.

U bu yo‘nalishdagi asosiy qadamlardan biri sifatida 2017 yilning sentyabrida valuta konvertatsiyasi ochilishini eslab o‘tgan. U bu islohot tufayli «tashqi savdo faoliyati taraqqiyoti uchun muhim turtki bo‘lgani va mamlakat qarshisida yangi eshiklar ochilgani»ni ta'kidlab o‘tgan. 

«Soliq tizimini isloh qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda, shuningdek, bojxona tizimidagi qonunchilik qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, eksport bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlandi, oldindan to‘lovsiz eksport qilish tartibi joriy qilindi», – deya qayd etgan Saifnazarov. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, 2017 yilda tashqi savdo bo‘yicha cheklovlar bekor qilinishi evaziga 1000dan ortiq yangi korxonalar eksport faoliyatiga jalb etilgan. 118dan ortiq yangi tovarlar eksporti yo‘lga qo‘yilgan, mahsulotlar yetkazib berilish geografiyasi yangi 62ta bozor nuqtasi hisobiga kengaygan. 

Jahon savdo tashkiloti mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo muloqotlarini o‘tkazish va bu boradagi nizolarni hal etish imkoniyatini beruvchi  global maydon hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoning 164 ta davlati unga a'zo. BMT mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarni, Jahon savdo tashkiloti esa ular o‘rtasidagi savdo munosabatlarini tartibga soladi.  

Bugungi kunda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotda kuzatuvchi sifatida qatnashib keladi.

O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lib kirish uchun 1994 yilda ariza bergan. Bugungi kungacha ushbu masalada ishchi guruhlarning 3ta yig‘ilishi o‘tkazilgan. Bunday yig‘ilishlarning oxirgisi 2005 yilda bo‘lib o‘tgandi.

O‘tgan yili mamlakat hukumati tashkilotga a'zo bo‘lish uchun barcha zarur jarayonlarni tiklashga tayyorligini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid