O‘zbekiston | 00:46 / 15.05.2018
9155
3 daqiqa o‘qiladi

«Bir makon, bir yo‘l»​: ​Markaziy Osiyo​ iqtisodiyoti o‘sib borishiga imkoniyat mavjud

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 14 may kuni Toshkentda «​O‘zbekiston va Xitoy: «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari»​ mavzuida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad - «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi tadqiqotchisi Jao Longning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi Xitoydan tashqari, qolgan davlatlarga ham foyda olib keladi.

«​Mazkur loyiha mega ko‘lamda bo‘lib, barchamiz uchun tarixiy ahamiyatga ega. Biz barchamiz, xususan Xitoy ham tashabbusga ichki manfaatlaridan kelib chiqib yondashmoqda. Shoshmaslik lozim, hamkorligimiz mustahkam bo‘lishi uchun munosabatlarning barcha jihatiga e'tibor qaratamiz. Maqsad va vazifalarni qisqa muddatli, shuningdek uzoq muddatli ko‘rinishda guruhlarga ajratish kerak.

Menimcha, mazkur tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiy ko‘rsatkichlarini bir necha barobar oshirib olishga imkoniyat beradi.

Birgina Angren-Pop yo‘nalishidagi temir yo‘l qurilishi - tashabbus nafaqat Xitoyga, balki Markaziy Osiyoga ham foydali ekanini bildiradi»​, deydi.

Anjumanda O‘zbekiston va Xitoyning yetakchi tadqiqot markazlari rahbarlari va ekspertlari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, shuningdek, mahalliy davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi doirasida transport-kommunikatsiya, savdo, iqtisodiyot, sayyohlik, ilmiy-ma'rifiy sohalardagi ustuvor vazifalar va istiqbollarga oid masalalar muhokama qilindi.

Ma'lumot uchun, «Bir makon, bir yo‘l» - Xitoyning xalqaro tashabbusi bo‘lib, u Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika mintaqalarida joylashgan 60dan ortiq mamlakatlarni bog‘lovchi mavjud iqtisodiy yo‘laklarni yanada takomillashtirish va yangi transport va savdo yo‘llarini yaratishga qaratilgan. Ushbu davlatlar jahon yalpi ichki mahsulotining 55 foizini, global energiya zahiralarining 75 foizini o‘zida jamlagan. 2013 yildan buyon Xitoy «Bir makon, bir yo‘l» doirasida xorijiy mamlakatlar iqtisodiyotiga 50 milliard dollar sarmoya kiritdi. Pekin 900ta investitsion loyihani amalga oshirish uchun 890 milliard dollardan ziyod mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid