Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining oyligi o‘rtacha 45 foizga oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining ijodiy mahoratini munosib baholashni ta'minlashga, kasbiy darajasini hamda malakasini uzluksiz oshirishi uchun rag‘batlantirish usullarini yaratishga yo‘naltirilgan mehnatiga haq to‘lash va moddiy ta'minotini yaxshilash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zarxiv” agentligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining:
- 2018 yil 1 iyundan davlat madaniyat muassasalari artistlari, ma'muriy-boshqaruv, badiiy-rahbar, ijodiy va boshqa xodimlarining, shuningdek, davlat arxivlari boshqaruv xodimlari va mutaxassislarining (keyingi o‘rinlarda – davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlarining xodimlari) mehnat haqi miqdorlarini o‘rtacha 45 foizga oshirish;
- 2018 yil 1 iyundan davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlarining malaka toifalari va lavozimlari bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlarini belgilashni nazarda tutuvchi mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish hamda lavozim maoshlari o‘rtasidagi tafovutni ko‘paytirish hisobiga kasbiy o‘sishni rag‘batlantirish;
- 2018 yil 1 iyundan O‘zbekiston davlat sirki, hayvonot bog‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining ko‘zi ojizlar uchun kutubxonalari hamda davlat arxivlari xodimlarining alohida toifalariga teatr-konsert tashkilotlarining artistlari va badiiy xodimlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun belgilangan miqdorlarda har oyda taqdirlash puli to‘lanishini belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanmoqda.
Qarorda nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimi joriy etilishi va uzoq muddat xizmat qilganligi uchun har oyda taqdirlash puli to‘lanishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari va tegishli davlat madaniyat muassasalari hamda davlat arxivlarining byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
2018 yil 1 iyundan konsert-tomosha ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarni (shu jumladan, norezidentlarni) jalb etish yo‘li bilan ommaviy tomosha tadbirlarini tashkil etishdan daromadlar oladigan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 30 foizdan 5 foizgacha pasaytiriladi.