Light | 01:35 / 17.05.2018
38904
15 daqiqa o‘qiladi

Kuchli xarakter, moliyaviy imperiya, siyosiy iroda: Donald Tramp hayotiga nazar

Foto: AP

Donald Jon Tramp – amerikalik tadbirkor, milliarder,qurilish bo‘yicha magnat, mehmonxona va kazinolar yirik tarmog‘i egasi. Biznes va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha ko‘plab kitoblar muallifi. Respublikachilar  partiyasi a'zosi. 2016 yilning 8 noyabr kuni Tramp AQShning 45-prezidenti etib saylandi.

Uning bolaligi

1930 yilda shotlandiyalik 18 yoshli qiz Meri Mak Laud Nyu-Yorkka ta'tilga keladi. U yerda taqdir qizni nemis immigrantlarining o‘g‘li, yosh bo‘lishiga qaramay, shaxsiy qurilish kompaniyasiga ega 25 yoshli Fred Tramp bilan uchrashtirdi. 1936 yilda juftlik nikohdan o‘tdi; ular obro‘ga ega Kuins tumanidan kottej xarid qilishdi.

Foto: Facebook/DonaldTrump

Oila boshlig‘i qurilish biznesi bilan shug‘ullanishda davom etdi, Meri esa o‘zini onalikka baxsh etdi. Donald Tramp oilada to‘rtinchi farzand edi. Biroq otasidan qattiqlik va qat'iyatni meros qilgan bolakay kichik uka roliga ko‘nishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Donaldning og‘ir xarakteriga ota-onasi, o‘qituvchilar ham chiday olishmadi. 13 yoshli bolaga Nyu-York harbiy akademiyasiga borishi aytildi.

Foto: Facebook/DonaldTrump

Kadetlik vaqtida Tramp o‘zini yaxshi intizomli o‘quvchi sifatida namoyon etdi. U yaxshi baholar, ijtimoiy moslashuvchanlik bo‘yicha yuqori ko‘nikma va sportda yutuqlari bilan maqtana olardi. Ota-ona tezda aqlini yig‘ib olgan o‘g‘illaridan xursand edilar. Uni hatto boshqa farzandlarga ham o‘rnak sifatida ko‘rsata boshlashdi.

Karerasining boshlanishi. Muvaffaqiyat sari ilk qadamlar

1964 yilda Tramp harbiy akademiyani a'lo natija bilan tugatib, Fordem universitetiga o‘qishga kirdi. U yerda 4 semestr o‘qigach, Pensilvaniya universitetidagi Uorton biznes maktabiga o‘tib ketdi. 1968 yilda u iqtisodiy fanlar bakalavri darajasiga ega bo‘ldi, undan keyin otasi Trampni oila biznesiga qabul qildi. Donald ko‘chmas mulkka jiddiy qiziqdi, kelajakda Tramplarning qurilish imperiyasi merosxo‘ri bo‘lish va otasining boyligini bir necha barobar oshirishga umid qildi. Yosh Donald Tramp oilaviy biznesda ishga kirishib ketdi.

Foto: Facebook/DonaldTrump

Donaldga ishonib topshirilgan ilk loyiha Ogayo shtatida 1200 xonadonga ega “o‘rta qatlamga” mo‘ljallangan Swifton Village ulkan turar-joy kopleksi edi. Kichik Tramp rahbarligida kompaniya loyihani bir yil davomida qurilishga 6 million AQSh dollari sarflab, apartament savdosidan 12 million daromad bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi. Swifton Village turar-joy kvartali - Donald Trampning ilk loyihasidir.

Foto: Facebook/DonaldTrump

Ikki baravar daromad – kareraning a'lo darajali ibtidosi. Biroq Tramp erishilgan natijada to‘xtab qolishni istamasdi. Ogayodagi xonadonlar qurilishi davlat tomonidan moliyalashtirilgan edi. Biroq Donald jiddiyroq loyihalarda moliyaviy ko‘mak uchun nodavlat tashkilotlarga murojaat etish kerakligini tushunardi: bankirlar, top-menejyerlar, neft magnatlari. 1971 yilda Donald Nyu-Yorkning yuragi – Manxetten orolida apartament ijaraga oldi. Bu yerda uning tanishlari doirasi katta ta'sir kuchiga ega insonlar bilan boyidi.

Imperiyaning vujudga kelishi

1974 yilda Tramp yangi aloqalar yordamida yarim buzilgan holatdagi Commodore mehmonxonasini tiklash bo‘yicha tenderni yutib oldi. Mehmonxona atrofidagi ko‘plab binolar inqiroz chegarasida bo‘lgan shaharning o‘zi kabi achinarli ahvolda va moliyaviy yordamga muhtoj bo‘lgani uchun Donald meriyadan 40 yillik soliq imtiyozlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, Nyu-Yorkning yirik banklari unga umumiy qiymati 70 million AQSh dollari bo‘lgan ipoteki kreditini ajratishdi. Trampdan talab etiladigan yagona shart – tumanni tartibga keltirish edi. Donaldning firmasi ishga kirishib ketdi. Olti yil o‘tgach, Manxetten aholisi avvalgi zerikarli sariq bino o‘rnida atrofi yangi, yashash uchun qulay kvartallar bilan o‘ralgan oyna va po‘latdan ishlangan 25 qavatli monolitni ko‘rishga erishdilar.Ancha vaqt o‘tgach, 1996 yilning oktabr oyida mehmonxonaning yarmiga egalik huquqini yirik mehmonxona tarmog‘i Hyatt sotib oldi. Natijada Trampning boyligi 142 million AQSh dollariga ortdi. Tramp Manxetten ko‘rinishini batamom o‘zgartirib yubordi.

Foto: Facebook/DonaldTrump

1979 yilda Donald 5-avenyudagi Tiffany&Co zargarlik do‘koni qarshisidagi yer uchastkasiga e'tiborini qaratdi. Biznesmendan aynan nima uni shu yerni sotib olishga majbur qilgani to‘g‘risida so‘rashganida, u shunday javob berdi: “Tiffani do‘konlari atrofida Nyu-Yorkning eng badavlat odamlari “aylanadi”. 1983 yilda bu yer uchastkasida 58-qavatli osmono‘par bino Trump Tower qad rostladi. O‘z bo‘yi bilan barcha shahar binolarini ortda qoldirdi. Uy o‘sha zahoti elita turar-joyi mashhurligiga ega bo‘ldi: apartament derazalari Markaziy bog‘ga qaragan, pastda bir necha butik do‘kon va restoranlar joylashgan. Pol pushtirang marmar bilan qoplangan, kiraverishda esa uch metrli favvora.

Foto: Facebook/DonaldTrump

1977 yilda Nyu-Jyersi azart o‘yinlarni qonuniylashtirgach, Tramp uning oldida mazali bo‘lak turganini tushundi va uni qo‘ldan chiqarmaslikka harakat qildi. 1980 yilda Atlantik-Sitidagi yerni qo‘lga kiritdi va akasi Robertga o‘yin biznesiga litsenziya olishni topshirdi.1982 yilda qiymati 250 millioan AQSh dollariga teng, ulkan mehmonxona-ko‘ngilochar kompleks Trump Plaza Hotel & Casino ning ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Getty Images

1986 yilda Donald Xilton tarmog‘i shahar mehmonxonasini sotib oldi va uning o‘rnida 320 million AQSh dollari qiymatiga teng “Tramp Qasri” (Trump’s Castle)ni barpo etdi. Parallel ravishda dunyodagi eng yirik mehmonxona-kazino «Toj-Mahal»ning qurilishini boshlab yubordi. U 1990 yilda o‘z eshiklarini tashrifchilarga ochdi.

Moliyaviy inqiroz bo‘sag‘asida

90-yillar boshiga kelib, Trampning boyligi 1 milliard AQSh dollari qiymatida baholangan. Mehmonxona, kazino va “lyuks” klassdagi turar-joy osmono‘par binolardan tashqari, Tramp hisobida Trump Shuttle Airline aviakompaniyasi, New Jersey Generals futbol jamoasi va Donaldning o‘zi ham hisobini yo‘qotgan ko‘plab kichik korxonalar. Katta hajmli biznesi ustidan nazoratni qadam-baqadam yo‘qota boshladi. Tramp xoldingi nazoratdan butunlay chiqib ketdi.

Foto: Getty Images/ Joe McNally

Yangi loyihalar qarz mablag‘lari evaziga moliyalashtirildi, bu esa xatarli edi. Yirik bank va investitsion kompaniyalar Trampning kreditorlariga aylanishdi: Citicorp, Merrill Lynch, Chase Manhattan. Biznesmenning qarzlari orta boshladi, ko‘chmas mulk sohasidagi inqiroz bankrotlikni yanada kuchaytirdi. 90-yillar boshida kreditorlardan qarzlar 9,8 milliard AQSh dollariga yetdi. Undan 900 million dollarni Tramp o‘z cho‘ntagidan to‘lashiga to‘g‘ri keldi. Inqiroz bo‘sag‘asidagi biznesmen Trump Tower osmono‘par binosini qarzga tikishga majbur bo‘ldi. Matbuot olovga yog‘ quyib, Trampning har bir qadamini muhokama qilar edi.

Foto: EPA

Trampning tug‘ma qat'iyati sababli Donald qarz botqog‘idan chiqishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yin biznesidan keladigan daromad qarzning katta qismini yopdi. 1997 yilga kelib, magnat barcha qarzlarini yopib, yangi loyihalar ustida ishlashni boshladi. 2001 yilda Trampning kompaniyasi Daewoo korxonasi bilan hamkorlikda 72-qavatli Trump World Tower binosi qurilishini yakunladi. 262 metrli o‘smono‘par bino BMTning Manxettendagi qarorgohi ro‘parasida qad ko‘tardi. 2008 yildagi moliyaviy inqiroz Trampning qurilish imperiyasi uchun yangi kutilmagan holat bo‘ldi. Savdolar tushib ketgani sabab u 40 millionli kreditni o‘z vaqtida to‘lay olmadi. Milliarder qarzni o‘z mablag‘i hisobidan yopish imkoniga ega bo‘lsa-da, u bankrotlik haqida e'lon qildi va inqiroz fors-major holati ekanini aytdi. 2009 yilning 17 fevralida Tramp shaxsiy kompaniyasining Direktorlar kengashidan ketishini ma'lum qildi.

Trampning  televideniyedagi karerasi

2002 yilda Tramp praym-taymda “Nomzod” deb nomlangan realiti shouni ishga tushirdi. Ishtirokchilar Tramp kompaniyasining menejyeriga aylanish uchun o‘zaro kurash olib borishlari talab etilardi. Omadsiz ishtirokchilarni biznesmenning taniqli gapi: “Siz haydaldingiz!” kutib turardi (hatto 2004 yilda u «You are fired!» savdo markasini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ariza bergan). Birinchi faslning har bir chiqishi uchun u 50 ming dollarga yaqin pul olgan, biroq ikkinchi fasl boshlangach, har bir qismning narxi 3 million dollarga oshdi. Shunday qilib, Tramp televideniyening eng ko‘p haq oladigan boshlovchisiga aylandi. Har payshanba kuni NBC efirida afsonaviy “Siz haydaldingiz!” jaranglardi.

Foto: Getty Images/ Joe McNally

2006 yilda Tramp NBC bilan hamkorlikda Miss Universe Organization kompaniyasini sotib oldi. U “Borliq go‘zali” va “Amerika go‘zali” kabi go‘zallik tanlovlarini o‘tkazish bilan shug‘ullanar edi.

Shuningdek, qurilish magnati bir necha kinofilm va seriallarda suratga tushdi: masalan, «Uyda yolg‘iz 2: Nyu-Yorkda yo‘qolgan»da u kichik  Makol Kalkinga yo‘lakdan o‘tishni tushuntirgan.

Foto: "Uyda yolg‘iz-2" filmidan

2007 yilda Gollivudning “Mashhurlik xiyoboni”da Trampning shaxsiy yulduzi paydo bo‘ldi. U biznesmenga “Nomzod” realiti-shousini yaratganligi uchun topshirildi. Trampning yulduziga bir necha marta “ko‘z olaytirishgan”.

O‘sha yilning oktabr oyida Donald Larri Kingning studiyasiga taklif etildi. U yerda kichik Jorj Bush va Anjyelina Jolining tashqi ko‘rinishi to‘g‘risida keskin fikr bildirdi. Ko‘pchilik uning boshqa so‘zlarini eslab qolishdi: o‘shanda Tramp Rudolf Juliani va Xillari Klinton keyingi saylovda o‘z nomzodlarini qo‘yishsa, shubhasiz ularni qo‘llashini aytgan. 2013 yilda Tramp yana ushbu boshlovchining mehmoni bo‘lganida unga ushbu nutqni eslatishgan.

Siyosiy nutq. Eng  ko‘p ta'sir kuchiga ega respublikachi

80-yillardayoq Trampni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rishgan. Biroq o‘sha vaqtlari Donaldning siyosiy kompasining millari o‘ng va so‘l qutbga borib-kelardi. 2009 yilda shaxsiy qarashlariga oydinlik kiritib, Respublikachilar partiyasiga qo‘shildi. Yetuk iqtisodchi va boshqaruvchi Donaldni 2011 yildayoq prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga nomzod sifatida ilgari surishga intilishgan. Biroq biznesmen xususiy sektorni tashlab ketishga tayyor emasligini aytgan.

2015 yilning iyun oyida Tramp AQSh aholisiga o‘ylab ko‘rgani va prezidentlik kursisi uchun kurashishga tayyorligini bildirdi. Trampning prezidentlik kampaniyasi jiddiy o‘ylangan edi: birinchi bo‘lib, respublikachilarning maskani bo‘lgan Nyu-Gempshir shtatiga tashrif buyurdi, keyin esa Nevada va Kaliforniya – Donalddan ilgari katta moliya olgan shtatlarga sayohat uyushtirdi. Shuningdek, o‘zini qo‘llab-quvvatlayotgan saylovchilar bilan bir necha marta mitinglar o‘tkazdi. Trampning saylovoldi kampaniyasi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Trampning xarakteri mashhurligiga ta'sir ko‘rsatdi: yangi siyosatchi ochiqchasiga, o‘z nutqida “bashang” so‘zlarni ishlatmaslikka odatlangan edi.  Tramp kampaniyasining asosiy tezislari immigartsiya, iqtisodiyot va ichki siyosatga tegishli edi. Saylovlarda muvaffaqiyat qozonsa, Tramp Meksika bilan chegarada Buyuk Xitoy devoriga o‘xshagan inshoot qurishini aytardi. Shuningdek, bir necha marta IShID qurolli kuchlarini zudlik bilan yo‘qotish haqida ham bir necha marta nutq so‘zlagan.

Donald Barak Obama tibbiy dasturini bekor qilishni talab qildi. U bu davlatga qimmatga tushayotgani, u soliq to‘lovchilar uchun samaraliroq va arzon usullarni topishini aytdi.

Iqtisodiy sektorda hatto demokratlar ham unga quloq solishardi: u ishlab chiqarishni AQSh hududiga qaytarish zaruriyati, xorijda chiqarilgan Amerika kompaniyalari mahsulotlariga  soliqlarni oshirish haqida ta'kidlagan, shuningdek, Xitoy bilan savdo urushi zaruriyatini isbotlagan.

U o‘z fikrini 2015 yilda nashr etilgan kitobida bafurja ma'lum qilgan. 

Forbes jurnali bahosiga ko‘ra, 2016 yilda Donald Trampning boyligi 4 milliard dollardan oshib ketdi. U ko‘payishda davom etdi, bu ko‘chmas mulkni litsenziya qilish hisobiga ham yuz berdi. Quruvchilar Trampning nomidan yangi loyihalarni qurish va sotish uchun unga pul to‘lashardi.

Foto: Reuters

2016 yilning martida Donald Trampni Respublikachilar partiyasidan eng ishonarli nomzod deb topishdi. So‘nggi turda Xillari Klinton bilan to‘qnashishini bashorat qilishdi.

Donald Tramp haqida qisqacha ma'lumotlar:

Ismi: Donald Tramp (Donald Trump)

Tug‘ilgan kuni: 14 iyun 1946 (72 yosh)

Tug‘ilgan joyi: Nyu-York, AQSh

Bo‘yi: 191 sm

Og‘irligi: 100 kg

Burji: Egizaklar

Sharqiy goroskop: It

Faoliyati: AQShning 45-prezidenti

Mavzuga oid