Davlat xaridlari sohasidagi qonunbuzarliklar uchun qanday choralar ko‘riladi?

Illyustrativ foto
Loyiha boshqaruvi milliy agentligining buyrug‘i bilan Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Norma.
Eslatib o‘tamiz, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun 9.04.2018 yilda qabul qilingan.
Davlat xaridida tovarlarni, ishlarni yoki xizmatlarni davlat buyurtmachilari tomonidan pulli asosda olish nazarda tutiladi. Ushbu sohadagi vakolatli organ Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (bundan keyin – LBMA) hisoblanadi.
Nizomda maxsus tashkil etilayotgan Komissiya tomonidan davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi belgilangan. Uning tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan LBMA bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Komissiya ishchi organi vazifalarini maxsus axborot portali operatori (bundan keyin – operator) amalga oshiradi.
Ma'lumot uchun: maxsus axborot portali – operatorning shu jumladan elektron davlat xaridlari o‘tkazilishini, shuningdek davlat xaridlari yakunlari to‘g‘risidagi e'lonlar va axborot joylashtirilishini ta'minlovchi veb-sayti hamda maxsus elektron platformasi.
Har bir davlat xaridi ishtirokchisi, shuningdek nazoratni amalga oshirayotgan shaxslar davlat buyurtmachisi, LBMA, xarid komissiyasi va uning a'zolari, operatorning harakatlari yoki harakatsizligi ustidan Komissiyaga shikoyat qilishi mumkin.
Davlat xaridlari doirasidagi shartnomaviy majburiyatlarni bajarish bo‘yicha nizolar Komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmaydi. Shartnoma tuzilgandan keyin beriladigan shikoyatlar bo‘yicha uning davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi tekshiriladi. Bu holda Komissiya shartnoma ijro etilishini 7 ish kunigacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turadi.
Qanday qonunbuzarliklar ustidan shikoyat qilish mumkin
Arizachi shikoyatni Komissiyaga yozma shaklda yoki shaxsiy kabinet orqali elektron shaklda yuboradi. Shikoyatga unda ko‘rsatilgan holatlarni tasdiqlovchi dalillar ilova qilinadi.
Quyidagi holatlarda shikoyat berilishi mumkin:
• davlat xaridi sub'yektlarining noqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan;
• xarid qilish tartib-taomillari buzilganda;
• ishtirokchilarning takliflari buyurtmachilar tomonidan asossiz qabul qilinmaganda yoki rad qilinganda;
• buyurtmachilar tomonidan ishtirokchilar sonini asossiz ravishda cheklashga yoki ularning malakasiga qo‘yilgan talablarni oshirishga, raqobatga yo‘l qo‘ymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga yo‘l qo‘yilganda;
• narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib ko‘rsatish maqsadida ishtirokchilar oldindan til biriktirganda;
• davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotdan foydalanish asossiz ravishda cheklanganda va b.
Shikoyatlar qanday ko‘rib chiqiladi
Komissiya davlat buyurtmachisi va ishtirokchisi ishtirokida shikoyatni o‘rganadi. Bunda xarid qilish tartib-taomili 10 kungacha bo‘lgan umumiy muddatga to‘xtatib turiladi. Komissiya shikoyatni olgan kunidan e'tiboran 7 ish kuni ichida qaror chiqarishi va axborotni axborot portaliga joylashtirishi shart.
Shikoyat bo‘yicha qaror Komissiya a'zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Shikoyat asosli deb topilsa, Komissiya tegishli choralar ko‘radi.
Komissiya qanday choralar ko‘rishi mumkin
Komissiya o‘z vakolatlari doirasida quyidagilarga haqli:
• buyurtmachining qonunga xilof harakatlariga, qarorlariga yoki u tomonidan qonunga xilof tartib-taomillar bajarilishiga doir taqiq o‘rnatish;
• buyurtmachining qonunga xilof qarorlarini, shu jumladan davlat xaridlari to‘g‘risidagi hujjatlar shartlarini buzadigan qarorlarini qisman yoki to‘liq bekor qilish;
• xarid qilish tartib-taomillarini tugatish haqida qaror chiqarish;
• ijrochini Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish;
• mansabdor shaxslarni va fuqarolarni davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli organlariga takliflar kiritish.
Hujjat 15.05.2018 yildan kuchga kirdi.
Tavsiya etamiz
O‘zbekistonliklarni haqoratlagan tiktoker qamoqqa olindi
Jamiyat | 09:52 / 10.04.2025
Xitoy o‘z fuqarolarini AQShga bormaslikka chaqirdi
Jahon | 22:59 / 09.04.2025
Savdo urushlari: Trampning maqsadi nima?
Jahon | 19:21 / 09.04.2025
10 kunda 5 holat: Toshkentda liftda qamalib qolish ko‘paymoqda
Jamiyat | 18:07 / 09.04.2025
Mavzuga oid

09:52 / 11.09.2024
Ayol kishining suratlarini internetga qo‘yib intim xizmatlar taklif qilgan shaxs ushlandi

07:35 / 10.09.2024
Ikki oyda 20 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzarliklar aniqlandi

07:51 / 29.02.2024
1 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan uchta davlat xaridida qonunbuzilish holatlari aniqlandi

23:13 / 30.01.2024