O‘zbekiston | 18:44 / 31.05.2018
19918
2 daqiqa o‘qiladi

«Biz raqobat muhitini yaratamiz». Salimov avtosanoat qayta tashkil etilishi haqida ma'lum qildi

Foto: GM Uzbekistan

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi avtomobilsozlik sanoatini qayta tashkil etishni boshladi. O‘zbekistonda yengil avtomobillarning boshqa ishlab chiqaruvchilari paydo bo‘ladi, deya ma'lum qilgan kompaniya boshqaruvi raisi Umidjon Salimov.

«Multibrending - biz uchun ustuvor vazifalardan biri. Odamlar faqat Chevrolet’da emas, balki boshqa mashinalarda ham yurishni xohlaydi, - dedi u jurnalistlarga. - Hozir biz avtomobilsozlik sanoatini qayta tashkil etish konsepsiyasini amalga oshirmoqdamiz. Bizning yagona sherik GM bilan ko‘p vaqt o‘tkazdik. Hozir bizda bozor va ishlab chiqarishni demonopolizatsiya qilish ketmoqda».
 
«O‘zavtosanoat» rahbari O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati yangi yo‘nalishda rivojlanishini ta'kidladi. «Biz raqobat muhitini yaratamiz. Bu aniq», - deya qo‘shimcha qildi Salimov.

Kompaniya Yevropa ishlab chiqaruvchilari, jumladan, Volkswagen bilan muzokaralar olib bormoqda. O‘zbekiston prezidentining Xitoyga bo‘lajak tashrifi chog‘ida Xitoy kompaniyalaridan biri bilan shartnoma imzolanishi kutilmoqda.

Joriy yilda GM Uzbekistan’ning Asakadagi avtomobil zavodi va Amerika sheriklaridan Toshkent motor zavodi aksiyalarini sotib olish jarayoni tugallanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston General Motors’ning Asaka zavodidagi aksiyalarini to‘liq sotib olishi xabar qilingandi

Mavzuga oid