O‘zbekiston | 11:40 / 01.06.2018
94290
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat» va Volkswagen birinchi bo‘lib qanday avtomobilni ishlab chiqarishi deyarli aniq 

Amarok pikapi/Foto: Volkswagen

Germaniyaning Volkswagen avtomobil konserni va «O‘zavtosanoat» O‘zbekiston hududida birinchi qo‘shma modelni ishlab chiqarish bo‘yicha liniyani ishga tushirishni deyarli muvofiqlashtirib oldi.

«Volkswagen bilan hamkorlikni olti oy oldin boshladik. Ularda bu yerda muqobil ishlab chiqarishni tashkil etishga ma'lum bir qiziqish mavjud. Bu bizning boshqa brendlar ishlab chiqarilishi bo‘yicha manfaatlarimizga mos keldi, sababi multibrending bizning ustuvor vazifalarimizdan biri», - deya xabar bergan «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Umidjon Salimov. 

Eslatib o‘tamiz, nemis konserni tarkibiga Yevropaning 7 mamlakatidan 12ta brend kiradi: Volkswagen - yengil avtomobillari, Audi, Seat, Skoda, Bentley, Bugatti, Lamborghini, Porsche, Ducati, Scania va MAN. 

«Birinchi yo‘nalish - bu Amarok pikapi, u muvofiqlashtirish jarayonida. Biz ishlab chiqarishning butun texnologik liniyasini deyarli kelishib oldik. Hozirda qiymat ustida ishlayapmiz. Yaxshi bilasizki, Volkswagen arzon mahsulot emas», - dedi O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati rahbari.
 
«O‘zavtosanoat» mutaxassislarining fikriga ko‘ra, pikaplar O‘zbekiston bozorida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

«Biz uchun Amarok juda qiziqarli mahsulot, chunki O‘zbekistonda pikaplar ishlab chiqarilmaydi va juda oz miqdorda sotiladi. Bizning fikrimizcha, pikaplar bozori - eng istiqbolli. Kelgusi 3-4 yil ichida u faqat o‘sadi. Shuning uchun, hamkorlikning birinchi yo‘nalishi - bu pikaplar. Albatta, biz Volkswagen’ning boshqa brendlari haqida ham parallel ravishda o‘ylab ko‘ramiz», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Salimov. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Salimov avtosanoat qayta tashkil etilishi haqida ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid