Sport | 20:50 / 02.06.2018
6320
11 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Peru terma jamoasi

PeRU TeRMA JAMOASI:

Foto: Buda Mendes/Getty Images

Laqabi: Inklar, "Oq-qizillar"
Konfederatsiya: Kanmebol
FIFA reytingidagi o‘rni: 11
Jamoa sardori: Alberto Rodriges
Terma jamoa tarixida eng ko‘p maydonga tushgan: Roberto Palasios (128)
Terma jamoa tarixida eng ko‘p gol urgan: Paolo Gerrero (32)
Eng yirik g‘alaba: Ekvador 9:1 (1938)
Eng yirik mag‘lubiyat: Braziliya 0:7 (1997)
Janubiy Amerika chempioni: 2 marta  (1939, 1975)
Jahon chempionati: Chorak final (1970)

TARIXI

Peruga futbolni 19-asrda britaniyalik immigrantlar va Angliyaga qaytgan peruliklar olib kelishgan. 1859 yilda britaniyaliklar poytaxtda kriket klubini tashkil etadilar va klub kriketdan tashqari regbi va futbol bilan ham ixtisoslashadi. Bir necha o‘n yillar mobaynida bu sport turlari Peruning yuqori qatlami uchun anchagina ommabop bo‘lishga ulgurdi. 

1912 yilda ilk bor Peru futbol ligasi tashkil topdi, ammo 9 yil o‘tib, klublar o‘rtasidagi nizolar tufayli yopildi. 1926 yilda chempionat yangitdan tashkil qilindi, oradan bir yil o‘tib esa, Peru terma jamoasiga asos solindi. Aynan o‘sha yili peruliklar Janubiy Amerika chempionatida debyut qilib, ilk o‘yinda Urugvayga 0:4 hisobida boy bergandilar. Ammo keyingi o‘yinda Peru Boliviya ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. 

Foto: Wikipedia

Peruning ilk oltin davri o‘ttizinchi yillarga to‘g‘ri keladi. 1930 yilda o‘tkazilgan ilk mundialga taklif qilingan peruliklar u yerda ikki o‘yinni ham boy bergan bo‘lishsa-da, Rodillo Negro nomi bilan mashhur bo‘lgan (Peru klublarida to‘p surgan mahalliy futbolchilarni shunday atashgandi) uchlik nafaqat Janubiy Amerikada, balki butun dunyodagi eng kuchli uchliklardan biri sifatida e'tirof etilgandi. O‘ttizinchi yillarda Peru Olimpiadada muvaffaqiyatli qatnashdi, shuningdek, 1939 yilda Janubiy Amerika chempioni bo‘lishdi. Ammo keyingi o‘n yillikda Peruda kutilgan rivojlanish ro‘y bermadi. Ko‘pchilik bu pasayishni mamlakatda ro‘y bergan iqtisodiy krizis va repretsiyalar bilan bog‘laydi. 

60-yillar oxiridagi ijobiy o‘zgarishlar va JCh-70 final bosqichiga yo‘llanma Perudagi ikkinchi oltin davrni boshlab berdi. Ugo Sotil - Teofilo Kubilyas hujumchilar juftligi bu natijalarning asosiy sababchilari sifatida tilga olindilar. O‘shanda Peru chorak finalgacha borishning uddasidan chiqqan va u yerda faqat bo‘lajak chempionlar Braziliyaga imkoniyatni boy bergandilar. Braziliya finalda Italiya ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozonganini eslasak, Peruning 2:4 hisobidagi mag‘lubiyati uchragani u qadar alamli mag‘lubiyat emasdi. 

Oradan besh yil o‘tib, Peru o‘z tarixida ikkinchi bor Janubiy Amerika chempioni bo‘ldi. Shuningdek, keyingi yillarda Peru yana ikki marta jahon chempionati final bosqichlariga yo‘l oldi. Meksikadagi chorak final terma jamoa uchun haligacha eng yaxshi natija bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, masalan, 1978 yilgi mundialda ham Peru ikkinchi guruh bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi. To‘rt yil oldin finalda to‘p surgan Niderlandiya kabi jamoa qatnashgan guruhda peruliklar birinchi o‘rinni olgandilar. 

Foto: Getty Images

Ikkinchi oltin davr Meksika-86 saralashidagi muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. Shundan so‘ng mamlakat futbol federatsiyasi terma jamoada avlodlar almashinuvini amalga oshirishga qaror qildi va terma jamoa asosini "Alyans" klubi a'zolari bo‘lgan yosh futbolchilar tashkil qilgandilar. Ammo bu jamoaning keyingi taqdiri ko‘pchilikka ma'lum bo‘lsa kerak. 1987 yilning 8 dekabrida "Deportiva Pukalpa" klubiga qarshi o‘yinga otlangan "Alyans"ning samolyoti dengizga qulaydi. Aviahalokatdan faqatgina samolyot uchuvchisi omon chiqdi, butun tarkib va murabbiylar vafot etdilar. 
Nihoyat, ikki yil oldin Amerika kubogidagi bronza va navbatdagi jahon chempionatiga yo‘llanma Perudagi uchinchi oltin davrni boshlab bersa, ne ajab.

 SARALAShDAGI JANJALLAR

Peruning saralash bahslaridagi muvaffaqiyati turli janjalli voqealar bilan davom etdi. So‘nggi turda peruliklar Kolumbiya terma jamoasiga qarshi bahs olib bordilar. Bu o‘yindagi durang Kolumbiyaga mundial yo‘llanmasini, Peruga esa, o‘tish turnirida ishtirok etish huquqini berardi. Biror tomonning mag‘lubiyati esa, o‘sha jamoani jahon chempionatidan chetda qoldirardi. 

Foto: ANDINA/Carlos Lezama

Ko‘pchilik kutganidek, o‘yin durang bilan tugagach, ayniqsa, futbolchilarning hatto maydonda bir-birlari bilan kelishib o‘ynaganliklari sezilib qoldi. Vaziyat katta e'tibor va rezonans keltirib chiqargan bo‘lsa-da, yakunda hech qanday chora ko‘rilmadi. Isbotning o‘zi yo‘q edi. 

Keyingi voqea esa, terma jamoa yetakchi futbolchisi Xose Paolo Gerreroning doping testi bilan bog‘liq. 36 yoshli futbolchining natijasi ijobiy chiqdi va u FIFA tomonidan 14 oyga futboldan chetlatildi. Yangi Zelandiyaga qarshi kechgan o‘tish o‘yinlari ham Gerrero ishtirokisiz o‘tdi. 

Ammo Gerrero taslim bo‘lmadi. hujumchi Shveytsariyaga uchib bordi va o‘zining aybsiz ekanini isbotlashga urindi. Hatto Rossiyada guruh bosqichidagi raqiblari Daniya, Fransiya va Avstraliya terma jamoalari sardorlarini ham jalb etib, diskvalifikatsiyani surdirishga muvaffaq bo‘ldi. Demak Paolo Gerrero jahon chempionatida ishtirok etadigan bo‘ldi. 

Foto: ANDINA/Carlos Lezama

Nihoyat, Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tish o‘yinlari ham tinch o‘tmaganini ta'kidlash kerak. Mahalliy muxlislar yangi zelandiyaliklarning o‘yinga tayyor holda bo‘lmasliklari uchun qo‘ldan kelgan ishni qildilar. Avvaliga, futbolchilar yashagan mexmonxonaning shundoq yonginasida pirotexnika vositalarini portlatishdi. Hatto aytishlaricha, qanaqadir sehr ishlatishga ham harakat qilishgan ekan. 

Nima bo‘lgandayam, Peruning 1982 yildan buyon ilk marotaba mundialga yo‘llanma olishi mamlakatda katta voqeaga aylandi. Yo‘llanma qo‘lga kiritilganda butun mamlakatda dam olish kuni deb e'lon qilinganini e'tiborga olsak, Peruning jahon chempionatidagi har bir o‘yini qanchalik katta voqe'lik bo‘lishini tasavvur qilsa bo‘ladi. 

BUGUNGI PeRU

Yuqorida tilga olinganidek, Xose Paolo Gerrero - Peru tarkibidagi asosiy yulduz. Terma jamoa tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi ham aynan Gerrero sanaladi. U o‘z faoliyatining eng yorqin yillarida Germaniyaga kelgandi va "Bavariya", "Hamburg" kabi klublar tarkibida to‘p surgandi. Muntazam jarohatlar futbolchiga Yevropadagi jiddiy nomlardan bo‘lishiga halaqit qilganini ta'kidlash kerak. U shuningdek og‘ir xarakteri bilan ham mashhur, doim darvozabonlar bilan qo‘pol to‘qnashuvlarda bo‘lgan, hakamlar bilan tortishgan va hatto bir marta muxlislardan biriga butilka otgan edi. Saralash o‘yinlarida ham u yetakchilik vazifasini yaxshi bajardi, uning olti goli Peruga kerakli o‘rinni olishiga katta yordam berdi. 

Shuningdek, Bundesliga muxlislari Jyefferson Farfanni ham juda yaxshi biladilar. O‘z vaqtida "Shalke" safida porlagan tezkor hujumchi so‘nggi mavsumda "Lokomotiv" safida Rossiya chempioni bo‘ldi. "Al Jazira"ga ketgach, Farfanning yulduzli davri ortda qolganini taxmin qilgandik, hatto terma jamoaga ham chaqirilmay qo‘ygandi. Ammo Rossiyada u o‘zining ikkinchi yoshligini boshdan kechirmoqda. Aynan uning Yangi Zelandiya darvozasiga urgan goli Peruning o‘tish o‘yinlaridagi muvaffaqiyatida poydevor bo‘lgandi. 

Foto: AP

Yoshlardan "Uotford"ning o‘ng qanot yarim himoyachisi Andre Karriloni alohida qayd etish kerak. U Portugaliyada, "Sporting" tarkibida ham Yevropaning bir qator klublari nazariga tushib ulgurgandi. Shuningdek, Kristian Kueva Braziliya chempionatida "San Paulo" tarkibida to‘p suradi va aytish kerakki, ushbu klubning asosiy pleymeykeridir. 21 yoshli tayanch yarim himoyachisi Renato Tapia esa, "Feyyenord" safida Niderlardiya chempioni bo‘lishga ham ulgurdi. 

Aynan mana shu futbolchilar Peru terma jamoasining asosiy kuchini tashkil qiladilar. 

MURABBIY

Foto: peru21.pe

Peru terma jamoasining so‘nggi yillardagi muvaffaqiyati argentinalik mutaxassis Rikardo Gareke nomi bilan bog‘liqdir. "Yo‘lbars" raqamli murabbiy 2015 yilda Peru terma jamoasini qabul qilib oldi va bir necha oy o‘tib, Amerika kubogida bronza medalini olib keldi. Endi esa, 36 yillik tanaffusdan so‘ng mamlakatga mundial nafasini olib keldi. 

60 yoshli mutaxassis Peruga kelguncha, asosan Argentina klublarida ishlagan, "Vales Sarsfild" jamoasini uch marotaba mamlakat chempioniga aylantirgan. Peruliklar bilan tanishchilik joyi esa, u 2007-08 mavsumda Peruning "Universitario" klubida ishlab, chempion bo‘lgandi.   

JCh-2018

Foto: AFP

Rossiyada peruliklarga yuqorida ham tilga olib o‘tilganidek, Daniya, Fransiya va Avstraliya terma jamoalari raqib bo‘ladilar. Dastlabki turda Peru Saranskda, 17 iyun kuni Daniyaga qarshi maydonga tushadi. Fransiyaga qarshi uchrashuv 21 iyun kuni Yekaterinburgga belgilangan. Guruhdagi so‘nggi uchrashuv esa, Avstraliyaga qarshi kechadi. Bu o‘yin 26 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.  

Mavzuga oid