Light | 00:10 / 04.06.2018
19251
3 daqiqa o‘qiladi

3 iyun kuni bilan bog‘liq olamshumul ixtirolar: parashyut, netbuk va boshqalar 

1785 yil 3 iyunida fransiyalik Fransua Blanshar dunyodagi ilk parashyutni taqdim qilgan. Parashyutning xomaki chizmalari bundan ancha avval yashagan Leonardo da Vinchi qo‘lyozmalarida topilgan bo‘lsa-da, biroq aynan Blanshar parashyutni havo shari falokatga uchraganda qo‘llanuvchi qutqaruv moslamasi sifatida taqdim qilgan.

Fransua Blanshar parashyuti
Foto: Travelask

Blanshar ilk parashyutni o‘zida sinab ko‘rishga jazm qila olmagan, buning o‘rniga u parashyutda 300 metr balandlikdan yerga itni tashlagan. U keyingi sinovlarida it o‘rniga qo‘ydan foydalangan. Parashyut bilan sakragan birinchi odam esa fransiyalik aeronavt Andre-Jak Garnere bo‘lgan va bu 12 yil o‘tgach sodir bo‘lgan.

Zamonaviy parashyutlar
Foto: Getty Images

Bugungi kunda qo‘llanuvchi parashyut esa 1911 yilda Kiyev harbiy bilim yurti bitiruvchisi va aktyor Gleb Yevgenevich Kotelnikov tomonidan yaratilgan. 

Gleb Kotelnikovning parashyuti
Foto:Fishki

1875 yil 3 iyunda Aleksandr Grexem Bell “garmonik telegraf”ning magnit mikrofoni yordamida ilk bor nutqni masofaga uzatgan. Bu tajriba pirovard natijada telefonning yaratilishiga olib kelgan. Telefonning ilk muvaffaqiyatli sinovi 5 yildan keyin – 1880 yilda amalga oshirilgan. Qurilma dastlab fotofon deb atalgan. 

Aleksandr Bell telefon orqali suhbatlashmoqda
Foto: ua.tehpo

1994 yil 3 iyunda Casio va Palm Computing kompaniyalari ilk cho‘ntakda olib yuriluvchi kompyuter – Zoomer’ni chiqargan. Bu qurilma ilk bor PDA (personal digital assistant yoki shaxsiy raqamli yordamchi)  nomini olgan va Apple Newton bilan raqobat qilishga chorlangan. Aynan Zoomer qurilmasi Apple o‘zining loyihasini tugatishiga olib kelgan. O‘shandan keyin Apple biror marta bunday qurilmalar bozoriga chiqishga urinmagan va faqatgina 2007 yilda iPhone’ni yaratib, bu bozorga zafar bilan qaytgan.

Zoomer 
Foto:pinsdaddy

2008 yil 3 iyunda Intel kompaniyasi Atom protsessorlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Protsessor ilk bor Taybeydagi Computex 2008 ko‘rgazmasida taqdim qilingan va shu yerning o‘zida Intel Atom’da ishlovchi ilk netbuklar namoyish qilingan. Hozirda netbuklar deyarli ishlab chiqarilmaydi.

Intel Atom negizida qurilgan ilk netbuklardan biri ASUS EeePC
Foto: Pocket-lint

 

Mavzuga oid