Sport | 16:43 / 04.06.2018
38241
9 daqiqa o‘qiladi
Jahon chempionatlari bilan bog‘liq qiziq faktlar
- Braziliya barcha final bosqichlarida ishtirok etgan yagona terma jamoa hisoblanadi. Shuningdek, ushbu terma jamoa bosh sovrinni eng ko‘p – 5 marotaba qo‘lga kiritgan.
- Meksikali darvozabon Antonio Karbahal 5 ta mundialda ishtirok etgan yagona futbolchi. U 1950 – 1966 yillarda bo‘lib o‘tgan barcha mundiallarda qatnashishga muvaffaq bo‘lgan.
- Bir turnirda eng ko‘p gol muallifi fransiyalik hujumchi Jyuss Fontendir. U 1958 yildagi jahon chempionatida 13 gol kiritgan.
- Jahon chempionatlari tarixidagi eng yirik hisoblar 9:0 va 10:1. Birinchi hisob ikki marta qayd etilgan: Vengriya – Janubiy Koreya (1954) va Yugoslaviya – Zair (1974) o‘yinlarida. 1982 yilgi turnirda esa Vengriya Salvadorni 10:1 yenggan.
- Ingliz futbolchisi Jyeffri Xerst final o‘yinida xet trik qilgan yagona futbolchi sanaladi. U 1966 yilgi finalda nemislar darvozasini uch bor aniq nishonga olgan.
- Vitorio Potstso o‘z terma jamoasini chempionlik shohsupasiga 2 marta olib kelgan yagona murabbiy sanaladi. U Italiya bilan birgalikda 1934 va 1938 yillarda chempion bo‘lgan. Germaniya terma jamoasi murabbiyi Ioaxim Lyovda bu natijani takrorlash imkoni bor.
- Frants Bekkenbauer (Germaniya) va Mario Zagalo (Braziliya) ham murabbiy, ham trener sifatida chempionlikka erishganlar. Turnir favoritlaridan biri bo‘lmish Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham ham futbolchi sifatida jahon chempioni bo‘lgan.
- Atigi 6 chempionat maydon egalarining g‘alabasi bilan yakunlangan.
- Braziliya (1958, 1962) va Italiya (1934, 1938) qatorasiga ikki marta chempion bo‘lishni uddalashgan. Germaniya bu yil ularning natijasini takrorlashi mumkin.
- Faqat Ispaniya va Germaniya terma jamoasining bir qator futbolchilarida ikki karra chempion bo‘lish imkoniyati mavjud. Undan oldingi JCh-2006 g‘olibi italiyaliklar mundialga tashrif buyurishmaydi.
- Jahon chempionati final bosqichida qatnashgan eng yoshi katta futbolchi kolumbiyalik darvozabon Farid Mondragon hisoblanadi. U JCh-2014 da Yaponiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushganida 43 yosh-u 3 kunlik edi. U shu tariqa Rojye Millaning rekordini yangiladi – 42 yosh, 39 kun.
- Jahon chempionatlari tarixidagi eng tezkor gol turkiyalik hujumchi Hoqon Shukurga tegishli. U JCh-2002 3-o‘rin uchun o‘yinning 11-sekundida janubiy koreyalik darvozabonni dog‘da qoldirgan.
- Italiya terma jamoasi darvozasini 1990 yilgi musobaqada qo‘riqlagan Valre Zenga “quruq seriya” bo‘yicha rekordchi sanaladi. U o‘z darvozasi daxlsizligini 516 daqiqa saqlab turishga muvaffaq bo‘lgan.
- Yana bir qiziq ma'lumot – Shveytsariya terma jamoasi posboni Paskal Tsuberbyuler 2006 yilgi turnirda birorta ham gol o‘tkazmagan. Ammo penaltilar seriyasida Ukrainadan mag‘lubiyat tufayli jamoa turnirni tark etgan.
- Davomi – aynan Shveytsariya terma jamoasi ushbu qurq seriyani JCh-2010 da ham davom ettirgan va umumiy quruq seriyani 558 daqiqagacha olib chiqib, rekordchi bo‘lib turishibdi.
- Eng tez maydondan chetlashtirish urugvaylik Xose Batistaga tegishli. Shotlandiyaga qarshi o‘yinning 56-sekundida u hakam tomonidan qizil kartochka bilan siylangan.
- Eng tezkor “joker” daniyalik Ebbe Sand sanaladi. U Nigeriyaga qarshi (1998) o‘yinda zaxiradan maydonga tushgach, 16 sekundda gol urishni uddalagan.
- Nemis Xelmut Shen murabbiy sifatida eng ko‘p o‘yinda shogirdlarini final bosqichlarga boshlab tushgan. Uning hisobida 25 o‘yin bor (16 g‘alaba)
- Eng qupol chempionat deb Germaniyada o‘tgan 2006 yildagisi topilgan. O‘shanda hakamlar hammasi bo‘lib 25 qizil va 310 ta sariq kartochkani cho‘ntaklaridan chiqarishgan. Eng qo‘pol o‘yin ham o‘sha turnirga tegishli: Portugaliya – Gollandiya. Rossiyalik hakam Valentin Ivanov 16 ta sariq kartochka va 4 qizil kartochka ko‘rsatgan.
- Jahon chempionatlari tarixida bir o‘yinda eng ko‘p gol 1954 yili Avstriya – Shveytsariya o‘yinida kiritilgan. O‘yin 7:5 hisobida avstriyaliklar g‘alabasi bilan tugagan.
- Jahon chempionati final bosqichida qatnashgan ilk Osiyo jamoasi Hindistondir (1938)
- Konkakaf jamoalari ichida eng yaxshi natija AQSh ga tegishli. Amerikaliklar 1930 yilda yarim finalgacha borishgan. Meksika terma jamoasi esa ikki marta va o‘tgan jahon chempionatida Kosta Rika terma jamoalari chorak final ishtirokchisi bo‘lgan.
- Osiyo terma jamoalari ichida Janubiy Koreya eng yaxshi natijani qayd etgan Koreyslar o‘z maydonlarida bo‘lib o‘tgan turnirda yarim finalgacha yetib borishgan.
- Afrikaning uch jamoasi (Kamerun 1990, Senegal 2002, Gana 2010) chorak finalgacha yetib borishgan. Kamerun va Senegal raqiblarga qo‘shimcha vaqtda boy bergan bo‘lishsa, Gana Urugvayga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan.
- Yevropa jamoalari 11 marotaba jahon chempioni bo‘lishgan, Lotin Amerikasi vakillarida bunday g‘alabalar soni 9 ta. Germaniya terma jamoasi eng ko‘p final o‘yinida qatnashgan – 8 marta.
- Italiya terma jamoasi ham Germaniya (3), ham Braziliya (2) ni bir martadan ortiq mag‘lubiyatga uchratgan yagona jamoa sanaladi.
- 1934 yilgi chempionatning o‘ziga xosligi shundaki, unda joriy chempion, ya'ni avvalgi turnir g‘olibi qatnashmagan.
- 2014 yilda Ispaniya, 2010 yilda Italiya, 2002 yilda Fransiya terma jamoasi turnirga joriy chempion sifatida kelib, guruh bosqichidan tark etishgan. Bunaqa holat boshqa mundiallarda ro‘y bermagan.
- Niderlandiya terma jamoasi uch marotaba JCh finalida o‘ynab, biror marta ham g‘alaba qozona olmagan. Shuningdek, Vengriya va Chexoslavakiya terma jamoalari 2 martadan final o‘yinini boy berishgan. Finalda eng ko‘p mag‘lubiyatga uchragan jamoa Germaniyadir – 4 ta.
- Ikki marotaba JCh g‘olibi penaltilar seriyasiga ko‘ra aniqlangan. Har ikki safar ham jamoalardan biri Italiya bo‘lgan. 1994 yilda ular Braziliyaga imkoniyatni boy berishgan bo‘lishsa, 2006 yili Fransiyadan ustun kelishgan.
- So‘nggi uch jahon chempionati finalida g‘olibni aniqlash uchun asosiy vaqt yetmayapti. Germaniya va Ispaniya terma jamoalari hal qiluvchi golni qo‘shimcha taymlarda kiritishgan.
- 2010 yilda birinchi marotaba jahon chempionati mezboni guruhdan chiqa olmagan.
- Angliya jahon chempioni bo‘lgan lekin o‘z qit'asida chempion bo‘la olmagan yagona terma jamoadir.
- Oleg Solenko (Rossiya) JCh–94 guruh bosqichida Kamerun terma jamoasi darvozasiga 5 ta to‘p kiritgan. Bu bir o‘yinda bir futbolchi tomonidan kiritilgan eng ko‘p gol hisoblanadi.
- Futbol qiroli Pele eng ko‘p – 3 marotaba jahon chempioni unvoniga ega bo‘lgan.
- Eng ko‘p oltin medal esa braziliyalik boshqa bir shaxs Mario Zagaloning uyida mavjud – 4 ta. U futbolchi sifatida 1958, 1962 yillarda, bosh murabbiy sifatida 1970 yilda va yordamchi murabbiy sifatida 1994 yilda oltin medalni qo‘lga kiritgan.
- Ukrainalik darvozabon Aleksandr Shovkovskiy penaltilar seriyasida birorta ham gol o‘tkazmagan yagona darvozabondir. JCh-2006 1/8 finalida Ukraina Shveytsariyani penaltilar seriyasida 3:0 hisobida mag‘lub etgan.
- 1930 yilda jahon chempioni uchun ishlab chiqarilgan kubok uch marta chempionlikni qo‘lga kiritgan jamoa butunlay saqlash uchun berilishi ko‘zda tutilgandi. Ilk bor bunday baxt sharafiga Braziliya terma jamoasi 1970 yilda musharraf bo‘ldi. Qizig‘i, ushbu kubok Braziliya federatsiyasiga topshirilgach, 1983 yilda noma'lum shasxlar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va haligacha topilmagan.
- Faqat 1950 yilda alohida final uchrashuvi tashkil qilinmagan. So‘nggi bosqich uchun tashkil qilingan va oxirgi turda chempionlik uchun imkoniyatni saqlab qolgan Braziliya va Urugvay o‘yini norasmiy final maqomini olgan. Shuni ta'kidlash kerakki, o‘sha o‘yinda Urugvay terma jamoasini durang ham qoniqtirardi va agar o‘yin shunday yakunlanganda ham, ochkolar bo‘yicha Urugvay chempionga aylanardi.
- 1930 yilda uchinchi o‘rin uchun bahs o‘tkazilmagan. Yugoslaviya va AQSh terma jamoalari yarim finalda bir xil 1:6 hisobida raqiblarga boy berishgandi. Turnirdagi umumiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha AQShga uchinchi o‘rin berilgan.
Qahramon Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
22:51 / 29.07.2020
Qahraton odamlari - eskimoslarning yashash tarzi, qorli uylari va mashg‘ulotlari haqida
01:20 / 14.07.2020
Shimol yog‘dusi qanday paydo bo‘ladi? (video)
15:44 / 09.07.2020
«Kovidiot», «karantikul»… - pandemiya davrida paydo bo‘lgan yangi so‘zlar
18:50 / 06.07.2020