O‘zbekiston | 14:22 / 05.06.2018
18035
3 daqiqa o‘qiladi

2050 yilga borib 90 milliongacha kishi suv tanqisligiga duch kelishi kutilmoqda

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasining demografik o‘sishi fonida 2050 yilga borib 90 milliongacha kishi (25-30 foiz aholi) suv tanqisligiga duch kelishi kutilmoqda. Sug‘orish uchun sarflanadigan suv resurslari ehtiyoji esa 2020 yilga borib  30 foizga oshishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forumi doirasida shunday bayonot berdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.

“Bugunga kelib Markaziy Osiyo qishloq xo‘jalik yerlarining 90 foizdan ortig‘i sun'iy sug‘orishni talab etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda agrar sektorda band bo‘lgan 55 milliondan ziyod kishining turmush sharoiti to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv bilan ta'minlanganlik darajasiga bog‘liq”, - deydi u. 

Nodir Otajonov
Foto: Xalqaro Press-klub

BMT ekspertlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish natijasidagi iqtisodiy foyda mintaqaviy YaIMning 5 foizini yoki 20 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatini inobatga olib, BMT tomonidan taklif qilingan Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan foydalanish konvensiyasi qo‘shma ishlanmasini faollashtirishni taklif qildi. 

“Fursatdan foydalanib, sizlarning e'tiboringizni zamonamizning eng dolzarb ekologik muammolaridan biri – Orol fojiasiga qaratmoqchi edim. Bu nafaqat bizning umumiy ekologik fojiamiz, balki birgalikdagi amaliy sa'y-harakatlarni talab qiluvchi juda jiddiy vazifamiz hamdir”, - qo‘shimcha qildi u. 

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 1950 yildan to bugunga qadar sayyoramiz aholisi deyarli uch baravarga oshib, 7 milliarddan ziyod kishini tashkil qildi. 

Otajonovning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning barcha mamlakatlari, jumladan Markaziy Osiyo mintaqasi oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri atrof-muhitning chiqindilar bilan ifloslanishidir. Plastikdan maishiy foydalanish hajmi 300 million tonnadan oshdi. 

“Vaziyatdan kelib chiqib O‘zbekiston hukumati chiqindilar masalasida ichki siyosatni to‘liq qayta ko‘rib chiqdi, bu yo‘nalishda ularning hosil bo‘lishidan to utilizatsiyasi va qayta ishlanishigacha integratsiyalashgan yondashuvlar qo‘llanmoqda. Respublikada maishiy chiqindilarni kompleks boshqarishga doir zamonaviy klasterlar ishlab chiqilmoqda, yangi iqtisodiy boshqaruv mexanizmlari joriy qilindi. Biz jahon standartlariga asoslanib, qattiq maishiy chiqindilardan foydalanishga nisbatan mutlaqo yangi strategiyani qo‘llash niyatidamiz”, - dedi u.

Mavzuga oid