Jahon | 02:08 / 08.06.2018
56942
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida g‘aroyib modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi (video)

Internetda Saudiya Arabistonidagi g‘aroyib modalar namoyishi haqidagi videorolik tarqaldi. Video ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Zamonaviy shou tashkilotlari liboslarni noodatiy tarzda namoyish qilishga qaror qilishgan ko‘rinadi. Liboslar modellar o‘rniga dronlarda namoyish etildi. Namoyishni ko‘rgan ba'zi odamlar buni "arvohlar shousi" deb ham atashdi, liboslar podiumda havoda harakatlanayotgandek go‘yo. 

Modalar namoyishi Saudiya Arabistonining qaysi shahrida bo‘lib o‘tgani noma'lum. Shunga qaramay, foydalanuvchilar "dahshatli film" lavhasiga o‘xshash modalar namoyishiga befarq o‘ta olishmadi. 

"Saudiya Arabistonida modellarsiz modalar namoyishi. Modalar namoyishida odatda podium bo‘ylab harakatlanuvchi modellar ishtirok etishi kerak. Liboslaringizni namoyish qilish uchun do‘kondan manekenlar xarid qilsangiz bo‘lardi. Bu dahshatli filmdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lardi", - deydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

2018 yilda Saudiya Arabistoni AFC (Arab modalar ligasi) bilan hamkorlikda o‘z tarixidagi ilk arab modalar haftaligini o‘tkazdi.

Shou Ar-Riyod shahridagi Ritz-Carlton mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Jan-Pol Gote va Roberto Kavalli kabi xalqaro miqyosdagi dizaynerlar liboslarini namoyish qilish uchun qator modellar podiumga chiqishdi. 

Qirollikda namoyish vaqtida liboslarga nisbatan muayyan talablar qo‘yildi - shaffof, tor va uzunligi tizzadan baland liboslarni namoyish qilmaslik tavsiya qilingan. Ta'kidlash joizki, shou faqat ayollarga mo‘ljallangan bo‘lgan. 

Mavzuga oid