O‘zbekiston | 22:21 / 12.06.2018
95146
3 daqiqa o‘qiladi

Ramazon hayiti arafasida prezident farmoni bilan 226 kishi afv etildi

12 iyunda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi. O‘zAda farmonga sharh e'lon qilindi.

Farmonga muvofiq ilk marotaba muborak Ramazon hayiti munosabati bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 226 nafar fuqaro afv etildi. 

Afv etilgan shaxslarning 102 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 71 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 39 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, boshqacha qilib aytganda, 212 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinadi. Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi. 

Afv etilganlarning 40 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 39 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayollar, shuningdek, 51 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi. 

Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarning muborak Ramazon oyida yanada yuksak namoyon bo‘lganligining amaliy ifodasidir. 

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid