Jahon | 07:52 / 12.06.2018
5632
1 daqiqa o‘qiladi

Volgada katamaranning barja bilan to‘qnashuvi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi

Foto: TACC

Volgogradda katamaranning “Kapitan Vecherkin” teploxodi tortib ketayotgan barja bilan to‘qnashuvi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi, yana bir ayolning taqdiri noma'lumligicha qolmoqda.

Qutqaruvchilar katamaranni ko‘zdan kechirib chiqib, 6 ayol va 4 erkak halok bo‘lganini ma'lum qilishgan. Katamarandagi yo‘lovchilarning bir qismi mast holatda bo‘lgan. 

Voqea 12 iyunga o‘tar kechasi Volgograd daryo porti yaqinida yuz bergan. Teploxod qirg‘oqdan 250 metr nariroqda ikkita barjani tortib ketayotgan bo‘lgan. Katamaran shu barjalardan biriga urilgan. 

Ta'kidlanishicha, katamaran egasi uni tegishli idorada qayd qilmagan bo‘lgan. O‘z navbatida Rosmorrechflot tashkilotida katamaran kemachilik uchun tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagani ma'lum qilingan. Shuningdek, katamaran voqea vaqtida chiroqlarsiz harakat qilayotgan bo‘lgan hamda undagi yo‘lovchilarning birortasida qutqaruv jileti bo‘lmagan.

Mavzuga oid