Jamiyat | 19:44 / 15.06.2018
20595
3 daqiqa o‘qiladi

Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani qanday qilib qaytadan olish mumkin?

Guvohnomalarni (tug‘ilganlik, nikoh, ajralish, o‘lim) qaytadan olish holatlarida FHDYo (ZAGS) organlariga murojaat qilish lozim, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” kanali.

Bunda o‘sha dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDYo organiga yoki o‘zi yashab turgan joydagi FHDYo organiga murojaat etish mumkin.

Yashash joyidagi FHDYo organi orqali takroriy guvohnoma berish to‘g‘risidagi iltimos bilan murojaat etilganda arizani qabul qilgan FHDYo organi uni guvohnomani bergan FHDYo organiga ijro uchun jo‘natadi.

Pochta orqali kelib tushgan takroriy guvohnoma so‘ralgan arizalar shu kuni ijro etiladi va yo‘llanma xat bilan birgalikda FHDYo organiga jo‘natiladi va bir vaqtning o‘zida ariza beruvchiga guvohnoma jo‘natilgani haqida xabarnoma yuboriladi.

Ariza beruvchi guvohnomani bergan FHDYo organiga murojaat etganda takroriy guvohnoma shu kuniyoq beriladi.

Tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar o‘sha shaxsning o‘ziga, uning ota-onasiga yoki tasdiqlangan ishonch qog‘ozi asosida boshqa shaxslarga beriladi.

Vafot etgan shaxsga nisbatan tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda, vafot etgan shaxsning tug‘ilganligi haqida ma'lumotnoma berilishi mumkin.

O‘lim haqidagi takroriy guvohnomalar marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxo‘rlariga yoki ishonch qog‘oziga ega bo‘lgan shaxslarga beriladi.

Nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnomalar tegishli shaxslarning o‘zlariga yoki ishonch qog‘oziga ega bo‘lgan shaxslarga beriladi.

Nikohdan ajratilganda nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda nikoh tuzilganligi haqidagi ma'lumotnoma berilishi mumkin.

Takroriy guvohnomalar berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida gerb yig‘imi (o‘lim haqidagi gerbli guvohnoma bundan mustasno) va eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida davlat boji to‘lash lozim.

Eslatib o‘tamiz, takroriy guvohnomalarni berish 2018 yil 1 iyundan e'tiboran Nukus, Andijon, Namangan, Termiz, Kogon, Zarafshon, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Yunusobod, Do‘stlik, Pastdarg‘om, Sirdaryo, Chirchiq, Xonqa tumanlarida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid