Qashqadaryodagi uch qishloq aholisi og‘ir turmush tarzidan aziyat chekmoqda. Bunga faqat sel sababmi?
Joriy yilning 13–15 may kunlari yurtimiz bo‘ylab yog‘gan tinimsiz yomg‘ir oqibatida O‘zbekistonning turli viloyatlarida kuchli sel oqimi kuzatildi. Sel oqibatida turli talofatlar yetkazildi, hatto Qashqadaryo viloyatida besh nafar inson nobud bo‘ldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tabiiy ofatni bartaraf etish va aholiga yordam berish maqsadida turli chora-tadbirlar o‘tkazdi, boshqa viloyatlar ushbu tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatishdi.
Biroq tabiat baribir o‘z so‘zini aytdi: ko‘plarning hovli-joyi buzildi, daryo o‘zanlari qum va toshlarga to‘lib, suvi ular ostida qolib ketdi, ko‘priklar nosoz holatga keldi. Eng ayanchlisi sel toshgan hudud aholisi bundan qattiq aziyat chekdi va aytish mumkinki, bu hol hamon davom etmoqda. Buni Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan Xonaqa, Xachiruchdi va Hasantepa qishloqlari misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Suvsiz qolgan qishloq va chiqindiga to‘la hovuz
Mazkur qishloqlardan KUN.UZ tahririyatiga murojaat kelib tushgach, biz u yerlarda bo‘ldik. Tog‘li hududda va sel yo‘lida joylashgan mazkur joylar tabiiy ofatdan ancha talofat ko‘rgan. Mahalliy aholining aytishicha, daryo o‘zani sel oqizib kelgan toshlarga to‘lgan, oqibatda ushbu qishloqlarda toza ichimlik suvining yagona manbai tamoman qurigan.
— Bizning daryoda 100–200 yildan buyon bunday toshlar bo‘lmagan, — deydi fuqarolardan biri. — Ota-bobolarimiz ham bunday selni ko‘rishmagan. Sel qishlog‘imizga 14 may kuni tungi soat 3:00 lar atrofida yopirildi. Uch xonali jihozlangan uyim bor edi, uni vayron etib ketdi. Boshqalarning chorvasi ham nobud bo‘ldi. Ertasi kuni favqulodda vaziyatlardan ham, hokimlikdan ham vakillar kelishdi, sizlarga yordam qilamiz, deyishdi. Ammo shu paytgacha hech narsa qilib berishmadi. Bir oy bo‘lyapti, ichimlik suvi yo‘q. Juda qiynalib ketdik. Sanitariya qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan, o‘zimizning hovuzda saqlanayotgan suvni qaynatib ichayapmiz.
Biz mazkur hovuzni ko‘rish uchun xonadonlardan biriga tashrif buyurdik. U yerda anchagina katta hovuzda suv to‘plangan bo‘lib, ayni damda mahalliy aholi mana shu yerdan ro‘zg‘ori uchun suv olar ekan. Suv aniq toza emas, bu suvni qaynatilgan taqdirda ham ichishga yaroqli, deb aytish dushvor. Uni tasvirga olayotgan chog‘imizda chelak ko‘targan ayol hovuz yoniga yaqinlashdi.
— Suvimizni qarang, — dedi u. — Loyqalangan, ichida qurbaqalar bolalagan. Biz undan olib ichayapmiz. Bolalarimiz kasal. Shu zamonda shu qadar qiyin ahvolda qoldik. Hozir birov birovni tinglamaydigan zamonmi? Qayerga borsak, «bor otangga, bor onangga» qabilida ish ko‘rishayapti.
Sel talofatiga tadbirkorlar sababmi?
Bu orada qishloqning boshqa fuqarolari ham yig‘ilishib kelishdi. Ularning aytishiga qaraganda, mazkur qishloqlarga har yili kichik hajmda sel kelishi kuzatiladi. Biroq bu yilgi sel oqimi juda talofatli bo‘lgan. Bunga birdan bir sabab esa tadbirkorlar.
— Bizning qishloqqa ilgari ham sel kelardi, lekin bu darajada dahshatli bo‘lmas edi, — dedi fuqarolardan biri. — Buning sababi uch-to‘rt tadbirkor tog‘ning baland qismida karer tashkil etishib, tosh kavlab olish uchun portlatishadi. Buning oqibatida toshlar va qumlar har yoqqa otilib, chashmalarning ko‘milib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Kelgan sel ana shu harsang toshlarni bizning qishlog‘imizga oqizib keldi va ichib turganimiz daryo o‘zani suvini ko‘milib qolishiga sabab bo‘ldi. Portlatishlar oqibatida daraxtlar qolmadi. Ana shu daraxtlar ham selning xavfini kamaytirib turardi.
— Bunisi holva, — deya suhbatga aralashar ekan aholi vakillaridan biri. — Sobiq ittifoq davrida asfalt qilingan yo‘limiz bor edi. Mana shu yo‘lni yuk mashinalari qatnayverib, abgor qilib tashladi. Shunday tezlikda yurishadiki, shu yo‘ldan maktabga ketayotgan bolalarimiz yo‘l chetiga o‘zlarini arang olib qochishga ulgurishadi. Bu haqda rahbarlarga aytsak, tadbirkorning ishiga aralashmanglar deydi. Bizning ham bunday niyatimiz yo‘q. Ular yo boshqa yo‘ldan yurishsin, yoki yo‘limizni og‘ir mashinalar yurishi uchun maxsus ta'mirlab berishsin.
Biz o‘sha karerni ko‘rish uchun yo‘lga otlandik. Tog‘ yuqorilab borar ekanmiz, yo‘lning torligi, o‘nqir-cho‘nqirligi, teparoq chiqqan sayin uning tuproqqa belangani shohidi bo‘ldik. Haqiqatan ham tog‘ tepasi portlatilgan tosh bo‘laklariga to‘lib yotibdi. Chashmalar ustiga ham kelib tushgan, daraxtlar siyrak. Biz shu kuni tadbirkorlardan hech birini topa olmadik.
Qarovsiz maktab manzarasi
Qaytaverishda odamlarning qattiq iltimosiga ko‘ra, qishloqda joylashgan 76-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga kirdik. Ana shundagina ular nega bu qadar kuyunganliklarining guvohi bo‘ldik. Sinfxonalar juda achinarli holda, javonlar sovet davridan ilgarigi davrdan qolgan bo‘lsa ajabmas. Koridor derazalarining shishasi yo‘q, sellofan plyonka bilan qoplangan.
Maktab sport zalidagi manzara esa bularning bari holva ekanligini shundoq ko‘rsatdi, qo‘ydi. Bu holatni nima deb ta'riflashga so‘z ojiz. U yer sport zalimi o‘zi? Yer beton, u ham bo‘lsa uydim-chuqur. Biror bir sport jihozi yo‘q. Qizlar xonasi deb yozib qo‘yilgan xona esa qorong‘i va tor, sharoiti yo‘q. Bu yerda sport bilan shug‘ullanish mumkinmi? Bu yerda sportni his qilish mumkinmi? O‘zi, umuman, bu maktabda ta'lim olish mumkinmi?
— Mana shu maktabda uchta qishloqning bolasi kelib ta'lim oladi. Kadrlarga ehtiyoj juda yuqori. Ta'lim sifati o‘ta past. Maktab direktori pensioner kishi, zamonaviy fikrlab, turli islohotlarni amalga oshirishni bilmaydi. Axir bu yerda tahsil olayotgan bolalar qanday aql bilan bu yerni tugatishadi. Ularga qarab rahmim keladi. Maqsadsiz, kallasi bo‘m-bo‘sh, tushkun kayfiyatdagi yoshlar, — deydi biz bilan suhbatda shu qishloqda yashovchi Abror Asrorov. — Maktab o‘quvchilari suvdan qiynalishadi. Hatto, qo‘pol bo‘lsa-da aytaman: hojatxonadan chiqqanda, qo‘l yuvish uchun suv ham yo‘q.
Vaziyat yuzasidan maktab direktori bilan suhbatlashmoqchi bo‘ldik, ammo u kishini topish mushkul bo‘ldi. Birinchi o‘rinbosarining uyida mehmon bor ekan, chiqa olmasligini bildirdi.
Qarshidagi «sirli» yig‘ilishga ketgan rahbarlar
Toza ichimlik suvisiz, sifatli ta'limsiz, daryo va ko‘priksiz qolgan tog‘ odamlarining dardi ham tog‘dek ekan. Buni ularning jon kuydirib gapirishlaridan, yuz-ko‘zlaridan, qolaversa, chin manzaraning o‘zi ham ko‘rsatib turibdi. Qiziq, nega rahbariyat ular holidan xabar olmadi ekan? Seldan so‘ng holing ne, deb so‘rab kelguvchi kishi topilmadimi? Bu savollarga javob olish maqsadida qishloq faollari bilan birga Kitob tuman hokimligiga tashrif buyurdik.
Ammo shu kuni rahbarlar bilan uchrashish taqdiri peshonamizga bitmagan ekanmi bu yerdan ham hech kimni topib bo‘lmadi. Kotiba qizlarning rahbar va uning muovinlarini so‘rab qilingan savolga javoblari bir xil bo‘ldi: «Ular Qarshida. Yig‘ilish bor...»
Qiziq, tuman hokimidan tortib, uning o‘rinbosarlarigacha bir kunda, bir vaqtda Qarshidagi yig‘ilishga ketishganmikan? Hatto tuman xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i ham o‘sha payt Qarshidagi yig‘ilishda ekan. Ajoyib, ajoyib...
Xulosa...
Xulosa jurnalistdan bo‘lmaydi. Uni xalq chiqaradi, hukumat vakillari isloh etadi. Gapimiz so‘ngida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida uzundan uzoq yozmoqchi emasmiz. Buni hamma biladi. Buni hamma yerda gapirishyapti. Biz vaziyatga xolis nuqtai nazardan yondashgan holda aytishimiz mumkinki, bugun Kitob tumanining sel tabiiy ofatidan jabr ko‘rgan Xonqa, Xachiruchdi va Hasantepa qishlog‘i aholisi yordamga muhtoj. Ular tog‘ kishilari, «bersang — yeyman, ursang — o‘laman», deydiganlardan emas. Rahbariyat va xalq birgalashib bu muammoni hal etsa bo‘ladi va bundan umid qilib qolamiz. Chunki u qishloqlarning odamlari, keksalari, ayollari, bolalari, barcha-barchalari o‘z rahbarlaridan aniq chora va muammolarni hal etishda qat'iy qadam kutishmoqda.
Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
18:04 / 06.11.2024
Taxtiqoracha dovonida Cobalt’ni tosh bosib qoldi. Qurbonlar bor
17:46 / 19.10.2024
Shohimardon fojiasi: sel va unutilmas dard
18:06 / 17.10.2024