Jamiyat | 23:44 / 19.06.2018
16772
6 daqiqa o‘qiladi

Ikki oydan beri elektrsiz yashayotgan oilaga ko‘mak zarur

Agar yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning sentabr oyida Andijon shahri 8 – umumiy ta'lim maktabida farrosh bo‘lib ishlayotgan rafiqasi o‘rniga paxta terimiga borib, dalada vafot etgan Muzaffar Xalilov haqida xabar bergan edik

Kuni kecha Kun.uz tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Arznoma egasi bilan aloqaga chiqqanimizda shunisi ma'lum bo‘ldiki,  murojaat o‘sha mash'um voqea yuz bergan Andijon shahar, Ulug‘bek ko‘chasi,  5 uydagi xonadon bilan bog‘liq ekan.

O‘tgan paxta terimi mavsumida turmush o‘rtog‘idan ayrilib, ayni paytda qiyinchilikka uchragan Nasibaxon Umrzaqova kelini va nabirasi bilan birga istiqomat qiladi. O‘g‘li esa Rossiyaga ish izlab ketgan.

Nima qilsa ham uyning boshida otasi bo‘lsin ekan. Maktabda farrosh bo‘lib ishlayotgan Nasibaxon opaning maoshi 340 ming so‘m. O‘g‘li ishlash uchun fevral oyida chetga ketgan bo‘lsa ham, hali ish topmabdi. Uch kishiga 340 ming so‘m nima ham bo‘lardi?

Qish oylarida tabiiy gaz yo‘qligi sabab, uylarni isitgani ko‘mir va tokdan foydalangan oila elektr energiyasidan  1 million 400 ming so‘m atrofida  qarz bo‘lib qolibdi.

Bundan ikki oy oldin qarzdorlik aniqlangach, shahar MIB xodimlari Nasibaxon opani  ogohlantirib ketishadi. Qarzni to‘lagani mablag‘ topa olmagan opa chorasiz edi. Ikki kun o‘tib uning xonadoni elektr liniyasida uzib qo‘yiladi. Oila 2 oydan beri elektr tokisiz hayot kechirmoqda.  

 

“Xo‘jayinim olamdan o‘tgach, ancha qiynalib qoldik. Yaxshi o‘zim ishlaydigan 8-maktab yordam berdi. Opalarim, jiyanlarim ham qarab turishgani yo‘q. Lekin, birovni qo‘liga qarab yashash baribir mushkul. Hammaning ham o‘z g‘am-tashvishi bor. O‘g‘lim ishlagani ketgan. Hali pul jo‘natgani yo‘q.

Ikki oy oldin MIBdan tekshiruvchilar kelishib: “Qarzingiz bor ekan, to‘lab qo‘ying!” deyishgach, ahvolimizni aytdim. Ular ikki kun uzmay turishdi. Keyin, baribir uzib ketishibdi. Men ularni ayblamayman. Chunki, qarzmiz. To‘lashimiz kerak.

Qo‘shnimga rahmat. O‘n kuncha hamsoyaning uyidan sim orqali tok tortib o‘tirdik. Keyin u kishiga ham gap tegmasin deb o‘zim uzdirib tashladim.

   Hozir esa kechalari qorong‘ida o‘tiribmiz. Zaryad oladigan fonarim bor. Shuni, ishxonada to‘ldirib kelaman. Shuni yorug‘ida tong ottiramiz. Sizlarga meni ahvolimni ko‘rgan jiyanim murojaat qilibdi”,-deydi xonadon sohibasi.

Xonadon sohibasiga: “Hokimlikka yordam so‘rab chiqmadingizmi?” deb savol berdik. U: “Tokni uzishgan kuni chiqib, “To‘qqizariq” mahalla oqsoqoli Odiljon akaga uchrab sharoitimni aytdim. Rais: “Bizga ham quloq solishmayapti. Ko‘rib turibsizku?” dedi. Men: “Qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘rab bering” deb zorlanaverganimdan keyin MIBchilar bilan nomiga telefonda gaplashib qo‘ydi. Qarasam harakatlarim befoyda. Men shahar hokimligiga chiqish nimaligi bilmayman”,- deya javob qaytardi.

Nasiba opa juda sodda ayol ekan. Ba'zi insonlardek, turli joylarga xatlarni qalashtirib yozishni, mutasaddilarning qabulxonalariga eshikni qattiq qoqib kirishni eplay olmaydi. Uning bor budi – oriyat va soddalik xolos...  

  Qarz  - nima qilsa ham qarz. Uni to‘lash zarur. Bu masalada MIB xodimi o‘z vazifasini bajargan. Mahallaga har zamonda kiradigan byuro xodimi oiladagi sharoitdan to‘la xabardor emasligi aniq. Lekin, mahalla fuqarolar yig‘ini, qo‘ni-qo‘shnilarning yonma-yon yashayotgan oiladagi holat bilan qiziqib ko‘rmaganligi hayratlanarli hol. Axir, hozirgi zamonda elektrsiz yashash deyarli aqlga sig‘maydigan holat-ku?! Ularning oziq-ovqati qay ahvolda ekanligi ham aniq. Ko‘rib turganingizdek, qiynalib qolgan oila dardiga mahalla fuqarolar yig‘ini quloq solmadi. Jamoatchilik, qo‘ni-qo‘shni e'tiboriga muhtoj, jamiyatdan chetda qolgan oila qiyinchilik bilan hayot kechirmoqda.  O‘tgan yili turmush o‘rtog‘i paxtada olamdan o‘tganida ish joyidan boshqa hech qayerdan yordam olmagan ekan.   

Maqolani o‘qib turgan saytimiz muxlislardan ta'mirtalab uyda, ikki oydan beri elektr energiyasiz, moliyaviy yordamga muhtoj bo‘lib yashab  kelayotgan oilaga muborak kunlarda biroz ko‘mak berishlarini so‘rardik.

Ilm kishilari aytadilar : “Saxiylik ko‘p ehson berishda emas, balki uni o‘z vaqtida berishdadir”.

Umrzaqova Nasibaxon ayaning plastik kartochka raqami

Click/PayMe: 8600 0329 8368 5009

Umirzakova Nasibakhon 

Mavzuga oid