Jamiyat | 11:53 / 20.06.2018
7440
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro huquq bo‘yicha kursni bitirganlar endi xorijda stajirovka o‘taydi 

Vazirlar Mahkamasining 14.06.2018 yildagi 453-son qarori bilan Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha qisqa muddatli professional o‘qitish kurslari to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Norma’ning yozishicha, kurslar TDYuU huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markazida o‘tkaziladi. Eslatib o‘tamiz, u yerda 6 oylik qayta tayyorlash kurslari ham ish boshlamoqda, ularni tugatgan yuridik ma’lumotga ega bo‘lmagan mutaxassislar yuriskonsult bo‘lib ishlay oladilar.
 
Kursda ingliz tilini yaxshi biladigan, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan va kontrakt pulini to‘lagan yuridik kadrlar (ya’ni oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan) o‘qishlari mumkin. Ularga investitsiya va tijorat faoliyatida xalqaro huquq asoslari bo‘yicha ta’lim berilib, xalqaro yuridik amaliyotdagi kasbiy kompetensiyalari rivojlantiriladi. Tayanch va sohaviy (chuqurlashtirilgan) kurs taklif etiladi.    
 
Tinglovchilarni qabul qilish to‘g‘risidagi ma’lumot va suhbatni o‘tkazish jadvali Markazning rasmiy veb-saytida o‘qish boshlanishidan bir oy oldin joylashtiriladi. Suhbat talabgorlarning darajasini (kamida V2 darajasiga muvofiq bo‘lishi lozim) tekshirish uchun, qoida tariqasida, ingliz tilida o‘tkaziladi.
 
Chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi V2 va undan yuqori darajadagi davlat malaka sertifikati yoki xalqaro sertifikat (kamida CEFR bo‘yicha V2; IELTS bo‘yicha 6.0 ball; TOEFL bo‘yicha 95 ball) mavjud bo‘lsa, ingliz tili bo‘yicha suhbatdan o‘tishdan ozod qilinadi. Bunday talabgorlarning faqat xalqaro xususiy va ommaviy huquq sohasidagi bilimlari tekshiriladi.
 
Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganlar 3 kun mobaynida quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:

•  pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjat;
•  oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va diplomga ilova;
•  3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi rangli fotosurat.
 
Suhbat natijalari e’lon qilingandan keyin 10 ish kunidan kechiktirmay kontrakt to‘lovi summasini (Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi) to‘lash lozim.
 
Kurslarning muddati o‘qitish dasturlaridan kelib chiqqan holda, biroq 1 oydan kam bo‘lmagan muddatda Markaz tomonidan belgilanadi. O‘qitish asosiy ish joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlar asosan ingliz tilida olib boriladi. O‘qish yakunlangach, sertifikat beriladi. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganlar orasidan xorijiy yuridik kompaniyalar va xalqaro arbitraj institutlarida stajirovka o‘tash uchun tinglovchilar tanlab olinadi. 
 
Hujjat 18.06.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid