Sport | 18:50 / 25.06.2018
75242
2 daqiqa o‘qiladi

Murod Xonto‘rayev qamoqqa olindi

Foto: Instagram/kxanturaev

Aralash yakkakurash sport turi bo‘yicha jahon chempioni Murod Xonto‘rayev Toshkent shahar prokuraturasi iltimosiga ko‘ra qamoqqa olingan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Kun.uz»ga ma'lum qildi. 

«Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b», «v» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Murod Xonto‘rayevga nisbatan Toshkent shahar prokuraturasining «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqildi va qanoatlantirildi», degan manba.

Ma'lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudining 2018 yil 22 iyundagi ajrimiga muvofiq ayblanuvchi Murod Xonto‘rayevga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan va UYa 64/1-sonli Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.

Biroz avvalroq Murod Xonto‘rayev bir qator shaxslar bilan birgalikda 21 iyunga o‘tar kechasi Yunusoboddagi tungi klublardan birida «jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan, tartibsizlik qilgani» haqida xabar berilgandi.

Uning o‘zi tan jarohati (ko‘kragiga pichoq bilan zarba berilgan) bilan Yunusoboddagi 7-kasalxona (sobiq 17-shahar kasalxonasi)ga yotqizilgan, keyingi kuni militsiya tomonidan olib ketilgan.

Ushbu ish doirasida boshqa bir guruh shaxslar ham qo‘lga olingani aytilmoqda.

Ma'lumot uchun, Xonto‘rayev 1987 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ayni paytda u Toshkent shahridagi G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti filialining 3-kurs talabasi. Oilali va ikki nafar farzandi ham bor.

Mavzuga oid