Senat raisi Andijonda o‘qituvchi yo‘liga sun'iy to‘siq qo‘ygan amaldor haqida aytib berdi
O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev "ijtimoiy sohalar, jumladan ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida ayrim muammolar surunkali tus olganligini" qat'iy ta'kidlab, bu haqda Senatning XV yalpi majlisida fikr bildirdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, senatorlarning joylarda muammolarni o‘rganishi davomida aniqlangan va respublika darajasida hal etiladigan masalalar bo‘yicha, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan taklif va tavsiyalar asosida, Hukumat darajasida 10dan ortiq “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgani bildirildi.
"Biroq, takror bo‘lsada, qayd etish o‘rinliki, o‘rganishlar tahlili ijtimoiy sohalar, jumladan ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida ayrim muammolar surunkali tus olganligini ko‘rsatmoqda", deydi Senat raisi. "O‘rganilgan barcha tumanlardagi maktablarda o‘qituvchilar, ayniqsa, rus tilida ta'lim beruvchi pedagoglar, shuningdek, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, huquq va boshqa muhim fanlardan o‘qituvchilar, deyarli barcha tumanlarda 150-200 nafardan tor doiradagi tibbiy mutaxassislar va umumiy amaliyot shifokorlari yetishmaydi.
Bugungi kunda umumta'lim maktablarida amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda 66.600 nafardan ziyod o‘rta maxsus ma'lumotga ega o‘qituvchilar dars berib kelmoqda.
Xalq ta'limi boshqarmalari esa ayrim hollarda oliy ma'lumot olish istagida bo‘lgan o‘qituvchilar yo‘liga sun'iy to‘siqlarni qo‘ymoqda.
Birgina misol: Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro Axunova Andijon davlat universiteti maxsus sirtqi bo‘limiga asossiz ravishda qabul qilinmaganidan norozi bo‘lib, Senatga murojaat qilgan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi Axunova to‘g‘risida universitetga noto‘g‘ri ma'lumotlarni atayin taqdim etgan. Oqibatda u o‘qishga qabul qilinmagan. Senat qo‘mitasi aralashuvi bilan fuqaroning huquqlari tiklanib, u o‘qishga qabul qilindi.
Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi mas'ul xodimlariga nisbatan esa, tegishli ta'sir choralari qo‘llandi", deya qayd etdi Yo‘ldoshev.
Mavzuga oid
14:02
Prezident 9 nafar senatorni tayinladi
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024