O‘zbekiston | 11:57 / 28.06.2018
5140
3 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida“gi qonunni ma'qulladi 

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida, xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida“gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi. 28 iyun kuni ish boshlangan Senatning XV yalpi majlisida ushbu masala ham muhokama qo‘yildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 5 ta bob va 32 moddadan iborat qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. 

“Qonunning maqsadi esktremizmga kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, uning asosiy vazifalari shaxs, jamiyat va davlatning esktremizmdan xavfsizligini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini himoya qilish, fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlash hisoblanadi“, deydi senator Boymatjon Rasulov.

Qonunda ekstremistik faoliyat (ekstremizm), ekstremistik guruh, ekstremistik material, ekstremistik tashkilot va ekstremizmni moliyalashtirish kabi tushunchalar qo‘llanib, ekstremizmga qarshi kurashishning prinsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yilgan. 

Ma'lumot uchun, 2017 yil 9 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahrida o‘tkazilgan Shanhay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ShHTning “Ekstremizmga qarshi kurashish Konventsiyasi“ imzolangandi.

Shundan so‘ng, 2017 yil 15 iyunda Konventsiya me'yorlarini implementatsiya qilishga oid prezident farmoyishi qabul qilindi. Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esktremizm tahdidlarining oldini olish, unga qarshi kurashish va bartaraf etishga qaratilgan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangandi.

Shu tartibda, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 3 apreldagi qonuni bilan Shanhay hamkorlik tashkilotining “Ekstremizmga qarshi kurashish Konventsiyasi“ ratifikatsiya qilingandi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid