Sport | 17:10 / 01.07.2018
12934
4 daqiqa o‘qiladi

Daniya Xorvatiya yo‘lidan chiqdi. Kunning ikkinchi o‘yini anonsi

Foto: Reuters

Bugun, 1 iyul kuni esa nimchorak final o‘yinlari davom ettiriladi. Kunning ikkinchi o‘yini guruh bosqichida 100 foizlik natija qayd etgan Xorvatiya hamda «C» guruhida Fransiya termasidan keyin ikkinchi bo‘lgan Daniya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 23:00da boshlanadi. O‘yinni argentinalik Nestor Pitana boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqaradi.

Xorvatlarga pley-offda qiyin bo‘lmagan yo‘l tushgan va ular finalgacha yetib borishi ham mumkin. Lekin buning uchun ular avval skandinaviyaliklar to‘sig‘idan o‘tishi talab etiladi.

Hozirda barcha ikki yil muqaddam Portugaliya pley-offda qiyin raqiblarga uchramasdan osonlik bilan finalga qadar yetib borganini eslayapti. O‘shanda Ronaldu va jamoadoshlari finalgacha Xorvatiya, Polsha va Uels kabi terma jamoalarni mag‘lub etib borgandi. Narigi «yo‘lak»da esa Germaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya va Angliya kabi nomlar bor edi.

Hozirda esa Xorvatiya bilan bitta setkadan favoritlardan faqat Angliya va Ispaniya bor, narigi setka esa Urugvay, Portugaliya, Argentina, Fransiya, Braziliya, Belgiya, Meksika va Yaponiya kabi terma jamoalardan tarkib topgandi.

«Shaxmat liboslilar» jamoasi 2016 yilgi Yevropa chempionatida guruhda Ispaniya va Turkiya terma jamoalarini osonlik bilan mag‘lub etgan va birinchi o‘rinni egallagan, ammo oson «yo‘lak» boshida osonlik bilan Portugaliyaga yutqazgandi.

Endi xorvatlarga ikkinchi imkoniyat taqdim etildi. Jamoa o‘tgan vaqt ichida deyarli o‘zgarmagan - Modrich, Rakitich va Manjukich asosiy yetakchilar. Faqat ularning hammasi yana ikki yoshga keksaygan. Bolqon yulduzli uchligi uchun bu oxirgi jahon chempionati bo‘lishi ham mumkin.

Ikki yil oldingi mag‘lubiyat uchun asosiy aybdor sifatida bosh murabbiy ko‘rsatilgandi. Ante Chachich televizorlarni juda yaxshi tuzatadi, murabbiylik faoliyati bilan esa turli-tumanlik uchun shug‘ullanadi. Hozirda xorvatlarda faqat futbol ichida bo‘lgan Zlatko Dalich bosh murabbiy. Unda ijodkorlik bor.

Daniya esa bu safargi jahon chempionatida taassurot qoldira olmayapti. Peru ustidan g‘alabaga katta baho bermaslik kerak. Skandinavlar Avstraliya bilan ishonarsiz o‘yin ko‘rsatib, durang qayd etdi, oxirgi turda esa muddatidan avval guruh masalasini hal qilgan Fransiyaning ikkinchi tarkibiga qarshi golsiz durang qayd etildi. 

Xorvatiya futboli afsonasi, hozirda futbol federatsiyasi rahbari hisoblangan Davor Shuker esa Daniyani munosib raqib sifatida ko‘rmoqda. U Eriksen yo‘q joydan vaziyat yaratishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Eriksenning mahoratiga gap yo‘q, ammo unga bu yerda «Tottenhem»dagi sheriklari yetishmasligi aniq.

Daniyaliklarning o‘zi esa Xorvatiyaga qarshi qiyin o‘yin kutayotganini, lekin ular g‘alaba uchun maydonga tushishlarini aytishmoqda: «Agar mendan turnirdan avval nimchorak finalda kim bilan o‘ynashni istashimni so‘rashganida, men Argentinadan ko‘ra Xorvatiyani afzal ko‘rardim. Chunki, Messiga to‘qnash kelishni istamasdim», degandi skandinavlar hujumchisi Andreas Kornelius.

Daniya Messi bilan uchrashmadi, ammo uchrashgani yaxshiroqmidi? Guruh bosqichi ko‘rsatdiki, hozirgi Xorvatiya Argentinadan kuchliroq. Buni pley-off ham tasdiqlaydimi? Kuzatamiz.

Xorvatiya - Daniya
1 iyul. Nijniy Novgorod. «Nijniy Novgorod» stadioni. 23.00 (Pervyy kanal).
Hakamlar: PITANA. Maydana, Belatti (barchasi - Argentina).

Mavzuga oid