Jamiyat | 10:11 / 03.07.2018
15004
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya aksiyasi natijasi: o‘zbek xalqi navbatdagi yutuqlarni qo‘lga kiritdi

KUN.UZ sayti Ramazoni sharif oyida og‘ir dardga chalingan yurtdoshlarimiz holidan xabar olish barobarida ularga moddiy yordam berishni kuchaytirish maqsadida ko‘plab xayriya aksiyalari o‘tkazdi.

Shunday aksiyalardan biri 2 iyun kuni Daryana Shagay haqida o‘tkazildi.

Xayriya: mitti ammo jur'atli Daryana shifo topishiga hissa qo‘shaylik

O‘shanda Daryaning bosh miyasida araxnoidal kista borligi, uni Janubiy Koreyada davolash mumkinligi, buning uchun moddiy yordam zarurligi haqida so‘z borgan edi. Ushbu xayriya aksiyasi e'lon qilinganidan qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi va xorijdagi vatandoshlarimiz, boshqa xayr-sahovatli insonlar ko‘magida zaruriy mablag‘ – 13 ming AQSh dollaridan ortiq pul yig‘ildi. Viza bilan bog‘liq ishlar ijobiy hal qilinganidan keyin Daryana Shagay onasi Yana bilan 15 iyun kuni J.Koreyaga yo‘l oldi. 

Bizga ma'lum qilishlaricha, Daryana J.Koreyada jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazgan. Uning onasi qizining hozirgi ahvoli haqida suratlarni bizga taqdim etdi hamda bunday ijobiy va quvonchli natijaga o‘zbekistonliklar bilan birga erishilganini alohida qayd etdi. Shu munosabat bilan Yana Daryaning davolanishiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shgan barcha vatandoshlar, xorijdagi insonlarga o‘z minnatdorchiligini izhor qilib, tashakkurlarini yetkazib qo‘yishni so‘radi.

Muborak Ramazon oyida ko‘p sonli xayriya aksiyalari qatorida Toshkent Chinoz tumanida dunyoga kelgan Umrinisoning yurak porogidan forig‘ bo‘lishiga doir aksiya ham o‘tkazilgan edi.

Xayriya: Umrinisoning mitti yuragi shifo topishida ko‘maklashaylik!

Bu safar ham xayr-sahovatli vatandoshlarimiz umid bilan cho‘zilgan qo‘llarni quruq qaytarmadi. “Imkoni borlar moddiy mablag‘ bilan yordamlashgan bo‘lsa, boshqalar duolarida yodga olishdi”, - deydi Umrinisoning otasi Bahrom. Ta'kidlash o‘rinliki, qisqa vaqt ichida Umriniso uchun Hindistonda tibbiy ko‘rikdan o‘tish va zarur bo‘lsa jarrohlik amaliyotini o‘tashiga zarur bo‘lgan mablag‘ yig‘ildi. Oila 1 iyul kuni Hindistonning Dehli shahriga yo‘l oldi.

KUN.UZ sayti vatandoshimiz Bahrom turmush o‘rtog‘i va qizalog‘i Umriniso bilan, Yana esa sho‘x qizchasi Darya bilan bag‘ri butun bo‘lib, dardlardan forig‘ bo‘lgan holda, batamom sog‘ayib vatanlariga qaytishlariga umid va ishonch bildirib qoladi. 

Mazkur xayriya aksiyalarida ishtirok etib, baholi qudrat hissa qo‘shgan barcha vatandoshlarimizni Alloh ikki dunyo saodatiga yetkazsin! Ikki dunyo g‘am ko‘rmang azizlar!

Mavzuga oid