Sport | 20:13 / 03.07.2018
3194
3 daqiqa o‘qiladi

Umid Ahmadjonov Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax bilan uchrashdi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov Shveytsariyaning Lozanna shahrida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari Tomas Bax bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda MOQ rasmiy sayti xabar bermoqda.

Foto: MOQ axborot xizmati

Unda tomonlar bir qancha masalalarni muhokama qilishdi. Umid Ahmadjonov uchrashuvda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tarkibida shu kungacha nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodan mutlaqo a'zo bo‘lmagani, shuning uchun XOQ Sessiyasida mintaqamizdan ham o‘z ovozi va saylash xuquqiga ega a'zoni tarkibga kiritish masalasini ko‘tardi. Tomas Bax esa o‘z navbatida XOQning 2019 yilgi umumiy yig‘ilishida Umid Ahmadjonov nomzodini Ijro Qo‘mitasi a'zoligiga taqdim etishga va'da berdi.

Foto: MOQ axborot xizmati

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladigan sport musobaqalari FIFA tasarrufidagi turnirlardek ko‘p emas. Tashkilot asosan yozgi va qishki Olimpiya o‘yinlari, o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazadi. Umid Ahmadjonov uchrashuv davomida Tomas Baxga XOQ shafeligi ostida kechadigan yangi musobaqalarni tashkil etish, bunday nufuzli musobaqaga Toshkent shahri mezbonlik qilishga tayyor ekanligi borasida taklif kiritdi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari bunga javoban, 2019 yilgi XOQning marketing masalalariga bag‘ishlangan yirik anjumanini Toshkentda o‘tkazish niyati borligini ma'lum qildi.

Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov o‘zbek sportida ro‘y berayotgan islohotlar, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sportga ko‘rsatilayotgan e'tibor, sportni ommaviylashtirish, rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berib o‘tdi va Respublikamizda Olimpiya harakatini yanada rivojlantirish, mamlakat sportida ro‘y berayotgan ulkan hajmdagi islohotlarni xayotga tadbiq etish masalasida janob Tomas Baxdan maslahatchi sifatida Toshkentga malakali va yetuk mutaxassisni yuborishni iltimos qildi. Yurtimizda sport taraqqiyotiga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e'tibordan to‘lqinlangan XOQ Prezidenti taklifni bajonidil qabul qilib, sohada katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassisni O‘zbekistonga yuborishini ta'kidlab o‘tdi.

Lozannaga tashrifi davomida Umid Ahmadjonov «Olimpiya birdamligi» dasturi rahbari Pere Miro, shuningdek, XOQning bir necha departament rahbarlari bilan ham uchrashdi va hamkorlikda yangi loyihalar, seminar-treninglar o‘tkazish masalasida kelishuvga erishdi.

Foto: MOQ axborot xizmati
Foto: MOQ axborot xizmati
Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid