Jamiyat | 11:59 / 04.07.2018
110898
2 daqiqa o‘qiladi

Aldangan o‘zbekistonliklar Rossiya yo‘llarida qolgan

Rossiyada muhojirlikda kun kechirgan o‘zbekistonlik yo‘lovchilar bir necha kundan buyon yo‘l chetida suv va ovqatsiz qolmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor boshqa yo‘lovchilar Kun.uz'ga ma'lum qilishdi.  

«Moskvadan 600 km uzoqlikdagi (taxminan Penza shahri yaqini) katta yo‘l yoqasida, suv va yeguliksiz qolishmoqda. Ularni yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan boshqa o‘zbeklar chuv tushirgani aytilmoqda. Bu ham yetmaganday, yo‘lto‘sarlik qilib, pullarini shilib, o‘zlarini tayoq bilan obdon savalashgan», - deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan yo‘lovchi. U jabrlanuvchilarni yo‘lda uchratgan. 

Voqealar tafsilotini jabrlanuvchilar ham tasdiqlashmoqda. Ularning ta'kidlashicha, haqiqatan yengil avtomobil va'da qilib, yo‘l haqi yig‘ib olingach, barcha majburan avtobusda ketishi aytilgan.

«Buning ustiga, qo‘shimcha pul talab qilindi. Bizni do‘pposlab, yana pulimizni shilib oldi. Bir necha marta O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga qo‘ng‘iroq qildik. Ular yordam berolmasligini aytishdi. Nima qilaylik? Bir necha sutkadan buyon shu yerdamiz-ku», - deydi jabrlanuvchilardan biri. 

Ma'lum qilinishicha, ularning aksariyati Rossiyada mehnat qilib, uyga qaytayotgan muhojirlar hisoblanadi. 100ga yaqin o‘zbekistonlik chorasiz Rossiyada qolishiga qaramay, hech ham umidsizlanmayapti. 

«Nasib qilsa, uyga eson-omon yetib olaylik. Prezidentimizning so‘zlarini eshityapmiz, bu gaplar jonga oro kiryapti. Uyga qaytib, dehqonchilik bilan shug‘ullanish niyatim bor», - deydi jabrlanuvchilardan biri Kun.uz'ga yo‘llangan video murojaatida.

Mavzuga oid