Jahon | 23:22 / 04.07.2018
33899
2 daqiqa o‘qiladi

Chitada o‘zbek va tojiklarni o‘ldirgan seriyali qotil umrbod ozodlikdan mahrum etildi

Rossiyaning Chita shahrida milliy adovat negizida bir qator qotilliklarni sodir etgan 45 yoshli Yevgeniy Krasnoyarov umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Baykalorti o‘lkasi prokuraturasi ma'lum qildi.

Tergovning aniqlashicha, Krasnoyarov 2006 yildan 2016 yilgacha 10 yil davomida 8 ta qotillik va 7 ta suiqasdni amalga oshirgan. Qurbonlar asosan o‘zbekistonlik va tojikistonlik migrantlar bo‘lgan.

Qotil 2006 yilda Chita-Xabarovsk va Chita-Zabaykalsk yo‘llari kesishmasi yaqinida mevalar sotayotgan ikki kishini to‘pponchadan otib o‘ldirgan. 2012 yilda u Molotov kokteyli yordamida tsiganlar oilasi yashagan uyga o‘t qo‘ygan hamda uyning egasi va uning 11 yoshli qizini to‘pponchadan otib o‘ldirgan. 

Krasnoyarov 2013 yil mayida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan qotillikni amalga oshirgan. U Peschanka posyolkasida 4 kishini – 2 nafar o‘zbekistonlik erkak va ular bilan birga bo‘lgan 2 rus ayolini o‘ldirgan.  

U keyingi hujumlarini 2013 va 2014 yillarda sodir etgan. Qotil to‘pponchadan meva sotuvchilarni yaralagan. Jabrdiydalar Tojikiston fuqarolari bo‘lgan. Ulardan biri keyinroq shifoxonada vafot etgan.

Krasnoyarov o‘shanda o‘zini “yaxshi ish qilmoqdaman”, deb hisoblagan. U xorijlik sotuvchilarni o‘ldirib, shaharni “giyohvandfurushlardan tozalayapman”, deb o‘ylagan. Biroq qurbonlarning giyohvandfurushlikka aloqadorliklari bo‘yicha uning taxminlari o‘z isbotini topmagan.

Qotil milliy adovat negizidagi qotilliklar bilan chegaralanib qolmagan va shaxsiy xusumat negizida bir nechta qotillik sodir etgan. 

Mahalliy OAV qotil 1990-yillarda bir nechta jinoiy to‘da a'zosi bo‘lgani haqida ma'lumot bergan.

Sud qotilga umrbod qamoq jazosidan tashqari, 50 ming rubl miqdorida jarima solgan va jabrlanuvchilarga 4,5 mln rubllik ma'naviy ziyonni to‘lab berish majburiyatini qo‘ygan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid