Malayziyaning sobiq bosh vaziri garov evaziga ozodlikka chiqarildi
Kecha, 3 iyul kuni hibsga olingan va Kuala-Lumpur sudi tomonidan ishonchni suiiste'mol qilishda ayblangan Malayziyaning sobiq bosh vaziri Najib Razzoq 1 million Malayziya ringgiti (247 ming dollar) miqdoridagi garov puli evaziga qamoqdan vaqtinchalik ozodlikka chiqarildi. U sudning barcha majlislariga shaxsan kelish majburiyatini olgan, deb xabar qildi The Star gazetasi.
Avvalroq sud tomonidan ayblov e'lon qilingach, sobiq bosh vazir Najib Razzoq o‘zining aybsiz ekanligini va buni sud jarayonida isbotlashini aytgandi.
Malayziyada rasmiy davlat amaldorining ishonchni suiiste'mol qilishi mansabini suiiste'mol qilish bilan bir xil baholanadi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Najib Razzoqqa nisbatan ayblovlar uning o‘zi tuzgan va rahbarlik qilgan 1MDB davlat investitsiya fondi atrofidagi korruptsion mojaro bilan bog‘liq. 1MDB fondidagi milliardlik o‘g‘irliklar bilan bog‘liq ish yuzasidan Najib Razzoqning hibsga olinishi bir necha haftadan buyon kutilayotgan edi.
1MDB fondidagi kamomadlarni sobiq bosh vazir rahbarligidagi Malayziyaning may oyida iste'foga chiqqan avvalgi hukumati bilan bog‘lashmoqda. 2011 yilda OAVdagi maqolalardan so‘ng 1MDBga nisbatan ochilgan surishtiruv ishlari Najib Razzoq hukumati davrida to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lib, 2018 yilgi saylovlarda g‘alaba qozonib bosh vazir lavozimini egallagan Mahatxir Muhammad boshchiligidagi oppozitsion koalitsiya hukumat tepasiga kelgach, qaytadan ochilgandi.
May oyi oxirida Najib Razzoq oilasiga tegishli uylar va xonadonlarda tintuv o‘tkazilgan bo‘lib, politsiyaning aytishicha, tintuv davomida turli valyutalarda 28,6 million dollar naqd pul, umumiy qiymati 109 million dollardan ortiq zargarlik buyumlari va charmdan tayyorlangan dizaynerlik mahsulotlari musodara qilingandi. Shuningdek, Najib Razzoqning hisob raqamiga davlat va xususiy korxonalar hisob raqamlari orqali 1MDB fondidan yirik miqdorda pul mablag‘lari o‘tkazilganligi aniqlangan.
Mavzuga oid
13:27 / 21.11.2024
O‘zbekiston fuqarolari Malayziyada qonuniy asosda ish bilan ta’minlanishi mumkin
12:01 / 21.11.2024
Malayziya universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshiriladi
10:10 / 29.10.2024
Malayziya O‘zbekiston davlat idoralariga quyosh panellarini o‘rnatishni boshlaydi
15:52 / 25.10.2024