O‘zbekiston | 16:49 / 04.07.2018
3576
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyat IIB innovatsion takliflar bo‘yicha tanlov e'lon qiladi

Foto: Shutterstock

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, xalq bilan ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida xuquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, ichki ishlar xodimlarida innovatsion g‘oyalar va zamonaviy texnologiyalar to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari, innovatsion ilmiy texnologiyalarini O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari faoliyati sohasida qo‘llash va tatbiq etish maqsadida joriy yilning 20 iyul kuniga qadar Respublikada ilk marotaba «Ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha eng samarali innovatsion taklif» ko‘rik-tanlovini e'lon qildi. Bu haqda Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma'lum qilmoqda.

Tanlovda yoshidan qat'i nazar, barcha fuqarolar (jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari ham) ishtirok etishlari mumkin.

Tanlovda qo‘yidagi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi:

  • «Huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishda aholini keng jalb etish va ular bilan ishlashga qaratilgan eng samarali taklif»
  • «Xavfsiz turizmni ta'minlash sohasi bo‘yicha eng yaxshi taklif»
  • «Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha eng yaxshi taklif»
  • «Ayollar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha eng yaxshi taklif»
  • «Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha eng yaxshi taklif»
  • «Ichki ishlar organlari faoliyatida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha eng yaxshi taklif»

Nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarini aniqlashda quyidagilarga e'tibor beriladi:

  • bildirilgan g‘oyalar bo‘yicha amaliyot Respublikada joriy etilmaganligi;
  • taklif etilgan innovatsion texnologiyalar ichki ishlar organlarida ilk bor qo‘llanilayotganligi;
  • takliflar amaliyotga joriy etilganidan so‘ng, ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshishiga sezilarli darajada ta'sir qilishi ehtimoli yuqori bo‘lishi;
  • taklif bo‘yicha ishlarni amalga oshirish mexanizmining to‘liq yoritilishi darajasi;
  • qilinadigan xarajatlar taklifning samaradorligiga mos bo‘lib, keskin farq qilmasligi va katta miqdordagi mablag‘ talab etmasligi;

G‘oliblar shaxsan Samarqand viloyati IIB boshlig‘i tomonidan qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari bilan taqdirlanishi belgilab qo‘yilgan.

Bunday tanlovni o‘tkazilishi yurtimizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning keskin kamayishi, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlanishida muhim o‘rin tutadi.

Tanlov bo‘yicha taklif va mulohazalarni quyidagi manzillarga yuborish mumkin:

E-mail: [email protected]

Facebook: https://facebook.com/samiib.uz/

Telegram: https://t.me/OmonovU

Telefonlar: 0 (366) 233-35-11, 0 (594) 241-96-44

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid