Light | 18:55 / 05.07.2018
43386
6 daqiqa o‘qiladi

Birinchi yordam ko‘rsatishdagi 5 xato

Shifokor ko‘rigiga qadar birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish — bu jabrlanuvchining hayoti va sog‘lig‘ini saqlash hamda tiklashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksi. Bunday birinchi yordam jabrlanuvchi o‘zini yomon his qila boshlaganida uning yonida bo‘lgan kishilar tomonidan ko‘rsatiladi. "Layfxaker" M.Sechenov nomli "MGMU" klinik markazining fojialar travmatologiyasi, ortopediya va jarrohligi kafedrasi mudiri Aleksey Lichagin bergan ma'lumotlarga asoslanib, shifokor kelguniga qadar ko‘rsatiladigan birinchi yordam haqidagi ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

1. Jgutni zarurat bo‘lsa-bo‘lmasa bog‘lash

Taom tayyorlash, qaychi bilan ishlash, tomorqa ishlari — jarohat olish uchun sabablar talaygina, biroq har qanday holatda ham jgut bog‘lashga shoshish kerak emas. Uni faqat arterial qon oqimi kuzatilgandagina bog‘lashadi. Bunda qon rangi alvon qizil rangda bo‘ladi. To‘q rangdagi qon venadan chiqayotgan bo‘ladi, bunda qonni bandaj bilan to‘xtatish kerak.

Foto: medportal.ru

2. Burundan qon ketganda boshni orqaga qilish

Burun haddan tashqari isish hamda me'yordan o‘tuvchi jismoniy faollik natijasida qonashi mumkin. Bunday holatlarda aslo boshni orqaga qila ko‘rmang. Jabrlanuvchini o‘tkazib, uning boshini biroz pastga qarating va yig‘ilib qolgan qonning oqishiga imkon bering. Shundan so‘ng burunning yuqori qismini 10 daqiqaga siqib turish kerak.

Foto: Getty Images

Agar bu yordam bermasa, burun teshigiga 15 daqiqaga doka yoki paxtali tampon joylash va burunning ustidan muz qo‘yish kerak. Agar bu usul ham yordam bermasa, yaqin oradagi tibbiyot muassasasiga yo‘l olish kerak bo‘ladi.

3. Termik yoki quyoshdan kuyishda qatiq surish

Ziyon yetgan teriga plyonka hosil qiluvchi moddalarni surmang. Qatiq, smetana, yog‘, tish pastasi, kartoshka va asal shular jumlasidandir. Kuyish holatlarida jabrlangan joyni ilk soniyalardanoq sovuq suvga qo‘yish kerak. Dorixonadan sotib olingan maxsus kuyish preparatini qo‘llash - eng maqbul yo‘l.

4. Suyak chiqib ketishini mustaqil to‘g‘irlashga urinish

Suyak chiqib ketishini zarur ko‘nikma va og‘riqsizlantirish muolajalarisiz to‘g‘irlashga harakat qilmang — bunday urinishlar faqat jarohatning yomonlashishiga va og‘riqning kuchayishiga olib keldi. Suyak chiqishini to‘g‘irlash uchun shifokorga murojaat qiling, bugunga kelib hatto eng og‘ir holatlarni ham "yopiq" og‘riqsiz operatsiya orqali tuzatilmoqda. 

Suyak chiqishi va sinishida tananing o‘sha qismini immobilizatsiya qilish, ya'ni shifokor kelgunga qadar jarohat yetgan joyning harakatsizligini ta'minlash kerak. Jabrlanuvchini shifoxonaga yetkazish kerak bo‘lsa, jarohat yetgan joyga qo‘l ostidagi vositalardan shina qilish mumkin. Jarohat yetgan joy harakatsiz holatda qolishi kerak.

Foto: Getty Images

Suyak chiqqan yo chiqmaganini qanday aniqlash mumkin? Buni tibbiy ma'lumotsiz ham aniqlash mumkin. Jarohat yetgan joyda bo‘g‘inlar deformatsiyasi kuzatiladi, chunki suyak chiqishi natijasida nafaqat tana qismining o‘lchamlari, balki shakli ham o‘zgaradi. Shu bilan birga, o‘sha joy shishadi. Jabrlanuvchi kuchli og‘riq sabab ham uni aniqlashi mumkin.

5. Issiqlik zarbi xavfini yetarlicha baholamaslik

Issiqlik (jumladan, quyosh) zarbi xavfiga ko‘pincha yetarlicha e'tibor berilmaydi. U eng yomon holatlarda hushni yo‘qotish va komaga olib kelishi mumkin.

Foto: Medic.ua

Issiqlik urishi belgilari:

  • chakka sohasida pulsatsiyani sezish;
  • terining, ayniqsa yuzning qizarishi;
  • puls chastotasining daqiqasiga 100 va undan ko‘p marta urishi;
  • uyqu kelishi;
  • bosh aylanishi;
  • ko‘ngil aynishi;
  • quloqlarda jarang turishi;
  • qayt qilish.

Issiqlik zarbi xavfiga duch kelgan bo‘lsangiz, imkon paydo bo‘lishi bilanoq quyoshli joyni tark etib, soya-salqin joyga o‘tish kerak. Jabrlanuvchi gorizontal holatda va oyoqlar ko‘tarilgan bo‘lishi lozim. Kiyimni yechish va imkon qadar tana bo‘ylab havo harakatini ta'minlash kerak. Shundan so‘ng teriga muzlatuvchi kompresslar qo‘yish, bemorga sovuq suv berish kerak. Og‘ir holatlarda issiq urishi natijasida bemorda bezgak, hushni yo‘qotish, gallyutsinatsiyalar kuzatilishi mumkin. Bunday belgilar bo‘lgan taqdirda zudlik bilan tez tibbiy yordamni chaqiring!

O‘zingiz jabrlangan bo‘lsangiz-chi?

O‘zidan o‘zi o‘tib ketishiga umid qilish - eng keng tarqalgan xato.

Jarohat olganda jarohat holati, umumiy holat, harakat qilish imkonini to‘g‘ri baholash muhim. Mustaqil harakatlanish imkoni bo‘lmagan taqdirda maxsus xizmatlar (FVV, tez tibbiy yordam) telefonlaridan foydalaning.

Atrofdagilardan yordam so‘rashga uyalmang!

 

Mavzuga oid