Sport | 18:00 / 06.07.2018
11609
7 daqiqa o‘qiladi

Final oldidan final. Belgiyaning «Oltin avlodi»da oxirgi imkon

Jahon chempionati. 1/4 final. 6 iyul. BRAZILIYa – BeLGIYa. 23.00 (Toshkent)

Juma oqshomida jahon chempionatining ikki asosiy favoriti Braziliya va Belgiya terma jamoalari yarim final yo‘llanmasi uchun o‘zaro kuch sinashadi. «Tribuna» ushbu qarama-qarshilikda terma jamoalarning imkoniyatlariga baho beradi.

Qaysi hujum chizig‘i kuchliroq?

Foto: Reuters

Romelu Lukaku, Eden Azar, Kevin De Bryuyne, Dris Mertens to‘rtligi Neymar, Gabriel Jyezus, Koutino va Villian to‘rtligiga qarshi. Bu to‘rtliklar jangi jahon chempionati finalini bezagan bo‘lardi. Turnirda bunday darajadagi yulduzlar qarama-qarshiligini boshqa uchratmaymiz.

Belgiya – turnirning eng sermahsul terma jamoasi bo‘lib turibdi. «Qizil iblislar» o‘tgan 4 o‘yinda ham g‘alaba qozonib, jami 12 gol urishdi. 4 o‘yinda ham g‘alaba qozonishni faqat Urugvay uddalagan, ammo janubiy amerikaliklar 5ta kam gol urishgan.

Belgiya terma jamoasi himoyachisi Vensan Kompanining hisoblashicha, «qizil iblislar» faqatgina futbolchilarning individual imkoniyatlariga ishonch bildirishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. «Biz kamikadzelar» emasmiz. Agar bir butun jamoa bo‘lib harakatlanmasak, bizda g‘alaba qozonish imkoni bo‘lmaydi», degan 32 yoshli futbolchi.

Braziliyaliklarning hujum to‘rtligi ancha vaqtdan buyon birgalikda, butun bir mexanizm bo‘lib harakat qilmoqda. Bu to‘rtlikda faqatgina Neymar o‘zining individual mahoratini namoyish etishga urinib, alohida ajralib qolishi mumkin. Ammo u oxirgi o‘yinlarda asosan jamoa o‘yini uchun qayg‘urdi.

Himoya masalasiga kelsak, Belgiya top-terma jamoalarga xos bo‘lmagan tarzda ko‘p gol o‘tkazib yubormoqda, Kurtua darvozasi oldida ko‘plab golli vaziyatlar yaratilishiga yo‘l qo‘yib berilmoqda. Rossiyadagi turnirda belgiyaliklar darvozasiga shu vaqtgacha 4 gol urib bo‘lishdi. Braziliya esa bu turnirda himoyada deyarli bexato harakat qilmoqda, Tite jamoasi turnirning himoyada eng kam qo‘pollik ishlatgan terma jamoasi bo‘lib turibdi, qolaversa bu jamoa darvozasi tomon eng kam zarba berilgan. Bir so‘z bilan aytganda, Braziliya himoyasi - metin devor. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, Tiago Silva va Miranda juftligi o‘tgan 4 o‘yinda jami bo‘lib 7 fol ishlatgan, belgiyalik himoyachilarda esa bu ko‘rsatkich 14 folga teng.

Tarkib emas, taktika birlamchi

Foto: Reuters

Aslida bunday turnirlarda murabbiylar o‘yinga ehtiyotkorlik bilan yondashadi va oldindagi o‘yinga qanday tarkib tushishini oshkor qilib qo‘ymaslikka tirishadi. Ammo Titega farqi yo‘q ko‘rinadi.

Ushbu murabbiy tarkib borasida hech narsani yashirmayapti. Uning uchun asosiysi o‘yin uchun strategiya. Uningcha tarkibni bilib olish, raqibga hech qanday ustunlik bermaydi.

Tite hech qachon terma jamoa o‘yinlarini jurnalistlar uchun yopib qo‘ymagan. «Korintianse»ning zafarli yillarida jurnalistlar hamisha qaysi o‘yinga qaysi tarkib tushishini oldindan bilishardi. Murabbiylar ularning ko‘z oldida 11 futbolchini ajratib olib, alohida shug‘ullantirishardi. 2017 yil martida terma jamoa mashg‘ulotlariga kirish biroz cheklandi, ammo tarkib haqidagi ma'lumotlarni oldindan bilish oson qolaverdi. Shunday hollar bo‘lardiki, Tite jurnalistlar tarkibni aniqlab olishi uchun ularga 15 daqiqaga ruxsat berardi.

Shunday ekan, bu terma jamoaning o‘yini tarkibga bog‘liq emas. Ekvadorga qarshi debyut o‘yinidan oldingi matbuot anjumanida Tite maydonga tushadigan 11 futbolchi nomini sanagan va qarsaklarga ko‘milgandi. Undan tarkibni nega buncha barvaqt oshkor qilganini so‘rashganida kim o‘ynashi muhim emasligi, taktik uslublar va alohida uchrashuv uchun ishlab chiqilgan strategiya barchasini hal etishini aytgandi. Masalan, u jurnalistlarga standart vaziyatlarda futbolchilar qanday harakatlanishi namoyish etilmagan.

Neymar mashg‘ulotlar vaqtida simulyatsiya qilishga tayyorlanmoqda
Foto: Sport Ekspress
Neymar mashg‘ulotlar vaqtida simulyatsiya qilishga tayyorlanmoqda
Foto: Sport Ekspress

Belgiya murabbiyi ham raqibning boshlang‘ich tarkibini bir kun oldin bildi, syurprizlar bo‘lmaydi.

Braziliya termasi boshlang‘ich tarkibi: Alison, Fagner, T. Silva, Miranda, Marselo, Fernandino, Paulino, Koutino, Villian, Neymar, Jyezus.

«Oltin avlod» uchun oxirgi imkon

Foto: Reuters

Belgiya futboli tarixidagi eng yaxshi avlod uchun bu jahon chempionligi uchun oxirgi imkon bo‘lishi mumkin. Bu tarkibda ko‘plab yuqori toifali futbolchilar jamlangan, bu tarkib oxirgi yillarda munosib futbol namoyish etib kelmoqda. Hozirda Belgiya termasi har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq birlashgan. Avvalgi mundiallarda tushlik va kechki ovqatlanish mahallarida futbolchilar ajralishi kuzatilardi - valloniyalik futbolchilar alohida, flandriyaliklar alohida o‘tirishardi. Ammo bu safargi jahon chempionatida ular bir tanu bir jon bo‘lishgan, ular flandriyacha yoki valloncha emas, bir tilda - ingliz tilida so‘zlashishmoqda. Ha, bugungi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda bo‘ladigan futbolchilarning aksar qismi APLda to‘p suradigan futbolchilar bo‘lishadi.

Belgiyaliklarda brazillarda 16 yil avvalgi jahon chempionatining nimchorak finalida qabul qilingan alamli mag‘lubiyat (0:2) uchun revansh olish imkoni mavjud. Bu haqda jamoa sardori Vensan Kompani ham eslatib o‘tdi: «Men o‘sha hakamni yaxshi eslayman (Yamaykalik Piter Prendergast). Agar Belgiyaning goli inobatga olinganida, natija butunlay boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Jamoamizda ishonch yuqori - biz bu Braziliyani yengish mumkinligini bilamiz».

Braziliya bilan o‘yin bu «oltin avlod»ning aslida nimaga munosibligini ko‘rsatib beradi. 

Foto: Photo News

4 yildan keyin, Qatardagi jahon chempionatida hozirgi avlodning aksar vakillari 30 yoshdan oshib ketgan bo‘ladi. Katta ehtimol bilan ular uchun Rossiya mundiali nimanidir isbotlash uchun oxirgi imkon...

BRAZILIYa – BeLGIYa
6 iyul. Qozon. «Kazan Arena» stadioni. 23.00 (Rossiya 1).
Hakamlar: MAJICh. Ristich, Jurjyevich (barchasi – Serbiya).
Diskvalifikatsiyalar: Kazemiro – yo‘q.

Mavzuga oid